O‘zbekiston | 19:52 / 17.03.2021
9943
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida koronavirus aniqlangan sinflarda o‘qish onlayn rejimga o‘tkazilmoqda

Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Chinoz va Toshkent tumanlaridagi ayrim maktablarda o‘quvchi va o‘qituvchilar orasida koronavirus aniqlangani bois, o‘qish onlayn rejimga o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 2021 yil 4 martdagi 17-8/1453-sonli ko‘rsatma xatiga asosan koronavirus kasalligi aniqlangan hollarda maktablarda sinflar onlayn o‘qish tizimiga o‘tishi belgilangan.

Ma'lum qilinishicha, 15 mart kuni Qibray tuman «O‘nqo‘rg‘on» mahalla fuqarolar yig‘inidagi 30-maktab o‘quvchisi va Salar shaharchasidagi 5-maktab o‘quvchisida koronavirus aniqlangan. Shu bois, 30-maktabdagi 9-«A» sinfi va 5-maktabning 6-«A» sinfi to‘liq onlayn tarzda o‘qitishga o‘tkazilgan.

Shuningdek, Zangiota tumanidagi 29-maktabning 7-«A» sinfidan 1 nafar, 7-«B» sinfidan 2 nafar va 11-sinfidan 1 nafar o‘quvchida koronavirus aniqlangani sababli 12 martdan ushbu sinflar ham onlayn tartibda ta'lim olishga o‘tkazilgan.

Chinoz tumanidagi 17-umumta'lim maktabi 4-«A» sinf rahbari Surayyo Toshkenboyeva 13 mart kuni COVID-19 infeksiyasiga gumon qilinib, Zangiota tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgani sababli, 15 martdan 17-umumta'lim maktabi 4-«A» sinf o‘quvchilari 14 kun muddatga onlayn o‘qish tizimiga o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, Toshkent tumanidagi 17-maktab o‘qituvchisi va uning oila a'zolaridan test namunalari olinganda oila a'zolarining 3 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Shuningdek, 23-maktabning 6-sinf o‘quvchisida ham infeksiya qayd etilgan.

«Yuqoridagilarni hisobga olib, viloyat hududidagi ayrim maktablarda epidemiologik vaziyat beqarorligini ko‘rish mumkin. Shu bois, viloyat aholisidan yana bir bor o‘z salomatligiga befarq bo‘lmaslikni, oddiy profilaktik tadbirlarga rioya qilishni, ya'ni niqob taqish, ijtimoiy masofaga amal qilishni so‘rab qolamiz», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida. 

Avvalroq Toshkent viloyatida ham karantin choralari kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid