Jamiyat | 16:22 / 16.03.2021
14347
7 daqiqa o‘qiladi

«Yo‘l yomonligi uchun piyodalar aybdormas» - yana qoidabuzarlikni xabar qilish bo‘yicha bahslar haqida

So‘nggi oylarda nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki rasmiy maydonlarda ham eng kuchli bahslarga sabab bo‘layotgan mavzu - ko‘chalardagi qoidabuzarliklar haqida ma'lumot yetkazish va buning evaziga pul ishlash bo‘ldi. Hech shubhasiz aytish mumkin, jamiyat bu bahsda ikki lagerga bo‘linib ketdi va har ikki tomonning ham argumentlari o‘ziga xos.

Ko‘plab haydovchilarning bu boradagi pozitsiyasi tayin:

  • yo‘llar sozlanmay;
  • yetarli darajada avtoturargohlar tashkil qilmay;
  • yo‘l chiziqlari va belgilari holatini talab darajasiga keltirmay;
  • jarimalar bilan maoshlar va daromadlar miqdorini muvofiqlashtirmay turib, –

bunday jarimalarga tortish adolatdan emas.

O‘zi avtomobil boshqarmasa-da, yoki yo‘l harakatining faol ishtirokchisi bo‘lmasa-da, haydovchilarga xayrixoh toifa bor (eng qizig‘i, ular orasida mashhur shaxslar, deputatlar, ulamolar va boshqa el nazaridagi shaxslar ham mavjud). Ular ham bu mavzu bo‘yicha ko‘pchilikka yoqadigan luqmalar tashlab turishadi:

  • «Chaqimchilik uyat, odamlarni bir-biriga qarshi qayrash kerak emas»;
  • «Hozir haydovchini sotgan ertaga vatanni sotadi»;
  • «Bunday yo‘l bilan ishlangan pul harom» va h.k.

Jumladan, Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev Telegram'dagi kanalida yo‘llardagi qoidabuzarliklarni suratga olib DYXHBga jo‘natuvchilar haqida navbatdagi bahslarga sabab bo‘lgan post qoldirdi. «Xususiy radar [o‘rnatib] hamda qoidabuzarlikni rasmga olib, sotib pul ishlayotganlar haqida: ular bugun 10 ming so‘m uchun odamlarni sotsa, ertaga 100 ming so‘m uchun Vatanini ham sotishi mumkin», dedi deputat videomurojaat shaklida e'lon qilingan postda.

Bu bahslarda nisbatan ozchilik bo‘lgan, ammo fikrlari tosh bosadigan uchinchi guruh ham bor. Ular yo‘l harakatini tartibga solish uchun har qanday islohotlarni yoqlaydilar va quyidagi dalillarga suyanadilar:

  • «Yo‘l harakatini tartibga solish masalasida jamoatchilik nazorati muhim»;
  • «Jarima to‘lagisi kelmagan haydovchi qoida buzmasin»;
  • O‘zbekistonda yiliga 2 mingga yaqin kishi YTH qurboni bo‘lmoqda;
  • «O‘z yaqiningiz falokatga duch kelsa, shunda boshqacha fikrlay boshlaysiz».

Birinchi va ikkinchi toifaning ovozi juda jarangdor va ta'sirli chiqdi, ularga xayrixohlar ham bir qarashda ko‘pdek. Ammo baland qichqiriqlar har doim ham haqiqatni ifoda etmaydi.

Keling, bugun uchinchi toifa fikrlariga teranroq nazar tashlaymiz va ehtirosni bir chetga surib, faktlarga e'tibor qaratamiz. So‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda YTHlar tufayli 13 mingdan ortiqroq odam halok bo‘lgan. Birgina 2018 yilda bu ko‘rsatkich 2,5 ming kishiga yetgan. Hatto karantin cheklovlari tufayli avtomobillar uzoq muddat harakatlanmagan 2020 yilda ham 1962 kishi avariyalar qurboni bo‘lgan.

Rivojlangan va biz havas qiladigan davlatlarda bu boradagi raqamlarni nolga tushirishga urinilayotgan, har bir o‘limga favqulodda holat sifatida qaralayotgan bir paytda har yili o‘rtacha bir qishloq aholisi yaqinlariga armonga aylanib o‘lib ketyapti.

Ularning ortidan farzand yoki ota-ona dog‘i bilan qolganlar, butun umrga mayib-majruh bo‘layotganlarning sanog‘i yo‘q hatto.

Darhol javobingiz tayyor – «rivojlangan davlatlaridek yo‘l va sharoitni qilib qo‘ying va ana undan keyin talab qiling». Kechirasiz, yo‘l yomonligi uchun piyoda aybdor emas. Sizning katta tezlikda kelayotgan mashinangiz qarshisidagi bola siz izlayotgan avtoturargohni topib berishni gardaniga olmagan.

Ma'lumot uchun: Biror turdagi jarimaga tortilganlarning aksariyati qaytib shu tarzda qoida buzmaslikka harakat qilishlari allaqachon o‘z isbotini topgan.

«Davlat hammasini to‘g‘rilab qo‘ysin», deyishga ham shoshmang. O‘zbekistonda oz bo‘lsa-da barcha belgilar qo‘yilgan, chiziqlari risoladagidek, o‘zi ham chuqurlarsiz, ravon yo‘llar bor. Xo‘sh, o‘shalarda harakatlanayotganda qoida buzmaysizmi? Qo‘lingizni ko‘ksingizga qo‘yib ayting-chi, aynan ana shunday yo‘llarda «gazni bosish» istagi kuchliroq bo‘lmaydimi?!

  • Faqat radar yoki «GAI»ga uchrab qolishdan qo‘rquvgina sizni ma'lum hududlarda sekinlashishga majbur qiladi.
  • Faqat jarimalardan qochishgina boshqalar haqidan qo‘rqish, qizil chiroqdan o‘tmaslik va chiziqlarni bosmaslikka majbur qiladi.
  • Faqat yo‘llardagi postlargina sizga hatto o‘zingizning hayotingiz uchun zarur bo‘lgan «remen» taqishga majbur qiladi.
  • Faqat chorrahalardagi kameralargina piyodalarga yo‘l berishga majbur qiladi.

Tan oling, sizning haydovchilik ongingiz faqat jarima va jazolardan qo‘rqishga moslashgan, aslo yo‘l qoidalariga rioya qilishga emas.

Shunday ekan, nega sizning tiyiqsiz harakatlaringizni, haydovchilikda o‘ta past madaniyatingizni jilovlashga doir yana bir uslub yo‘lga qo‘yilmasligi kerak?!

Bu borada Azon.uz sayti asoschisi Mubashshir Ahmad o‘z qarashlarini bildirgandi.

«Shar'iy siyosat - shariatda dalili yo‘q masalalarni hokim tomonidan jamiyatga manfaatni jalb qilish va zararni daf etishni o‘ylab joriy qilgan farmon yo hukmidir va unga rioya qilish vojib sanaladi. Masalan, svetofor qoidalari, o‘q chiziqni bosmaslik va tezlikni oshirmaslik inson hayoti yo sog‘ligini saqlab qolish uchun joriy qilingan. Binobarin bu ishlar jamiyatga foyda keltiradi yo zararni daf qiladi.

Endi ana shu qoidalarni buzganlarni mas'ul jihatlarga yetkazish mavzusiga kelsak, qadimda islom diyorida muhtasiblik va ihtisob ishlari joriy qilingan. Muhtasibning vazifasi jumladan joriy hukm va qoidalar xalq tomonidan qanday bajarilayotganini nazorat qilishni va huquqi berilgan bo‘lsa hatto jazolashni o‘z ichiga olgan. Binobarin hozirgi holatimizda yo‘l harakati qoidalariga rioya etmayotganlarni suratga olib, tegishli jihatlarga yuborayotgan kishilarni ana shu muhtasiblarga o‘xshatsak bo‘ladi», – degan u.

Alohida mavzu, qoidabuzarlikni xabar berish ortidan pul ishlash. Bunga ham o‘ziga xos yechim taklif qilinibdi, ya'ni olinadigan mablag‘ni xayriya qilib yuborish mumkin. Kimdir kasb qilib oladi, degan hadigingiz bo‘lsa, o‘sha kasb qilib oladiganlarni bir boplang – qoida buzmang! O‘sha «kozyollar» sarg‘ayib, kuta-kuta quruq qo‘l bilan qaytishsin.

* Izohlarda so‘kishga ustasiz. Shoshilmang. Ostingizdagi jonsiz temirdan tushing-da, shahardagi svetofor ham, kamera ham yo‘q joydagi piyodalar yo‘lagidan o‘tishga harakat qilib ko‘ring. Joningizni hovuchlab o‘tib olguningizcha necha «madaniyat egasi»ning so‘kishlarini eshitar ekansiz.

Abror Zohidov

Mavzuga oid