Jamiyat | 18:30 / 15.03.2021
14517
10 daqiqa o‘qiladi

«Bemorlarga havo kerak»: Mirishkorda shifoxona hududi 2019 yilda sotib yuborilgan, shifokorlar qurilish to‘xtatilishini talab qilishmoqda

Mazkur maqola nafaqat davlat shifoxonasi hovlisining yil sayin qisqarib, sotib yuborilavergani, balki tuman hokimligi hamda mutasaddilarning aholi salomatligiga qanchalik bepisand ekani haqida.

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanidagi mutasaddilar shifo maskani yerini sotishni qasd qilishsa, prezident qarori ham, sog‘liqni saqlash vazirining xati ham, deputatlarning qarshiligi ham, shifokorlarning noroziligi-yu aholi salomatligi ham ularga zarracha to‘siq bo‘la olmas ekan.

Kun.uz saytida tumandagi Jyeynov shifoxonasining salkam 2 milliard so‘mga ta'mirlangani va bir yilga yetmay ta'mirtalab bo‘lib qolgani haqida yozilgan edi. Shifoxona shundan so‘ng qaytadan yengil ta'mirlangan.

Endigi muammo esa undan ham ayanchli: tibbiyot muassasasi yerlari yil sayin to‘rt tomondan qisqarib bormoqda. Bu ketishda hademay faqat binoning o‘zi qolsa, ajab emas.

Jyeynov shifoxonasi 1997 yilda qurilgan bo‘lib, 30 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. 2017 yildagi ma'lumotga ko‘ra, jami yer maydoni 15397,56 kvadrat metrni tashkil etadi.

Dastlab 2017 yil binoning o‘ng tomondan 30 sotix yeri bozor hududiga qo‘shib berilgan. Undan so‘ng esa old tomonidagi 20 sotix yer shifoxona balansidan olib qo‘yilib, avtomobillar to‘xtash joyiga berib yuborilgan. Endi bemorlar hafta kunlariga qarab bu yerdagi bozor shovqiniga ham, avtomobillar shovqiniga ham va hatto g‘isht sexi shovqiniga ham chidashi kerak. Muassasaning yana bir hududi esa xususiy dorixona qurilishiga berilgan. Barchasi tuman hokimi qarori bilan.

Ayni vaqtda shifoxona hovlisiga kirishda o‘ng tomonda xususiy tadbirkor qurilish boshlab yuborgan. Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yildayoq bu joy auksion orqali tadbirkorga sotib yuborilgan ekan.

Shifokorlar har qanday tibbiy muassasa faqat to‘rt devor ichidagi xonalardan iborat bo‘libgina qolmay, balki bemorlar uchun toza havo, ochiq maydon, maysazor yoxud daraxtlar ham bo‘lishi kerakligini ta'kidlab o‘tishdi. Bu tegishli sanitariya me'yorlari bilan belgilab qo‘yilgan va o‘z vaqtida shunga monand ravishda yer ajratilib, shifoxona barpo etilgan. Keyingi yillarda shifoxona hududining har tomondan qisqarib kelishi oqibatida deyarli binoning o‘zi qolmoqda.

Ikkinchi tomondan, «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 7 dekabrda imzolangan prezident qarori 11-bandida aniq belgilab qo‘yilgan: «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining roziligisiz davlat sog‘liqni saqlash muassasalarining yer uchastkalari va ko‘chmas mulklari begonalashtirilishi taqiqlansin». Ya'ni shifoxona yerini berish uchun vazir roziligi kerak.

Ammo Mirishkorda tuman tibbiyot birlashmasi rahbari I.Sharopovning 2018 yil 24 dekabrdagi ikki enlik xati bilan 810 kv metr yer tuman hokimligi zaxirasiga olinib, auksionda pullab yuborilgan.

Bemorlar uchun yana bir noqulaylik shuki, shifoxonaning ayni vaqtda qurilish ketayotgan (sotilgan) hududiga boshqa kirish yo‘li yo‘q. Uning yo‘li shifoxonaga tez yordam mashinalari kiradigan yo‘l bilan bitta. Bu degani, muassasa uchun uning o‘z hududida endi alohida yo‘l ham qolmayapti.

«Hozir Jyeynov shifoxonasi ichidan sotilgan hududda qurilish ishlari boshlab yuborilgan, tadbirkorga alohida kirish yo‘li ham, yo‘lakchasi ham yo‘q. Shifoxona yo‘lidan yuk mashinalari tinmay qatnayapti, bemorlarning tinchini buzyapti, tez yordam mashinalari kirib chiqishiga xalaqit beryapti», deyishdi shifoxona xodimlari.

Mazkur maqola tayyorlanayotgan vaqtda ham shifokorlar yana tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib, hududda xususiy tadbirkor qurilish ishlari amalga oshirayotgani sababli shifoxonaga kiradigan yagona yo‘l yopilib qolgani, tez yordam mashinalari uchun ham o‘tish yo‘li qolmaganini aytishdi.

Aslida bunday vaziyatda tuman aholisi salomatligiga e'tibor sifatida tuman hokimligi nazoratni qo‘lga olishi, shifoxona yerlarini saqlab qolishi ham mumkin. Ammo bu yerda va bundan oldingi uch holatda ham muassasa yerining olib qo‘yilishi aynan hokim qarori bilan amalga oshirilgani sababli shifokorlar yordam so‘rab deputatlar, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa idoralarga murojaat qilib kelishmoqda.

Qizig‘i, sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan mazkur holat yuzasidan respublika prokuraturasiga xat yuborilgandan so‘ng ham masalaga yechim topilmagan.

Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarning murojaatlari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati so‘roviga «Bosh prokuraturadan Jyeynov shifoxonasini hokimlik zaxirasiga qaytarish to‘g‘risidagi tuman hokimi qarorini protest keltirib bekor qilish, tibbiy muassasa yerini qaytarish va aybdor shaxslarni qonunda belgilangan tartibda jazoga tortishda amaliy yordam so‘ralgani» haqida javob qaytaradi.

Bosh prokuratura tomonidan bu ishni o‘rganish viloyat prokuraturasiga, viloyatdan tuman prokuraturasiga yuborilgan. Tuman prokuraturasining murojaatlarga javoban fuqarolarga bergan xatida esa mazkur ish yuzasidan tuman ma'muriy sudiga murojaat qilish mumkinligi aytilgan.

Darvoqe, tuman prokuraturasining fuqarolarga yuborgan javob xatidan Mirishkor tumani hokimligi qarori bilan ushbu shifoxona balansidagi yerlar to‘rtta holatda olib qo‘yilganini ko‘rish mumkin.

Xullas, fuqarolarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda vazirlikka, vazirlikning Bosh prokuraturaga murojaatlari oxir-oqibat tuman prokuraturasiga qaytib kelmoqda. Prokuratura esa masalaga huquqiy baho berish o‘rniga, fuqarolarning sudga murojaat qilish huquqi borligini eslatish bilan cheklanmoqda.

2021 yil 23 fevral kuni Qarshi tumanlararo ma'muriy sudi sudyasi L.Zayniddinova raisligida o‘tkazilgan sud majlisida mazkur ish ko‘rib chiqiladi. Garchi ochiq sud bo‘lsa-da, shifokorlar mazkur sud majlisiga kiritilmaydi. Da'vogar Mirishkor tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i G‘.Umirzoqovning Mirishkor tuman hokimining Jyeynov shifoxonasi hududidagi yerni zaxiraga olish to‘g‘risidagi qarorini haqiqiy emas, deb topish talabi rad etiladi. 

Shunday qilib, shifokorlarning tibbiy muassasa yerlarini saqlab qolish yo‘lidagi barcha urinishlari yo‘qqa chiqadi.

Bir narsani eslatib o‘tishni xohlardik, mazkur masalada biror-bir shifokor mulkiy yoki boshqa tomondan o‘z manfaati uchun murojaat qilmagan. Balki, aholining umumiy manfaati, bemorlarga qulaylik, prezident qarori ijrosi talabi uchun eshikma-eshik murojaat qilib kelmoqda. Ehtimolki, ular endi hali qator tashkilotlar ko‘ziga «balo»dek ko‘rinishar ham.

Holatga izoh olish uchun tuman hokimligida bo‘lganimizda, hokimlik huquqshunosi Jyeynov davlat shifoxonasining tibbiy muassasa emasligi, hatto bu muassasa tuman tibbiyot birlashmasi balansiga ham kirmasligini ma'lum qildi.

Qiziq, unda shifoxona kimning balansida? Nega Sog‘liqni saqlash vazirligi Bosh prokuraturaga xat bilan chiqdi?

Hokimlik huquqshunosining Jyeynov davlat shifoxonasi tibbiyot birlashmasining balansida emasligi to‘g‘risidagi izohi haqiqatga mos kelmayapti. Tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan berilgan ma'lumotga ko‘ra, Jyeynov davlat shifoxonasi Mirishkor tuman tibbiyot birlashmasining balansida hisoblanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, shifoxona yerlarini sotuvga chiqargan hokimlik ham endi bu masala bo‘yicha sud qaror qabul qilganini pesh qilmoqda.

Jurnalistlar shu masalada izoh olish uchun tuman hokimligi binosiga kirmoqchi bo‘lganida Milliy gvardiya xodimlari tomonidan monelik ko‘rsatilgandi. Kun.uz xodimlari o‘z savollariga javob olish maqsadida avvaliga tuman hokimining o‘rinbosari Bekzod Arziyev bilan hokimlik hovlisida ko‘rishgan, Arziyev o‘zining «yangi» ekanligini aytib, yer auksionda sotilgan vaqtlarda ishlagan mutaxassisni ro‘baru qilgan, ammo mutaxassis jurnalistlarga intervyu berishni istamagandi.

Bu holat Kun.uz saytida «Mirishkor hokimligida Milliy gvardiya jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qildi. Kameralar yoqilgach, to‘siq olindi» sarlavhali maqolada batafsil bayon qilingandi.

Umuman, Jyeynovdagi shifoxona hududi g‘ayritabiiy tarzda sotilib, auksionga qo‘yilayotgani va negadir bu muammoga tumandagilarning aslo yechim topishga harakat qilmayotgani, qolaversa, shu masala yuzasidan jurnalistlarning surishtiruv o‘tkazishiga monelik qilingani kishini taajjubga soladi.

Darvoqe, Jyeynov tomonga borarkansiz, keng dalalar, ochiq maydonlarga guvoh bo‘lasiz. Ammo negadir hamma shu shifoxona hududiga ko‘z tikyapti. Natijada keng dalalari bo‘lgan tumanda bemorlarga havo yetmayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Bosh prokuraturadan mirishkorliklarning najot maskanidagi bu holatga e'tibor qaratishni so‘raymiz.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Anvar Mustafoqulov, Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbirlari.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid