Toshkent viloyatida 1 mlrd so‘mlik giyohvand va psixotrop dori vositalari noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan «Zarbdor oylik» doirasida tezkor xodimlar taxminiy narxi 1 mlrd so‘mlik giyohvand va psixotrop dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi. Bu haqda IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.
2021 yil 3 mart kuni Toshkent tumani IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida, Toshkent tumani “Bunyodkor” MFYda yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan M.K. va uning sherigi, 1988 yilda tug‘ilgan L.A. nazoratdagi arizachiga 15ta konvalutadagi jami 150 dona “Tramadol” tabletkalarini 300 ming so‘mga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Ushlangan shaxslar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida, dorilar “Ma'murxon” ismli shaxsdan olingani aniqlandi va tadbir davom ettirildi. Toshkent tumanida yashovchi M.Z. ham 43ta konvalutadagi jami 430 dona “Tramadol” va 33 dona “Tropikomid” tabletkalarini shartli xaridorga sotayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olindi.
Mazkur dori vositasi asosiy manbasini aniqlash va jinoyatga butunlay chek qo‘yish maqsadida tezkor tadbir davom ettirilgan. Olingan ma'lumotga asosan, Toshkent tumani “Oltintepa” MFYda yashovchi, 1894 yilda tug‘ilgan A.J.ning yashash xonadoni belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Ko‘zdan kechirish davomida 5 789 dona “Tramadol” va 8 640 dona “Selofen” kuchli ta'sir qiluvchi psixotrop dori vositalari saqlayotgani aniqlanib, daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan.
Toshkent tumani IIB tezkor xodimlar tomonidan o‘tkazilgan tadbir natijasida, taxminiy bozor narxi 1 mlrd so‘mga teng bo‘lgan jami 6 239 dona “Tramadol” dori vositasi va 8 640 dona “Selofen” hamda 33 dona “Tropikomid” kuchli ta'sir qiluvchi psixotrop dorilar daliliy ashyo sifatida olinib, besh nafar shaxs ushlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, yuqorida qayd etilgan shaxslar protsessual tartibida ushlangan.