Shavkat Mirziyoyev: «Toshkent viloyatini ikkiga bo‘lish haqida o‘ylayapman, qo‘limda xarita ham bor»
Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, sessiyada ishtirok etgan va viloyatga yangi hokim tavsiya qilgan davlat rahbari Toshkent viloyati ikkiga bo‘linishi mumkinligini aytgan.
“Hozir sizlarga bir sirni aytaman. Qo‘limda xarita turibdi. Toshkent viloyatini ikkiga bo‘lishni rejalashtirib turibman. Konstitutsiya bo‘yicha shunday huquq menga berilgan, taklif berishim mumkin.
Jimib qoldinglar, bilaman, bu sizlarga yoqmaydi. Ammo viloyatda birlik yo‘q. Angrenning oqsoqoli aytgan gapni Chinozliklar qabul qilmaydi. Shu bilan birga, viloyatning joylashuvi noqulay, Angrendan Bekobodga yetguncha juda uzoq vaqt ketadi. 22ta hududni boshqarish qiyin.
Bu fikrni hozircha o‘zimda saqlab turibman. Mana hozir Hidoyatovni sizga rahbar sifatida tavsiya etyapmiz. Yana bir marta imkon berib, Toshkent viloyatining rivojlanishini ko‘rmoqchiman”, dedi prezident sessiya ishtirokchilariga qarata.
Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining salohiyati poytaxtnikidan 1,5 barobar yuqori ekanini aytgandi.
“Bir narsani bilinglar – hech bir viloyatda Toshkent viloyatichalik iqtisodiy imkoniyatlar yo‘q. Toshkent viloyati salohiyati Toshkent shahridan 1,5 barobar yuqori. Buni kecha bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlarga bittalab tushuntirib, hisoblab berdim. Biz bu salohiyatdan foydalana olmayapmiz, desak haqiqat bo‘ladi. Men ham hokim bo‘lganman, bugungidek imkoniyatlar u payt yo‘q edi”, dedi prezident.