Rossiya, Turkiya va Qatarning Suriyaga oid yangi mexanizmi: Eron nega safdan chiqarilyapti?
2017 yil boshida Eron bilan birga Astanada maslahatlashuv o‘tkazgan Rossiya va Turkiya kutilmaganda Qatarni o‘z yoniga olib, Suriya masalasida yangi uch tomonlama mexanizmni yaratdi.
Rossiya, Turkiya va Qatar tashqi ishlar vazirlari ishtirokida e'lon qilingan yangi jarayon ham Suriyaning siyosiy va hududiy yaxlitligini himoya qilishga, siyosiy barqarorlikni eng qisqa vaqt ichida ta'minlashga qaratilgan.
Nur-Sultondagi maslahatlashuvning so‘nggi yig‘ilishi aniq natija bermagan, Rossiya va Turkiyaning Eron bilan ziddiyatlari kuchayib ketgan bir paytda Dohada o‘tkazilgan ushbu uchrashuv diqqatga molik voqea sifatida e'tirof etilmoqda.
Garchi bu Eron safdan butunlay chiqarib yuborilishini anglatmasa-da, mazkur qadam arab dunyosining Suriya masalasini qayta ko‘rib chiqishidan va siyosiy jarayonga «ha» deb javob berish evaziga Damashq ma'muriyatining Arab Ligasiga yana qaytishi mumkinligidan darak bermoqda.
Rossiya, Turkiya va Qatar tashqi ishlar vazirlari Mavlud Chovusho‘g‘li, Sergey Lavrov va Muhammad bin Abdurahmon ol Soniy 11 mart kuni Dohada bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng bergan bayonotlarida Suriya muammosini siyosiy yo‘llar bilan hal qilish va Suriya xalqiga gumanitar yordam yetkazib berish maqsadida yangi mexanizm yaratganliklarini e'lon qilishdi.
«Bugun biz yangi uch tomonlama maslahatlashuv jarayonini boshlaymiz», dedi Chovusho‘g‘li maqsad Suriya muammosiga uzil-kesil siyosiy yechim topish ekanini ta'kidlar ekan.
Uch davlatning Suriya bilan bog‘liq diplomatlari doimiy aloqada bo‘lishi va tashqi ishlar vazirlari ham vaqti-vaqti bilan uchrashib turishini ta'kidlagan Chovusho‘g‘li keyingi uchrashuv Nur-Sultonda, undan keyin esa Moskvada o‘tkazilishini ma'lum qildi.
Qatar tashqi ishlar vaziri yangi mexanizmning ikki maqsadi – Suriya masalasiga doimiy siyosiy yechim topish va hech bir mintaqani chetlashtirmagan holda uzluksiz gumanitar yordam berish ekanini ta'kidladi.
Ol Soniy ushbu uch tomonlama maslahatlashuv jarayoni Astana maslahatlashuvlariga raqib emasligi va Suriya muammosini hal qilishga urinayotgan platformalardan biri bo‘lishini aytdi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri ham Turkiya, Qatar va Rossiya diplomatlar darajasida qariyb bir yil davomida uchrashib turgani, ya'ni Dohadagi yig‘ilish kecha qabul qilingan qarorning natijasi emas ekanini ta'kidladi. Lavrov bu yangi mexanizm 2017 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan va Suriyadagi nizolarning oldini olish hamda unga siyosiy yechim topishni maqsad qilgan, Turkiya-Rossiya-Eronning «boshini qovushtirgan» Astana maslahatlashuviga alternativ emasligini aytdi.
«Qatarning Suriyadagi fojiali vaziyatni bartaraf etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishda o‘z hissasini qo‘shish haqidagi iltimosini men faqat mamnuniyat bilan qabul qilaman», – dedi u.
Eron chetlatilyaptimi?
Qatar va Rossiya tashqi ishlar vazirlarining ushbu bayonotlarga qaramay, Dohada e'lon qilingan yangi mexanizm keyingi paytlarda asosan Turkiya-Rossiya muloqoti va hamkorligiga aylanib qolgan Astana maslahatlashuviga qaraganda ko‘proq ahamiyat kasb etishi aytilmoqda. Biroq bu holat Damashq ma'muriyati bilan chuqur aloqada bo‘lgan Eron safdan butunlay chetlatilishiga olib kelmasligi ham taxmin qilinmoqda.
Rossiya va Turkiyaning Qatar bilan yangi mexanizmni ishga tushirishi quyidagi omillar bilan izohlanishi mumkin:
Turkiya-Rossiya munosabatlari. Astana maslahatlashuvlari 2017 yil boshida tashkil etilgan bo‘lib, uning eng asosiy maqsadi – Suriyada yuzaga kelgan nizolarni to‘xtatish, zo‘ravonlikni kamaytirish va siyosiy jarayonlarning rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish edi. Bu jarayonda Turkiya, Suriyadagi mo‘'tadil muxolifat, Eronning shia qurolli kuchlari, shuningdek, Rossiya Damashq boshqaruviga oid ta'sir kuchlarini ishga solishgan va amalga oshirilgan xavfsizlik choralari natijasida Suriyadagi mojarolarni minimal darajaga tushirishga erishishgandi.
Turkiya va Rossiya Suriya g‘arbida davom etayotgan Idlib muammosini hal qilish uchun 2018 yilda Sochi maslahatlashuvini boshlagan va ular o‘shanda amalda Eronni safdan chetlatgandi. 2020 yil boshida Turkiya va Suriya armiyasi o‘rtasida ro‘y bergan to‘qnashuvlarga ham 2020 yil 5 martda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Rossiya prezidenti Vladimir Putin orasida imzolangan protokoldan so‘ng barham berilgandi. Shu bois Suriyadagi jarayonlar Eronning ishtirokini talab qilmaydigan holatga yetib qolgani endilikda Anqara va Moskvaga ayon.
Eron Suriyadagi shia qurolli guruhlarini nazorat qila olmayapti: Tehron ma'muriyatining Suriyadagi shia qurolli guruhlarini nazorat qila olmayotganini Moskva mintaqada o‘rnatilgan mo‘rt barqarorlikka zarar yetkazuvchi omil sifatida baholamoqda. Ta'kidlanishicha, Rossiya Tehron bilan ham, Damashq ma'muriyati bilan ham shia qurolli guruhlari faoliyatiga oid muammolar muhokama qilingan muzokaralardan naf ko‘rmagan.
Shia guruhlarining nafaqat Suriyada, keyingi paytlarda Iroqda ham faollashib qolgani, shuningdek, AQSh va Eron o‘rtasidagi kuchayib borayotgan ziddiyatlarning Suriyada ham aks-sado berishining oldini olish istagi Turkiya va Rossiyaning Qatar bilan parallel jarayonni rivojlantirishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Astana maslahatlashuvi siyosiy yechim uchun yetarli bo‘lmadi. Astana maslahatlashuvining eng muhim missiyasi – Suriya Konstitutsiyaviy qo‘mitasining tashkil etilishi va BMT Xavfsizlik Kengashining 2254-sonli qarori doirasida adolatli saylovlar o‘tkazilishi ko‘zlangan siyosiy jarayonning yakunlanishi bo‘ldi.
2019 yilda boshlangan va 5-tur uchrashuvlarini o‘tkazgan Konstitutsiyaviy qo‘mitadan ijobiy natijalar olinmadi. Buning eng muhim sabablaridan biri esa Eronning Suriyadagi siyosiy jarayonlar bilan shug‘ullanishni istamasligi va Damashq ma'muriyati tomonidan jarayonga to‘sqinlik qilinishi bo‘ldi.
Dohada bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin e'lon qilingan bayonotda va matbuot anjumanida yangi mexanizmni yaratishdan ko‘zlangan maqsad asosiy e'tiborni siyosiy yechimga qaratish ekani aytildi.
9 moddadan iborat qo‘shma deklaratsiyaning 3 ta moddasida siyosiy jarayonlar haqida so‘z yuritiladi. Unda Konstitutsiyaviy qo‘mitaning samarali ishlashi uchun har qanday yordam ko‘rsatilishi, ayniqsa, BMTning maxsus vakili Geyr Pedersenning sa'y-harakatlari qo‘llab-quvvatlanishi ta'kidlanadi.
Qatarning o‘rni qanday bo‘ladi?
Eron va Qatar o‘rtasidagi eng muhim farq – ularning biri Asad ma'muriyatiga xayrixoh, ikkinchisi esa unga tamoman qarshi.
Qatar Suriyada fuqarolik urushi boshlangan ilk davrlardayoq Turkiya bilan bir safda Asad rejimini ag‘darish uchun harakat qilib keladi. Biroq Doha 2015 yildan boshlab o‘zining Suriyaga nisbatan faol pozitsiyasidan chekina boshlaydi va ayniqsa, 2017 yilgi Fors ko‘rfazi mamlakatlari blokadasidan so‘ng, bu masalaga qiziqish bildirmay qo‘yadi.
Shunisi e'tiborga loyiqki, Qatar BAA va Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni normallashtirgandan so‘ng darhol Suriya bo‘yicha tashabbusni o‘z zimmasiga oldi. Turkiya bilan maxsus aloqalarga ega, Yaqin Sharq geografiyasi va arab dunyosidagi faol tashqi siyosati bilan ajralib turuvchi Qatarning Asad ma'muriyatini hokimiyatdan chetlatish to‘g‘risidagi avvalgi qarori hamon qat'iymi yoki yo‘q – hozircha ma'lum emas.
Ammo Qatarning safga qo‘shilishi Suriyaning Arab Ligasiga qaytishi nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega. Qatar tashqi ishlar vaziri matbuot anjumanida Suriyaning 2011 yil oxirida Arab Ligasi tarkibidan chetlatilishiga sabab bo‘lgan omillar bugun ham borligiga ishora qildi. Ammo agar Suriya ma'muriyati siyosiy jarayonning oldinga siljishiga imkon bersa va tom ma'noda rivojlanish yuz bersa, Qatarning vetosi yumshaydi, degan umid bildirilmoqda.
«Suriyani qayta qurish»
Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrov matbuot anjumanida ta'kidlagan «Suriyani qayta qurish» zarurati siyosiy jarayonning keyingi bosqichlarida Eron emas, dunyodagi eng boy davlatlardan biri bo‘lgan Qatar muhim rol o‘ynashiga ishora qilayotgandek.
Qatar bilan juda yaqin aloqalar o‘rnatayotgan, ko‘plab sohalarda bir-biriga o‘xshash siyosat olib borayotgan Turkiya uchun ham Qatar bilan Suriya masalasida bir «kema»da bo‘lish muhim ahamiyatga ega.
Rossiya ham 2015 yildan buyon o‘z moliya tizimiga yuk bo‘lib kelayotgan Suriya inqirozining yakunlanishidan umidvor. Buning uchun esa xalqaro hamjamiyat uchun maqbul formula yordamida siyosiy yechim topilishi darkor.
Mavzuga oid
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
21:53 / 25.12.2024
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:08 / 25.12.2024
The Telegraph: Suriya sobiq prezidentining rafiqasi Asma Asad leykoz tufayli boshqalardan izolyatsiya qilindi
20:54 / 25.12.2024