Jahon | 09:41 / 21.03.2021
40286
2 daqiqa o‘qiladi

Talabalari Rossiyaga kirishi mumkin bo‘lgan xorijiy davlatlar ro‘yxati e'lon qilindi. O‘zbekiston ro‘yxatda yo‘q

Rossiyaga faqat epidemiologik vaziyat barqaror mamlakatlardan keladigan talabalar kirishlari mumkinligi ma'lum qilingan. Mamlakat ichida epidemiologik vaziyat barqarorlashganiga qaramay, Rossiyadagi xorijlik talabalar soni bo‘yicha yetakchilardan biri bo‘lgan O‘zbekistonga ruxsat yo‘q.

Foto: Sergey Pyatakov / RIA Novosti

Rossiya hukumati xorijlik talabalarning kunduzgi shaklda o‘qish uchun mamlakatga kirishiga ruxsat beruvchi farmoyishni tasdiqlagan edi.

16 martda imzolangan hujjatga ko‘ra, Rossiyaga barcha xorijlik talabalar emas, balki faqat epidemiologik vaziyat barqaror mamlakatlardan keladigan talabalar kirishlari mumkin.

Rossiyaga talabalari o‘qishga qaytish uchun ruxsat berilgan mamlakatlar:

Armaniston, BAA, Belarus, Vetnam, Gretsiya, Janubiy Koreya, Kuba, Maldiv orollari, Misr, Ozarboyjon, Seyshel orollari, Serbiya, Singapur, Tanzaniya, Turkiya, Finlandiya, Shveytsariya, Efiopiya, Yaponiya, Qatar, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Hindiston.

Ruxsat berilgan mamlakatlar ichida epidemiologik vaziyat birmuncha o‘nglangan O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston yo‘q.

2019 yilda Rossiya ta'lim va fan vazirligi xorijiy talabalar bo‘yicha yetakchi davlatlarni e'lon qilgan edi. Eng ko‘p talaba Qozog‘istondan (65,6 ming talaba), ikkinchi o‘rinda — Turkmaniston (27,4 ming), uchinchi o‘rinda — O‘zbekiston (25,7 ming). Rossiyada 250 mingdan ziyod xorijiy talaba tahsil oladi.