Jahon | 13:43 / 16.03.2021
2942
2 daqiqa o‘qiladi

BioNTech vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha alyans tashkil qildi

Vaksina yetishmovchiligini bartaraf etish va ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida Germaniyaning BioNTech laboratoriyasi 13 kompaniyadan iborat alyans tuzdi. Kompaniyalarning aksari Yevropaniki.

RNK usuli asosida dunyoda ilk vaksinani ishlab chiqqan Germaniyaning BioNTech kompaniyasi Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlarni yetarli miqdordagi preparat bilan ta'minlash uchun 13 kompaniyadan iborat alyans tashkil qildi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri ma'lum qilgan. Shu yo‘l bilan BioNTech joriy yilda ikki milliard dozada preparat ishlab chiqarishga erishmoqchi.

Nashr bergan ma'lumotga ko‘ra, muzokaralar o‘tgan yilning oktyabridayoq BioNTech o‘zining amerikalik hamkori Pfizer bilan birgalikda yaratgan vaksinani e'lon qilishidan bir hafta oldin boshlangan. Alyansga Pfizer’ning bir necha asosiy yevropalik raqobatchilari ham qo‘shilgan.

Hamkorlar qatorida Germaniyaning Merck, Rentchler Biopharma, Evonik Industries, Dermapharm, Siegfried AG va Baxter Oncology kompaniyalari, Fransiyaning Sanofi va Delpharm shirkatlari, Shveytsariyaning Novartis kompaniyasi, Avstriyaning Polymun Scientific Immunbiologische Forschung GmbH kompaniyasi, Kanadaning Acuitas Therapeutics kompaniyasi qo‘shilgan. Ularning barchasi ishning muayyan qismini bajaradi.

BioNTech ishlab chiqarishni kengaytirmoqda: shu yilning aprelida ishga tushiriladigan zavod yiliga 750 million dozada vaksina ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Yanvar oyida Yevroittifoq Britaniyaning AstraZeneca kompaniyasiga buyurtma berilgan vaksinani to‘liq hajmda ololmasligi ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid