Jamiyat | 14:49 / 17.03.2021
50783
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda karantin cheklovlarini buzayotganlarni jarimaga tortish boshlandi

16 mart kuni kuni respublika bo‘ylab karantin qoidalariga amal qilmagan 400 nafar fuqaroga nisbatan ma'muriy jarimalar rasmiylashtirilgan. Bu haqda Kun.uz’ga IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov xabar berdi.

O‘zbekistonda bir kunda 400 kishi karantin qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortildi

16 mart kuni Ichki ishlar vazirligining tegishli bo‘linmalari tomonidan karantin qoidalariga amal qilish holati o‘rganilgan. Reydlar respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilgan.

«Mamlakatimizda yana koronavirus bilan kasallanish ko‘rsatkichlari ko‘paya boshlagani sababli 16 martdan boshlab aholi o‘rtasida karantin qoidalariga rioya qilishni kuchaytirish maqsadida ichki ishlar organlari tomonidan targ‘ibot ishlari qayta yo‘lga qo‘yildi. Xodimlarimiz jamoat joylarida, aholi yashash punktlarida maxsus xizmat mashinalarida va yayov yurgan holda odamlarni karantin qoidalariga e'tiborli bo‘lishga, niqob taqib yurishga chaqirishmoqda.

Birinchi kuni yurtdoshlarimizni asosan ogohlantirish bilan cheklandik. Faqatgina karantin cheklovlarini qo‘pol ravishda buzayotgan, kasallikka chalingani uchun uy karantiniga olinganiga qaramay, yashash joyidan chiqib ketgan aholi vakillari, bundan tashqari, bir necha marta ogohlantirilgandan keyin ham karantin qoidalariga amal qilmaganlar, asosan xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari, jumladan, go‘zallik salonlari ishchilari, bozor va do‘konlardagi sotuvchilar jarimaga tortilmoqda.

O‘tgan sutka davomida Farg‘ona viloyatida 156, Namangan viloyatida 85, Samarqand viloyatida 65, Toshkent shahrida 60, Toshkent viloyatida 24, Buxoro viloyatida 7, Navoiy viloyatida 3 kishi ma'muriy jazo olgan», deya Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

IIV mas'ulining ta'kidlashicha, 16 mart kuni jarimaga tortilganlardan besh barobar ko‘proq fuqarolar karantin qoidalariga amal qilish to‘g‘risida ogohlantirilgan, ular bilan bu borada tushuntirish ishlari olib borilgan.

Ma'lumot uchun, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan, epidemiya tarqalgan vaqtda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish BHMning 5 baravarigacha (1 mln 225 ming so‘m) jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2020 yilda joriy etilgan karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilgan bo‘lsa-da, jamoat joylarida niqob taqib yurish, o‘zaro masofa saqlash tartibi shu paytgacha rasman bekor qilingani yo‘q.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holatlari yana orta boshlagani sababli, 15 mart kuni Toshkent shahar hokimi o‘tkazgan maxsus yig‘ilishda poytaxtda karantin talablariga rioya qilinishi qat'iy nazoratga olinishi ma'lum qilingan edi.

Toshkent shahrida kasallanish ko‘rsatkichlari so‘nggi bir hafta ichida sezilarli darajada oshdi. Xususan, 9 mart kuni poytaxtda 11ta yangi holat aniqlangan bo‘lsa, 10 mart kuni birdaniga 71ta, 12 mart kuni 70ta va 13 mart kuni 77ta yangi holat qayd etilgan. 14 mart kuni esa poytaxtda yangi holatlar 93taga yetdi, O‘zbekiston bo‘yicha esa 111ta yangi holat qayd etildi – bu mamlakatda 2020 yil dekabridan buyon eng yuqori kunlik o‘sish hisoblanadi.

Buning ortidan 15 martdan boshlab Toshkent shahrida karantin qoidalari kuchaytirildi, shahar hokimligi o‘z tizimida yig‘ilishlar va majlislar o‘tkazishni vaqtinchalik chekladi va koronavirus aniqlangan oilalarda karantinga rioya etmaganlarga qonuniy choralar ko‘rilishidan ogohlantirdi, Maxsus komissiya bayram tadbirlarida ijtimoiy masofani saqlash ustidan nazorat o‘rnatilishini ma'lum qildi.

16 mart kuni esa O‘zbekistonda yana 115 kishida koronavirus aniqlandi. Bu yil boshidan buyon qayd etilgan sutkalik rekord hisoblanadi.

Mavzuga oid