«Shovvozsoy» atrofidagi shov-shuv va boshqa mavzular: Komil Allamjonov bilan suhbat
O‘tgan oyda ijtimoiy tarmoqlarda «Shovvozsoy» dam olish maskani O‘zbekiston rahbariyati uchun qurilgani haqida taxminlar paydo bo‘lgan edi. Ko‘p o‘tmay «O‘zbekiston temir yo‘llari» bu masala bo‘yicha izoh berib, xabar asossiz va noxolis ekanini ma'lum qildi.
18 mart kuni shu haqdagi savolga javob bergan prezident Shavkat Mirziyoyev bu maskan davlatga tegishli ekani, martabali yo O‘zbekistonga foydasi tegadigan inson kelsa, o‘zi ham mehmon bilan borishini aytib o‘tdi.
Shu va boshqa mavzularda biz bilan suhbatlashgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov prezidentga uning shaxsiyatiga doir ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan masalalar yuzasidan savol berilishi va uning ochiq muloqot qilishi O‘zbekistonda so‘z erkinligi yana bir pog‘onaga ko‘tarilishiga xizmat qilishini ta'kidladi.
Suhbat davomida Komil Allamjonovdan ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston fuqarosi va prezidentning sobiq matbuot kotibi sifatidagi mulohazalari haqida so‘radik.
«Prezidentimizning javoblaridan keyin bu masalaga o‘rin qolmadi, deb hisoblayman. Biz har doim har qanday ko‘tarilgan masalaga zudlik bilan va to‘g‘ri javob berish tarafdori bo‘lib kelganmiz. Samimiylik va ochiqlik foyda bersa beradiki, lekin zarar keltirmaydi.
Har doim bir fikr tarqaldimi, ikkinchi tarafning ham fikri bilan qiziqish kerak. Endi bu masalada u tomonning ham, bu tomonning ham ma'lumotlarini eshitib, xalqning o‘zi xulosa chiqarib oladi, deb o‘ylayman. Eng asosiysi, prezidentimizning o‘zlari bilan bog‘liq shaxsiy masalaga ham ochiq yuz bilan javob berishlarini men yaxshi signal deb hisoblayman», – dedi Komil Allamjonov.
– Avvalroq «O‘zbekiston temir yo‘llari» ham shu masalada izoh bergan edi. Sizningcha, tashkilotning javobida prezident Shavkat Mirziyoyev bergan izohlarga to‘g‘ri kelmaydigan noaniqliklar kuzatilmadimi?
– Bu holatlarni men ham O‘zbekiston fuqarosi sifatida kuzatib bordim. Albatta, buni «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmatining pala-partish va o‘ylamay qilgan ishi deb hisoblayman. Ularning yolg‘on ma'lumotlar berishi, o‘sha videolarni tarqatishi qanday oqibatlarga olib kelishini bugun matbuotda ko‘rdik.
Matbuotda bir oltin qoida bor: «Har qanday berilayotgan ma'lumot yoki izoh yolg‘ondan iborat bo‘lishi kerak emas». Musulmonchasiga aytganda, yolg‘on aralashgan joydan baraka qochadi. Shuning uchun ham biz doim matbuot xizmatlari xodimlarining malakasini oshirish juda ham muhimligini aytib kelamiz. O‘ylamasdan tarqatilgan bu ma'lumot ham qanday mish-mishlar va yolg‘on ma'lumotlar ko‘payib ketishiga sabab bo‘ldi.
– So‘nggi vaqtlarda prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazadigan majlislar va tashriflarni yoritishga xususiy OAV ham jalb qilinyapti. Ba'zida jurnalistlar bilan savol-javoblar ham kuzatilyapti. Bu borada fikrlaringiz qanday?
– Men prezidentimizning oldida va jamoasida ozmi-ko‘pmi yelkama-yelka ishlagan odam sifatida aytamanki, bu ochiqlik siyosati va xalq oldida hisobdorlik – u kishining samimiy xohishlari.
Matbuot kotibi bo‘lib ish boshlagan paytlarimda to‘g‘ridan to‘g‘ri efirlar yoki bahsli masalalarga zudlik bilan berilishi kerak bo‘lgan javoblar aslida qaysidir jamoa ishining natijasi emasdi, balki prezidentning o‘z xohishlari bo‘lgan. Ularda har doim internet xabarlarini o‘qib turish imkoniyati bor. Har kungi holat bo‘yicha dayjestlar va ma'lumotlar berib turiladi.
Matbuot va ochiqlik bu faqatgina ishni ko‘rsatish emas, balki fuqarolarning qilinayotgan ishlarga reaksiyasini bilib turish mexanizmi hamdir. Odamlarning dardi va xohishlarini bilib turib, ish rejalarini tashkil qilish faqatgina taraqqiyotga olib keladi.
– Bir qancha vaqt avval prezident matbuot xizmati «Maxsus rakurs» loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Avval quruq axborot yetkazilgan bo‘lsa, endi prezident tashriflariga boshqacha yondashuv kuzatilmoqda, kadr ortidagi qiziq holatlar ham namoyish qilinmoqda. Sizningcha, nima uchun bu kabi loyihalar oldinroq boshlanmagan?
– Bularning hammasi kadrlarga bog‘liq masala. Prezident ham ko‘p bora ta'kidlaganidek, kadrlar yetishmovchiligi – asosiy muammolardan. Yillar davomida ta'lim sohasi qanday bo‘lib kelganini hammamiz yaxshi bilamiz. Jurnalistika sohasini bitirganlar ham o‘sha paytda senzuraning kuchliligi va yopiqlik hisobiga boshqa sohalarga ketib qolishgan. Shuning uchun bularning iziga tushishi uchun ma'lum muddat kerak bo‘ladi.
– Agar ochiqlik siyosati shunday davom etadigan bo‘lsa, yaqin kelajakda prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy yoki xorijiy OAVga intervyu berishi mumkinmi?
– Menimcha, shunday bo‘ladi. Avval shunaqa jarayon ediki, oldin ish qilamiz, keyin ko‘rsatamiz, shunda gapiradigan gapimiz bo‘ladi, deyilardi. Lekin bu holat ham [prezidentning intervyu berishi] keladi. Hamma gapirishga qo‘rqib turgan holat yuzasidan prezidentga savol berilishi ham bu ochiqlikning nishonasi.
Ayrimlar aytishi mumkin, bunga ham shunday katta voqeaday qarab intervyular berishini qara, deyishi mumkin. Dunyo uchun mayda hisoblangan narsa bizda yo‘q bo‘lgani va paydo bo‘lishi har doim arzirli va shov-shuvli holat deb qabul qilinadi.
«Shovvozsoy» masalasiga keladigan bo‘lsak, bitta narsani bilishimiz kerak, prezident bu joyni davlatga tegishli ekanini aytdi. Aslida, davlat rahbarlari uchun bunday rezidensiyalar bo‘lishi bu normal holat. Chunki prezidentlarning oliy martabali mehmonlar kelganda ularni qabul qiladigan va mehmon qiladigan joylari bo‘lishi kerak. Bu mehmondorchilik va yaqin munosabatlar pirovardida xalq farovonligiga olib keladi. Bizning manfaatlarimiz uchun, qandaydir masalalarni hal qilish uchun rahbarlar rasmiy va norasmiy formatlarda uchrashuvlar o‘tkazadi.
Odatda prezidentlarning o‘z saroylari bo‘ladi. Bizda esa davlat rahbari Senat binosida o‘tiradilar. Agar bu shunchalik muhim bo‘lganda, shuncha tashvish turganda shunaqa bino yurakka sig‘ganda, birinchi bo‘lib o‘zlariga katta bir rasmiy saroy qurib olsalar ham bo‘lardi.
Ijtimoiy tarmoqlarda avval bunday saroylar bo‘lmagan-ku, degan gaplar ham bo‘ldi. Men bularga qo‘shilmayman. Masalan, Islom Karimov davrida Qaynarsoy dam olish maskani yoki har bir viloyatda [prezident uchun] alohida rezidensiya bo‘lardi.
– Yuqoridagi savolimning davomi sifatida, agar prezident intervyu berishi ma'lum bo‘lsa, siz suhbatda O‘zbekistondagi qaysi nashr jurnalistini ko‘ryapsiz?
– Agarda men hozir matbuot kotibi bo‘lganimda prezident bilan intervyu samarali bo‘lishi uchun eng qamrovi katta, saviyali va sifatli OAVni tanlagan bo‘lardim. Bizdagi ma'lumotlar va o‘rganishlarga qaraganda, bu o‘ringa Kun.uz'dan boshqa saytni ko‘rmayman. Lekin boshqa OAVlar ham prezidentdan intervyu olishga loyiq deb hisoblayman. Shuning uchun, menimcha, hozircha eng yaxshi format bu – barcha eng faol nashrlarning muxbirlari bilan davra suhbati qilinsa, juda ham maqsadga muvofiq bo‘lardi.
– Xalqqa prezidentning nafaqat rasmiy chiqishlari, balki oddiy inson sifatida qanday dam olishi va qiziqishlari ham qiziq. Prezidentning sobiq matbuot kotibi sifatida bu haqda ham aytib bera olasizmi?
– Prezident bilan ishlagan vaqtlarimda va hozir ham shunday o‘ylaymanki, u kishida dam olish degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Bu samimiy gap, buni kimnidir yaxshi ko‘rsatish uchun aytmayapman. Viloyatlarga borganimizdagi temp va harakatdan men yosh bo‘lib turib ham charchab qolardim. Ovqat yeyishga ham, suv ichishga ham vaqtimiz bo‘lmas edi.
«Prezidentning bir kuni» degan video qilgan edik, haqiqatdan shunday tig‘iz bo‘ladi kun tartibi. Oxiri sog‘ligim ham ko‘tara olmay qoldi. Matbuot xizmatidan ketishimga ham sabablardan biri shu bo‘ldi. Tinimsizlik, halovatning o‘zi yo‘q. Biz: «Balki ozgina dam olarsiz, bu rejalarni keyinga qoldirarmiz», desak, «yo‘q» deyilardi. Xorijga tashriflardan keliboq ertasi kuni viloyatlarga chiqib ketardik.
Prezident kelishlariga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan ham juda ko‘p gaplar gapiriladi. Birinchi ishga kelganimda, prezident bilan kortejda notekis va juda chang yo‘llarda yurdik. Jahlim chiqib, davlat rahbari kelishiga sal tayyorgarlik ko‘rib, yo‘llarni to‘g‘rilab qo‘yishmaydimi dedim. Keyinchalik menga prezident ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ymaslik kerak, men o‘zim bilaman bu yo‘llarni deganini aytishdi.
Lekin o‘zbekchilik degan narsa bor, mehmon yaxshi kutib olgisi kelib, baribir hokimlarimiz nimalardir qilishadi, oshirib ham yuborishadi. Lekin aslida davlat rahbari tomonidan bunga xohish yo‘q.
Intervyuning to‘liq shakli bilan videoda tanishishingiz mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev.
Mavzuga oid
11:41
Ramzan Qodirov Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan munosabat bildirdi
23:45 / 08.11.2024
“Agar jurnalist haq bo‘lsa, biz uni tan olishimiz kerak” – prezident
22:06 / 01.11.2024
Turkiya parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi
16:18 / 28.10.2024