O‘zbekiston | 00:47 / 13.03.2021
20628
7 daqiqa o‘qiladi

«Axborot xalqni yuksaklikka yetaklaydi» - Ruslanbek Davletov axborot tarqalishidagi muammolar haqida

Adliya vaziri o‘rta asrlarda kitob chop etish dastgohi ixtiro qilingach, ayrim davlatlar axborot tarqalishi tezlashib ketishidan qo‘rqib, cheklovlar qo‘ygani, natijada rivojlanishda ortda qolganini esga oldi.

Foto: Senat axborot xizmati

Oliy Majlis Senatining 13-yalpi majlisida adliya vaziri Ruslanbek Davletov 2020 yildagi huquqiy targ‘ibot ishlari haqida axborot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Vazir o‘z nutqida odamlarning huquqiy ongini o‘stiruvchi birinchi omil axborot ekaniga urg‘u berdi.

«Axborot har doim xalqni yuksaklikka yetaklaydi, ilm yoyilishiga turtki bo‘ladi», – ta'kidladi Davletov.

U axborotning arzonligi, tezkorligi va mazmun-mohiyati ayniqsa muhimligini qayd etdi.

«Tarixdan olsak, mana, XV asrda bosma dastgohning kashf etilishi Yevropada bilim, ma'rifat tarqalishiga juda katta ta'sir qilgan. Bungacha hamma narsa qo‘lyozma bo‘lgan, bilim tarqatish juda qiyin bo‘lgan, kitoblar chop etilmagan.

XV asrda Germaniyada bosma dastgoh ishlab chiqilishi Yevropada ma'rifat yoyilishiga olib kelgan. Hattoki o‘sha davrda ham ko‘p davlatlar bu ixtiroga qarshi bo‘ldi. Ular axborot olish juda yengillashib ketdi, axborot jamiyatimizga kirib ketdi, deya bu dastgohga cheklovlar ham qo‘ydi.

Masalan, Usmoniylar kerak bo‘lsa XIX asrgacha chop etish dastgohining o‘z hududiga olib kirilishiga ham yo‘l qo‘ymagan. Bu esa o‘sha davlatlarning rivojlanishiga ta'sir qilgan», – dedi Ruslanbek Davletov.

Adliya vaziri yuqoridagi fikrlarini O‘zbekistondagi hozirgi holatga qiyosan tushuntirdi.

«Hozir o‘zimizdagi holat xuddi shunaqa. Birinchi yo‘nalish – internet.

Internet O‘zbekistonda qimmat. Internet arzonligi bo‘yicha Hindiston birinchi o‘rinda – 1 GB internet 9 sent. Uchinchi o‘rinda Qirg‘iziston – 2 ming so‘m. Qozog‘iston esa 1 GB internet 6 ming so‘m ekani bilan dunyo bo‘yicha oltinchi o‘rinda turibdi. Biz esa 16 ming so‘m narx bilan 54-o‘rinda turibmiz.

Yoki internet tezligi bo‘yicha ham xuddi shunday, 128-o‘rindamiz. Bizda 100 MB videorolikni yuklab olish uchun 10 daqiqa vaqt ketyapti. Ya'ni bu jarayonda O‘zbekistonda axborot tarqalishi o‘z-o‘zidan sekinlashyapti. Bu degani biz xohlayotgan ma'lumot yetarli darajada odamlarga yetib bormayapti.

O‘zbekistonda aholining internet qamrovi 51 foiz va bu juda kam. Butun dunyo misolida oladigan bo‘lsak, 51 foiz internet degani XXI asrda bu juda uyatli holat. Qozog‘istonda aholining internet bilan qamrov darajasi 80 foiz», – dedi u.

Davletov o‘z nutqida ikkinchi yo‘nalish sifatida televideniye, radio va elektron OAV yetarlicha rivojlanmaganiga e'tibor qaratdi.

«Televideniye va radio baribir yaqin kelajakda eng katta axborot tarqatuvchi resurs maqomini saqlab qoladi. Bu bo‘yicha ham bizning muammolarimiz bor. Chunki 34 mln aholiga 19 ta markaziy telekanal va 14 ta radiokanal mavjud bo‘lib, ularning 25 foizigina axborot yetkazish bilan shug‘ullanadi. Qolganlarida esa ko‘ngilochar mavzular va hokazo.

Boshqa davlatlarga qarasak, AQShda 8 mingdan ortiq telekanal bor. Rossiyada 3 300 ta, Buyuk Britaniyada 1 000 dan ortiq, Qozog‘istonda 100 ga yaqin, Ukrainada 600 dan ko‘proq telekanal bor. Shunday ekan, albatta, katta bozor, axborot muhitida axborot qovurilib-qovurilib, raqobat natijasida to‘g‘ri va kerakli ma'lumotlar aholiga yetib boryapti. Bu esa ularning ongiga, bilimiga ta'sir qilyapti.

Internet OAVlari bo‘yicha bizda juda yaxshi jarayon yuz beryapti. Internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlar oxirgi to‘rt yilda ikki barobarga oshgan. Hozir 630 ta nashrimiz bor. Bu yaxshi, lekin dunyo tendensiyalariga qaraganda juda past.

Masalan, Rossiyada 19 ming, Ukrainada 12 mingdan ortiq internet nashrlari bor. Yoki aholisi bizdan ikki barobar kam Qozog‘istonda 700ta internet nashrlari bor. Ya'ni bizning axborot tarqatish nuqtayi nazaridan qiladigan ishlarimiz hali juda ko‘p», – dedi adliya rahbari.

Vazir aholining huquqiy savodxonligini oshirishdagi uchinchi muhim omil sifatida bosma OAV va kitoblarni ta'kidladi.

«2016–2019 yillar oralig‘ida respublikamizda chop etilgan kitob va broshyuralar birligi 600 taga, tiraji esa 7 mln nusxaga kamaygan. Gazeta va jurnallarning yillik tiraji shu muddatda qariyb 2 baravarga qisqargan.

Juda achinarli holat. Ya'ni bosma adabiyotlar chiqarish bozori kichrayyapti, investitsion jozibadorlik pasayyapti, axborot almashishi sekinlashyapti. Bu degani bozorni yo‘qotyapmiz.

2019–2021 yillar orasida mamlakatimizda birorta yangi nodavlat nashriyoti ochilmagan. 5 ta davlat nashriyoti faoliyati tugatilgan va yana 14 ta nashriyot faoliyatini tugatish rejalashtirilyapti.

Bosma adabiyotlar o‘rnini internet, audiokitoblar egallayapti, lekin bizda hali bu borada ham qilinadigan ishlar juda ko‘p.

Albatta, hukumat bu masalani o‘z holiga tashlab qo‘ymagan: mana yaqinda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha 5 yillik milliy dastur tasdiqlangan. Ijro masalasi, albatta, katta jumboq va oldimizda turgan vazifa», – dedi u.

Ruslanbek Davletov mamlakatda axborot tarqalishiga nisbatan yondashuvni o‘zgartirishga chaqirdi.

«Biz agar axborot tarqatishni yangicha yondashuv asosida qilmasak, bu jarayonlar aholining huquqiy ongiga ham ta'sir qiladi, teskari effekt beradi.

Iste'mol savatchasi haqida aytilyapti. Bu yerda ham biz iste'mol savatchasida axborotga bo‘lgan ehtiyojni e'tiborga olishimiz kerak. Ko‘p davlatlarda iste'mol savatchasi ichida axborot olish xarajatlari ham e'tiborga olingan. Shunga qarab intilishimiz kerak», – dedi O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

Mavzuga oid