O‘zbekiston | 21:38 / 11.03.2021
24976
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti tashrifi doirasida 22ta hujjat imzolandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ishtirokida ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida o‘tkazilgan muzokaralar yakunida, imzolangan hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari Qo‘shma bayonot qabul qildilar. Shuningdek, ikki mamlakat vazirliklari va hududlari rahbarlari imzolangan hujjatlar bilan almashdilar. Umuman, tashrif doirasida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qirg‘iziston sherikligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.

Qariyb 50 ta qo‘shma loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, O‘zbekiston-Qirg‘iziston Investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish, Qirg‘izistonda gidroenergetika obektlarini qurish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar shular jumlasidan.

Andijon va O‘sh, Namangan va Jalolobod, Farg‘ona va Botken, Norin viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Shuningdek, tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi hamda bojxona ishi, harbiy va harbiy-texnik hamkorlik, sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi, o‘simliklar karantini, ta'lim, fan va madaniyat sohalari bo‘yicha qator muhim hujjatlar imzolandi.

 

Mavzuga oid