Qirg‘iziston So‘x yo‘lini ochishga, O‘zbekiston esa Ungartepani berishga tayyor - Galina Bayterek
Qirg‘iziston So‘x tumani bilan aviaaloqani ochishga, o‘z navbatida O‘zbekiston nizoli hudud – Ungartepaga bo‘lgan da'vosidan voz kechishga tayyor, deb bayonot berdi Qirg‘iziston prezidentining matbuot kotibi.
Qirg‘iziston prezidentining matbuot kotibi Galina Bayterek prezident Sadir Japarovning Toshkentga tashrifi yakunlari yuzasidan bayonot berdi.
Qirg‘iziston prezidentining rasmiy saytida e'lon qilingan bayonotda bir nechta masalalar qatori davlat chegaralari yuzasidan ham to‘xtalib o‘tilgan.
«Tomonlar davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini kelgusi uch oy ichida yakunlash kerak degan fikrga keldilar. Davlat chegaralarining huquqiy rasmiylashtiruvi chegaraoldi hududlaridagi barqarorlikni mustahkamlaydi, ikki tomonlama aloqalar rivojiga yangi turtki beradi», – dedi Bayterek.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tez orada ikki davlat o‘rtasidagi 7 ta nazorat-o‘tkazish punkti faoliyati tiklanadi: «O‘zbekiston tomoni yuk tashish masalasini hal qilishga va zarurat bo‘lganda, [bu NO‘Plarni] hujjatlarni skanerlash uchun maxsus texnikalar bilan ta'minlashga va'da berdi».
«Qirg‘iziston tomoni o‘zbek anklavi So‘x bilan aviaaloqani ochishga tayyor. O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni hozirgi vaqtga qadar chegaraoldi hududlar aholisi o‘rtasida ziddiyatlarga sabab bo‘lgan nizoli hudud – Ungartepaga ortiq da'vo qilmaslikka tayyor», – deyiladi Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibining rasmiy bayonotida.
Bayonot e'lon qilingach, ma'lum vaqt o‘tib o‘chirildi va ayrim o‘zgarishlar bilan qayta e'lon qilindi. Rasmiy axborotning dastlab e'lon qilingan talqinida yuqoridagi xatboshi quyidagicha mazmunda edi:
«Qirg‘iziston tomoni o‘zbek anklavi So‘x bilan transport va aviaaloqani ochishga tayyor. Anklav aholisi davlat chegarasi orqali erkin harakatlanishi mumkin bo‘ladi. O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni hozirgi vaqtga qadar chegaraoldi hududlar aholisi o‘rtasida ziddiyatlar va siyosiy taranglikka sabab bo‘lib kelgan Ungartepani berishga tayyor».
Galina Bayterekning qayd etishicha, chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha boshqa bahsli masalalarni qo‘shma komissiya hal etadi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi muzokaralardan so‘ng ikki davlat rahbarlari jurnalistlar bilan uchrashgan va unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev chegara masalalari bo‘yicha 3 oyda bir to‘xtamga kelinishini aytgandi.
«Biz chegara bo‘yicha munosabatlarimiz tarixida birinchi marta juda qattiq va aniq kelishib oldik: kim qilishi kerak, qachon qilishlari kerak. Bu xalqlarimiz [yechimini] kutayotgan juda nozik muammo. Va biz Sadir Nurgojoyevich bilan har bir chegara masalasi bo‘yicha chegaralarni aniq tavsiflashga kelishib oldik: kim qiladi, qachon qiladi. Biz hattoki muddatlarini ham aniqlab oldik – uch oy ichida», – degandi Mirziyoyev.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan umumiy chegarasini 1476,12 km deb hisoblaydi. 2019 yilda Qirg‘iziston bilan chegaralarni belgilash bo‘yicha taxminan 60 kilometrga yaqin masofani o‘z ichiga olgan 7 ta uchastka qolgani aytilgandi.
- 2016 yil avgust oyi o‘rtalarida Jalolobod viloyatidagi O‘rtato‘qay (Kosonsoy) suv ombori yaqinida O‘zbekiston ichki ishlar xodimi qo‘lga olingan. Bunga javoban O‘zbekiston huquq-tartibot xodimlari nizoli hududga vertolyotda kirib borib, u yerdagi radiorele stansiyasining qirg‘izistonlik to‘rt ishchisini olib ketgan.
- Toshkent o‘zbek militsionerini qo‘yib yuborishni va suv ombori yaqinidagi postlarni olib tashlashni talab qilgan. Qirg‘izlar O‘zbekiston militsiyasi xodimini jarimaga tortib, 23 avgustda qo‘yib yuborgan, shuningdek, Ungartepaga qo‘shimcha harbiy kuch joylashtirgan. Chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblangan Qirg‘iziston fuqarolari esa 9 sentyabrda ozod etilgan.
Mavzuga oid
18:02 / 23.12.2024
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
17:37 / 20.12.2024