Light | 00:50 / 22.03.2021
113144
3 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis uyqu uchun eng foydali holatni ma'lum qildi 

Foto: iStock

Rossiyalik shifokor-nevrolog Yevgeniy Sokovning fikricha, uyqu uchun eng foydali holat bu o‘ng yonbosh bilan yotish  hisoblanadi. Shuningdek, uyqu vaqtida gavdaning noto‘g‘ri holatlari umumiy ahvol yomonlashishiga olib keladi.  

Uning ta'kidlashicha, uyqu uchun eng ideal holat yonbosh bilan yotish hisoblanadi. Shifokor bunda o‘ng yonbosh bilan yotib, qo‘l-oyoqlarni biroz bukishni tavsiya qilgan. 

“Siz chap yonbosh bilan yotganingizda yuragingiz umurtqa va ko‘krak qafasi oralig‘i hamda o‘pkaning bosishidan zo‘riqish his qiladi”, deb ta'kidlab o‘tgan mutaxassis.

Bundan tashqari, qorin bilan yotishdan ham qochish kerak, chunki bu holatda odam boshini yon tomonga bukib yotadi. Bu esa miyani qon bilan ta'minlovchi bo‘yindagi arteriya va vena tomirlarining buralishiga olib keladi.  

Chalqancha yotishga kelsak, nevrologning aytishicha, bu yaxshi holat, biroq eng yaxshisi emas.

“Odam qo‘l-oyoqlari to‘g‘ri, cho‘zilgan holda yotganda, bu fiziologik jihatdan nomaqbul hisoblanadi. Bunday holatdagi uyquda til bo‘shashib, tomoqning orqa devoriga siljishi va nafas olishni jiddiy qiyinlashtirishi mumkin”, deb tushuntirgan mutaxassis.

U, shuningdek, juda yumshoq, yupqa yoki baland yostiqda yoxud usiz uxlash uyqu uchun nomaqbul ekanini qo‘shimcha qilgan.  

“Yostiqning qattiqligi va balandligi shunday bo‘lishi kerakki, umurtqaning bo‘yin, bel, ko‘krak qismi va boshga bir tekislikda bo‘lish imkonini berishi lozim”, deb tavsiya qilgan Sokov.

Shifokor o‘z so‘zlari yakunida uyqu davomiyligi ish kuni yoki dam olish kuni bo‘lishidan qat'i nazar, 7 soatdan kam bo‘lmasligi kerakligini uqtirib o‘tgan. “Uyqu uchun eng maqbul vaqt esa kechki soat 10dan tonggi soat 6gacha”, deb qo‘shimcha qilgan mutaxassis. 

Mavzuga oid