O‘zbekiston | 18:56 / 12.03.2021
16187
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Angela Merkel bilan videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 mart kunining ikkinchi yarmida Germaniya Federal kansleri Angela Merkel bilan videoanjuman shaklida muzokara o‘tkazdi.

«Bugungi kunda jahonning ilg‘or mamlakatlaridan biri bo‘lgan Germaniya sanoat va texnologiyalar borasida tan olingan peshqadam sifatida global iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Bundan tashqari, Germaniya pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surishda faol ishtirok etib, jahon mamlakatlariga, shu jumladan, O‘zbekistonga katta amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

Xususan, Germaniya ko‘magi bilan COVAX tashabbusi doirasida shu oyning oxirida mamlakatimizga koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi yirik partiyasi yetkazib beriladi. Bundan tashqari, Yevropaning yuqumli kasalliklarni o‘rganish sohasidagi nufuzi ilmiy-tadqiqot muassasasi – Robert Kox instituti bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilgan.

O‘zbekiston va Germaniya yetakchilarining bugungi uchrashuvi kun tartibidan jahonda murakkab epidemiologik vaziyat oqibatida inqirozli hodisalar kuchayishi sharoitida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari o‘rin oldi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston prezidenti va Germaniya kansleri ikki yil avval Berlin shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning birgalikda amalga oshirilayotgani ikki tomonlama munosabatlarning barqaror sur'atlar bilan rivojlanishini ta'minlayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etishgan.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda yangi demokratik yangilanishlar siyosatini og‘ishmay qo‘llab-quvvatlayotgani hamda yurtimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga moliyaviy-texnik jihatdan ko‘maklashish dasturini kengaytirayotgani uchun GFR hukumatiga minnatdorlik bildirdi.

Iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Germaniya O‘zbekistonning muhim texnologik va investitsiyaviy sherigi bo‘lib kelmoqda.

Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,5 barobar ko‘paydi, 50ga yaqin yangi qo‘shma korxona tashkil etildi. O‘zbekistonda Germaniyaning «MAN», «Claas», «Knauf», «Papenburg» kabi mashhur kompaniyalari faol ishlamoqda. «Volkswagen» va «Viessmann» kompaniyalari ilk bor yurtimiz bozoriga kirib kelgan bo‘lsa, uzoq tanaffusdan so‘ng «Siemens» va «Bosch» kompaniyalari qaytib keldi. O‘tgan yilda Germaniya kompaniyalari tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 700 million dollardan oshdi.

Uchrashuvda qo‘shma loyihalar, ishbilarmonlarning aloqalari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yetakchi nemis kompaniyalari va bank institutlarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga kelishib olindi.

Kooperatsiyaning yangi yo‘nalishlarini, eng avvalo, industrial klasterlar, raqamlashtirish va «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish, qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi loyihalarni ilgari surish maqsadida joriy yilning may oyida O‘zbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi uchrashuvini o‘tkazish rejalashtirildi.

Tomonlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi masalasida hamda Yevropa Ittifoqi bilan konstruktiv muloqot doirasida, shu jumladan, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashni tez fursatda yakunlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga ahdlashib oldilar.

Inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va gender tenglik kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash muhim ekani ta'kidlandi.

Gumanitar almashinuvlar sohasida O‘zbekistonda nemis tilining o‘rganilishini kengaytirish va bu borada tegishli davlat dasturini qabul qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston prezidenti va Germaniya kansleri xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda global va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashdi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi siyosati qo‘llab-quvvatlandi. Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga ko‘maklashish, shu maqsadda transport va energetika sohalarida mintaqaviy infratuzilma loyihalarini ilgari surish maqsadida ko‘rilayotgan sa'y-harakatlar yuksak baholandi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Angela Merkelni O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

«O‘zbekiston va Germaniya yetakchilarining uchrashuvi har doimgidek ochiq va konstruktiv muhitda, ishchan va do‘stona ruhda o‘tdi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid