Samarqand shahrida «aqlli» gaz hisoblagichlar o‘rnatish uchun yuzta guruh ishlamoqda
16 mart holatiga ko‘ra, Samarqand shahridagi 21 436 xonadonga aqlli gaz hisoblagichlari o‘rnatilib, ularning qariyb 20 mingtasi «BillingGaz» tizimiga ulandi.
Yangi turdagi hisoblagichlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 sentyabrdagi «Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4840-sonli qaroriga asosan o‘rnatilmoqda.
Ayni kunlarda Samarqand shahridagi aholi xonadonlariga elektron gaz hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari kengaymoqda.
Shahardagi 69 ta mahallaga elektron hisoblagich o‘rnatish uchun 100 ga yaqin guruh jalb etilgan. Jumladan, Xo‘jag‘unjoyish mahallasida 570 ta, Xalifa Ibrohim mahallasida 180 ta, G‘iyosiddin Jamshid mahallasida 190 ta, Toshkandiy-2 mahallasida 150 dan ortiq aholi xonadonlariga aqlli hisoblagichlar o‘rnatib bo‘lindi.
«Toshkent» MFY raisi Alisher Qurbonovga ko‘ra, kommunal sohada raqamlashtirishning joriy etilishini mahalla ahli qo‘llab-quvvatlamoqda. Chunki bu tizimda qarz yuzasidan chalkashlik bo‘lmaydi. Nazoratchi qarzni «qistab» kelishiga hojat yo‘q. To‘lov aniq iste'mol qilingan gazga qarab amalga oshiriladi. Mahalla ahli ichimlik suvini ham onlayn nazoratini ishlab chiqish kerak, degan taklifni ilgari surgan.
«Samarqandshahargaz» gaz ta'minoti bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Musurmon Jalmatovning aytishicha, mazkur yangilikning to‘liq joriy etilishi aholini gaz bilan ta'minlashni sezilarli darajada oshiradi. Chunki aniq hisob-kitob tizimi iste'molchilarda gaz sarflash mas'uliyatini oshiradi.
«Hisoblagich o‘rnatilgan iste'molchilar to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni odat qilmoqda. Keyinchalik hisoblagich aholini tabiiy gazdan tejab foydalanishga o‘rnatadi. Bu bilan tabiiy gaz yetib bormaydigan xonadonlarga gaz yetkazib berish imkoniyati tug‘iladi», – deydi u.
«Hududgaz Samarqand» gaz ta'minoti filiali
Matbuot xizmati