AstraZeneca vaksina olgandan keyin tromboz hosil bo‘lishiga «isbot yo‘q»ligini ma'lum qildi
AstraZeneca vaksinasining dunyo bo‘ylab qo‘llanishi kutilmaganda boshqa tarafga burilib ketdi. Bir necha davlatlar vaksina qon tomirlarda tromboz (tomirlarda qonning ivib qolish jarayoni) hosil bo‘lishini bildirib, preparatdan foydalanishni to‘xtatib qo‘ydi, biroq hozircha buni tasdiqlovchi dalil-isbotlar keltirilganicha yo‘q.
AstraZeneca o‘z vaksinasini jon-jahdi bilan himoya qilishga kirishdi va juma kuni “tomirlarda tromboz paydo bo‘lish riski” haqidagi iddaolar asosli emasligi, Yevropa va Buyuk Britaniya tibbiyot regulyatorlari vaksina va trombozlar o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qligi va emlash kampaniyasi davom etishi kerakligini aytdi.
Daniya, Norvegiya va Islandiya kabi Yevropa davlatlari payshanba kuni vaksinadan foydalanishni to‘xtatdi, Tailand bosh vaziri Prayut Chan-o-cha juma kuni AstraZeneca vaksinasini olish rejalarini o‘zgartirganini aytib, emlash kampaniyasini kechiktirganini ma'lum qildi. “Reklama qilingan narsani yugurib borib olishimiz shart emas”, deydi mamlakat vaksinatsiya qo‘mitasi a'zosi Piyasakol Sakolsatayadorn.
Juma kuni Bolgariya xavfsizlik uchun tekshirishga berib, AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni to‘xtatib turgan so‘nggi davlat bo‘ldi. “Bosh vazir Boyko Borisov Yevropa dori vositalari agentligi vaksina xavfsizligi borasidagi “barcha shubhalarni bartaraf etmaguncha” AstraZeneca’ning koronavirusga qarshi vaksinasini qo‘llashni to‘xtatib turishga buyurdi”, deyiladi hukumat bayonotida.
Daniya vaksina qon tomirlarda tromboz hosil qilishi haqidagi gap-so‘zlar va bir o‘lim holati tufayli preparatdan ehtiyot yuzasidan foydalanmay turish va mas'ullar tekshiruv olib borishlarini kutib, 14 kunlik tanaffus olish haqidagi qarorga keldi.
Keyin navbat Norvegiya va Islandiyaga. Norvegiya Jamoat sog‘liqni saqlash instituti bayonotiga ko‘ra, mamlakatda AstraZeneca vaksinasini olgach, tomirlarda tromboz paydo bo‘lish holatlari uchragan, lekin “bu asosan boshqa kasalliklari bor qariyalarda kuzatilgan”.
Avstriya va Italiya kabi davlatlar vaksinaning muayyan partiyalaridan foydalanishdan voz kechdi.
Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Meksika va Nigeriya kabi davlatlar emlashda davom etib, fuqarolarini uning xavfsiz ekaniga ishontirmoqda.
Sog‘liqni saqlash tashkilotlari emlashni davom ettirishni aytmoqda
Yevropa dori vositalari agentligi (EMA) payshanba kuni AstraZeneca vaksinasidan voz kechishni tavsiya qilmaganini bildirib, preparatni qabul qilganlar qon tomirlarida tromboz paydo bo‘layotganiga dalil yo‘qligini ma'lum qildi. Agentlik davlatlarga tekshiruvlar davom etayotgan paytda ham emlashni to‘xtatmaslikka chaqirdi.
“Vaksinaning foydasi uning risklaridan ko‘proq va preparatdan tromboembolik hodisalar tekshirilayotgan paytda ham foydalanishda davom etish mumkin”, deyiladi agentlik bayonotida.
Buyuk Britaniyaning dorilar regulyatori - Dori vositalarini nazorat qilish agentligi (MHRA) ham payshanba kuni jamoatchilikni vaksina haligacha xavfsiz ekani va odamlar koronavirus vaksinasini olishi mumkinligini ma'lum qildi.
Bu epizod siyosiy o‘yinlar, kechiktirib yetkazib berish va boshqa muammolarga o‘ralashib qolgan farmgigant uchun dard ustiga chipqon bo‘ldi.
Biroq, deyarli butun Yevropada xotirjamlik hukmron. “Har bir jiddiy nojo‘ya ta'sirdan keyin tizimli ravishda tekshiruv olib boriladi. Lekin biz nima haqida gaplashyapmiz? Yevropada 5 million emlanganlar orasidan 30 kishi haqida”, deydi Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Olive Vera.
11 million doza vaksinani qilib bo‘lgan Buyuk Britaniya Dori vositalarini nazorat qilish agentligi (MHRA) “tomirlardagi tromboz tabiiy ravishda paydo bo‘lishi mumkin va bu g‘ayritabiiy emas”, deb aytgan.
Germaniya oqshomida emlash rejalarini amalga oshirishda davom etishini tasdiqladi. “Yevropaning aksar davlatlari qatorida biz ham AstraZeneca bilan emlashda davom etmoqchimiz”, deb bayonot bergan Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Yyens Shpan.
Tromboz paydo bo‘lishiga isbot yo‘q
AstraZeneca’ning juma kungi tahlillariga ko‘ra, nafaqat vaksina olganlarda “yuqori riskka dalil yo‘q”, balki aholining umumiy sonida ham kamroq raqam ko‘rsatilyapti.
“10 millionlik yozuvlar bo‘yicha xavfsizlik tahlillarida hech qanday yosh toifasi, jins, vaksina partiyasi, shuningdek, hech qaysi davlatda o‘pka embolizmi yoki qon-tomir tromb hosil bo‘lishi yuqori riski borligiga isbot chiqmadi”, deyiladi kompaniya bayonotida.
“Aslida, bunday voqealar kuzatilgan holatlar soni emlanishi kerak bo‘lgan aholi soniga nisbatan ancha kam”, deb qo‘shimcha qilingan bayonotda.
Daniya sog‘liqni saqlash mas'ullari vaksinadan foydalanish bo‘yicha ikki haftalik tanaffusni ehtiyot chorasi deb atab, odamlarga “vaksina xavfsiz va samarador ekani”, lekin tromboz hosil bo‘lishini tekshirishda “ildamroq harakat qilish” niyati borligini aytgan.
Ispaniya tekshiruv tugamaguncha 55-65 yoshdagilarga vaksina qilmay turishga qaror qilgan bo‘lsa, Niderlandiya sog‘liqni saqlash vaziri Ugo de Yong payshanba kuni “xavotirga o‘rin yo‘q”ligi va AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni to‘xtatishga sabab yo‘qligini aytgan.
Shu hafta boshida Yevropaning bir qator davlatlari Avstriyada 49 yashar ayol ko‘plab tromblar bilan vafot etganidan so‘ng, AstraZeneca’ning muayyan partiyasidan chiqqan vaksinadan foydalanishni to‘xtatdi. Chorshanba kuni Yevropa Dori vositalari agentligi (EMA) emlash tromboz paydo bo‘lishi yoki o‘limga sabab bo‘lgani borasida isbot yo‘q ekanini aytgan.
Payshanba kuni Italiya Dori-darmon agentligi (AIFA) AstraZeneca’ning yana bir vaksina partiyasini qo‘llashni taqiqladi. Agentlikning aytishicha, bu vaksina muayyan partiyasining “ba'zi jiddiy nojo‘ya ta'sirlar”i ro‘y bergach qilindi. Bayonotda qanday nojo‘ya ta'sirlar haqida gap ketayotgani aytilmagan va nojo‘ya ta'sirlar hamda vaksina o‘rtasida bog‘liqlik bor ekani haqida lom-mim deyilmagan.
COVAX dasturi orqali millionlab vaksina olgan Nigeriya payshanba kuni vaksinani himoya qilib chiqdi hamda preparat “xavfsiz va samarali” ekanini aytib, uning klinik ta'sirlaridan qoniqqanini ma'lum qildi. Shuningdek, mamlakat o‘z fuqarolarini emlash kampaniyasida ishtirok etishni davom ettirishga chaqirgan.
Real-world data bo‘yicha ham ushbu vaksina koronavirusdan kasallanib kasalxonaga tushishlar sonini sezilarli ravishda kamaytirgani qayd etilgan.
Preparatning bir dozasi 80 yoshdan ulug‘larning kasalxonaga tushishi riskini 80 foizga kamaytiradi, deyiladi Angliya Jamoat sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida. Vaksina ikki dozada qilinishi kerak. Dozalar orasidagi muddatni davlatlarning o‘zi hal qiladi.
Vaksina xavfsizligi haqidagi xavotirlar AstraZeneca’ning Yevropa ittifoqi bilan preparatni yetkazib berish bo‘yicha munozara qilayotgan noqulay paytga to‘g‘ri kelib qoldi. Payshanba kuni, vaksinadan foydalanishni to‘xtatib turish qaroridan keyin, Daniya kelishilgandan 900 000 kamroq dozada vaksina oladi.
“Fakt shuki, AstraZeneca’ning Yevropa ittifoqi va Daniyaga yetkazib beriladigan vaksinalar sonini kamaytirishi qoniqarsiz va jiddiy qaror”, degan Statens Serum instituti direktori o‘rinbosari Ole Yyensen.
Juma kuni Polsha rasmiylari ham AstraZeneca yetkazib beriladigan vaksina adadini kamaytirishini aytishgandi.
Mavzuga oid
20:40 / 06.11.2024
AstraZeneca aksiyalari qiymati Xitoydagi tergovlar fonida tushib ketdi
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
20:25 / 23.10.2024
Britaniyada norovirusga qarshi dunyodagi birinchi vaksinani sinovdan o‘tkazish boshlandi
21:15 / 13.09.2024