O‘zbekiston | 09:46 / 14.03.2021
20767
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda sud binosining tomi shamoldan qulab tushdi

Xorazm viloyatida 13 mart kuni tongda esgan kuchli shamol jinoyat ishlari bo‘yicha Xonqa tuman sudi binosining tom qismiga zarar yetkazdi.

Foto: Xorazm viloyati FVB

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, voqea natijasida hech kim tan jarohati olmagan.

«Hozirda hodisa oqibatlari tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan bartaraf qilinmoqda», – deyiladi xabarda.

Foto: Xorazm viloyati FVB
Foto: Xorazm viloyati FVB
Foto: Xorazm viloyati FVB

12 martdan 13 martga o‘tar kechasidan boshlab, O‘zbekistonning turli hududlarida kuchli shamol esib, qor yog‘ishi kuzatildi. Natijada elektr tarmoqlarida uzilishlar kuzatilmoqda.

«Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi 13 mart kuni tushdan so‘ng bergan xabarga ko‘ra, elektr ta'minotidagi uzilishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Samarqand viloyatlarining ayrim tumanlarida ro‘y bergan.

Qor yog‘ishi sabab Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi Taxtiqoracha dovoni vaqtincha yopildi.

Yanvar oyida Namangan viloyatining Mingbuloq tumanidagi ikkita binoning tomi shamolda uchib tushgan, bu tomlar oxirgi 2 yil ichida yopilgani ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid