O‘zbekiston | 22:04 / 12.03.2021
50180
7 daqiqa o‘qiladi

Japarovning O‘zbekistonga ilk tashrifi yakunlari. Ko‘plab kelishuvlar va chegara masalasi uchun uch oy muhlat

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat yetakchisi sifatida ish boshlagach, uchinchi davlat tashrifini O‘zbekistonga amalga oshirdi. Bungacha Japarov Qozog‘iston va Rossiyaga borgandi. Ushbu tashrif qanday kechdi va nimalarga erishildi?

Foto: Kun.uz

Kutib olish. Farq

Sadir Japarov O‘zbekistonga kelishdan avval Qozog‘iston va Rossiyaga bordi. O‘zbekistonda u shunchalik yaxshi kutib olindiki, tabiiyki, odamlar oldingi kutib olishlar bilan taqqoslay boshlashdi. Qirg‘iziston prezidentini kutib olish uchun aeroportga shaxsan hukumat rahbari, bosh vazir Abdulla Aripov chiqdi. Qozog‘istonda uni tashqi ishlar vaziri kutib olgandi. Rossiyada esa kutib olgan odam kim ekani ham aytilmadi va bu haqda turli xunuk mish-mishlar ham tarqalgandi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Japarovning Rossiya va O‘zbekistonda kutib olinishining yana bir jihatiga e'tibor qaratishdi. Prezident bo‘lgach, kortejlardan voz kechishini aytgan Japarovga Rossiya hukumati tomonidan uchta yengil mashina va qo‘riqchilar uchun bitta mikroavtobus ajratildi. O‘zbekistonda esa Japarov uchun yanada katta kortej ajratildi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Aslida bu e'tibor beradigan narsa emas, lekin odamlarning nazaridan chetda qoladigan holat ham emasdi.

Japarovning O‘zbekistonga tashrifining birinchi kunida rasmiy uchrashuvlardan keyin o‘ziga xos bayram o‘tkazildi. Unda qirg‘izcha qo‘shiqlar aytildi, qirg‘iz millatining an'analari yodga olindi, mamlakatda yashayotgan qirg‘iz millati vakillari Japarov bilan suhbatlashdi.

Tashrifning ikkinchi kunida O‘zbekiston Qirg‘izistonga beg‘araz yordam sifatida 20ta zamonaviy jihozlangan tez yordam mashinalarini sovg‘a qildi. Shuningdek, Japarovga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mashinalar, avtobuslar va turli xil texnikalar ko‘rsatildi. U O‘zbekiston prezidenti bilan birga Faxriy mehmonlar xiyoboniga ko‘chat o‘tkazdi va bu ikki millat o‘rtasidagi munosabatlar yanada yaxshilanishiga umid sifatida qaraldi.

O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan munosabatlari doim dolzarb bo‘lib kelgan. Chegaradosh bilan o‘rtada ko‘ngilsiz voqealar bo‘lgani ham yashiradigan narsa emas, shu sabab Qirg‘izistonga bo‘lgan iliq munosabat nafaqat davlat sifatida O‘zbekiston uchun, balki Qirg‘izistonda yashayotgan o‘zbeklar uchun ham katta ahamiyatga ega. Shu jihatdan qaraydigan bo‘lsak, Japarov kutib olinganda, uning tashrifi davomida ko‘rsatilgan yuksak mehmondo‘stlik olqishlashga munosib ish.

Qanday kelishuvlarga erishildi?

11 mart kuni Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov ishtirokida tor doirada va ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi keng doiradagi muzokaralar yakunlangach, imzolangan hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida ko‘p qirrali O‘zbekiston—Qirg‘iziston sherikligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22ta hujjat imzolandi.

Qariyb 50 ta qo‘shma loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, O‘zbekiston—Qirg‘iziston Investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish, Qirg‘izistonda gidroenergetika obektlarini qurish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar shular jumlasidan.

Andijon va O‘sh, Namangan va Jalolobod, Farg‘ona va Botken, Norin viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi hamda bojxona ishi, harbiy va harbiy-texnik hamkorlik, sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi, o‘simliklar karantini, ta'lim, fan va madaniyat sohalari bo‘yicha qator muhim hujjatlar imzolandi.

Yer masalasi

Qirg‘izistondagi internet nashrlar Japarovning O‘zbekistonga tashrifi doirasida asosiy masala chegara masalasi bo‘lishini kutayotgandi. Uchrashuvlarda bu masala ham muhokama qilindi. Ikki davlat o‘rtasida chegaradagi muammolar yaqin uch oy ichida hal qilinishi aytildi. Shavkat Mirziyoyev uchrashuvlar davomida tomonlar shunchaki gaplardan amaliy harakatlarga o‘tgani quvonarli holat ekanini ta'kidlab o‘tdi.

Davlat rahbari muzokaralar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini huquqiy rasmiylashtirishni tez fursatlarda yakunlash va o‘tish punktlarini to‘laqonli ishlashini ta'minlash bo‘yicha amaliy qadamlar belgilanganini ma'lum qildi.

«Chunki biz chegara bo‘yicha munosabatlarimiz tarixida birinchi marta juda qattiq va aniq kelishib oldik: kim qilishi kerak, qachon qilishlari kerak. Bu xalqlarimiz [yechimini] kutayotgan juda nozik muammo. Va biz Sadir Nurgojoyevich bilan har bir chegara masalasi bo‘yicha chegaralarni aniq tavsiflashga kelishib oldik: kim qiladi, qachon qiladi. Biz hattoki muddatlarini ham aniqlab oldik — uch oy ichida», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ayrim chegara hududidagi masalalar tez fursatlarda hal etilishi aytib o‘tildi.

«Odamlar [yechimini] kutayotgan ba'zi masalalarni biz yaqin kelajakda aniq hal etamiz. Byurokratiyasiz, fuqarolarimizga qulay va yaxshiroq bo‘lishi uchun jiddiy mas'uliyatni o‘z zimmamizga olishga qaror qildik», — deya ta'kidladi prezident.

Ayni damda chegaraning tortishuvli qismlarini hal qilish uchun bitta yo‘l borligi ayon bo‘ldi – har ikki tomon bir-biri bilan yer almashadi. Bu masalani avvalroq Qirg‘izistondagi rasmiylar ham aytishgandi.

Qo‘shni mamlakat tomonidan chegara masalalarida Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev rahbar hisoblanadi. Qirg‘iziston nashrlari Tashiyev O‘zbekistonga kelgan delegatsiya tarkibida yo‘qligiga e'tibor qaratishdi. Toshkentdagi uchrashuvlarda kutilganidek chegaralar masalasida hujjatlar imzolanmadi. Barchasi yaqin uch oy ichida hal bo‘lishi kutilmoqda va bu mamlakatlarni katta boshog‘riqdan qutqaradi. Albatta, chegara chizish ishlari parlament ishtirokida hal qilinadi. Bu jiddiy muammo chindan uch oy ichida hal bo‘lsa, bundan xursand bo‘lish kerak, chunki masala uzoq yillardan buyon hal bo‘lmay kelmoqda.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Japarovning tashrifidan shunday xulosaga kelish mumkin: O‘zbekiston qo‘shni mamlakatning juda murakkab holatda hukumat tepasiga kelgan yangi prezidentiga maksimal darajada hurmatini ko‘rsatdi. Bu bilan qaysidir ma'noda qo‘shni mamlakatga navbatdagi marta do‘stlik qo‘lini uzatdi. Munosabatlar ham shunga mos ravishda rivojlanishiga umid qilamiz.

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid