O‘zbekiston | 13:26 / 12.03.2021
11086
2 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva: «Senatorlar qayerga qarayapti? Nahotki, muammolarni ko‘tarib chiqish qiyin?»

Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida parlament yuqori palatasi raisi Tanzila Norboyeva joylardagi deputat va senatorlarning faoliyati yuzasidan munosabat bildirdi.

Foto: Oliy Majlis Senatining axborot xizmati

Uning so‘zlariga ko‘ra, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bugungi kundagi eng dolzarb vazifalardan biri.

«Biroq, bu masalaga hamma ham mas'uliyat bilan qaramayapti. Prezidentimizning yaqinda Farg‘ona va Namangan viloyatlariga tashriflari davomida hududlarda to‘planib qolgan muammolarni, mahallalardagi holatni ko‘rdik. Aholi o‘z noroziligini yashirmayapti. Albatta, tashriflar davomida markaziy va hududiy ijro organlari faoliyatiga tegishli baho berildi. Muammolarni hal qilish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.

Ammo savol tug‘iladi, hududlardagi bunday muammolarni nahotki joylardagi xalq vakillari – deputatlar va senatorlar ko‘rmayapti? Axir, ular ham o‘sha hududda, o‘sha mahallada yashaydilar. Odamlar ularga ishonch bildirib qo‘yibdi. Qonun vakolat, davlat minbar berib qo‘yibdi. Qani jonkuyarlik, qani faollik?!

Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlarga biriktirilgan. Ular qayerga qarayapti? Nahotki, hududdagi hamkasblar, faollar bilan doimiy muloqot o‘rnatib, muammolarni ko‘tarib chiqish qiyin. 

Toki, hududlardagi muammolarni hal qilish kundalik ishimizga aylanmas ekan, odamlarning e'tirozlari ko‘payaveradi. Shu bois, har birimiz hududlardagi muammolarni muntazam o‘rganib borishimiz va ularni hal qilish bo‘yicha aniq taklif va tashabbuslar bildirishimiz shart. Mazkur yo‘nalishda bir kun ham zoye ketishi mumkin emas. Senat qo‘mitalari nazorat tadbirlari, eshituvlar va sayyor qabullar o‘tkazishni yanada faollashtirishi zarur.

Biz bu borada tegishli ijro hokimiyati organlari, jumladan, hudud rahbarlarini yanada mas'uliyatli bo‘lishga, mahalliy Kengashlar va jamoat tuzilmalarini yanada faol bo‘lishga, OAV, xususan, jurnalist, blogerlarni hamkorlikka chaqirib qolamiz», deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Senat axborot xizmati.

Mavzuga oid