Jamiyat | 08:48 / 23.03.2021
42105
10 daqiqa o‘qiladi

«Biz ko‘rgan kunlarni bolalarimiz ko‘rmasin» - umri sarsongarchilikda o‘tayotgan oila hikoyasi

Mardikorlik har kimning qo‘lidan kelmaydi. Bu ishni o‘z nomi bilan mardlarga chiqargan. Afsuski, bugun ko‘pchilik mardikorlik bilan shug‘ullanishga majbur. Jamiyatimizda inson va uning mehnati keragicha qadrlanmagani sabab mardikorlik qilayotgan odamlar aksar hollarda kamsitiladi. Yetmaganiga bu kasb egalarining biri ikki bo‘lishi ham qiyin. Bugun mardikorlik bilan shug‘ullanayotgan er-xotinning hikoyasiga quloq tutdik. Oilaning taqdiri ham ibrat, ham jamiyat muammolariga ko‘zgu...

Oila boshlig‘i Mahmud Rahimov boshdan o‘tkazganlarini gapirib berdi.

«Ertalab soat 05:00 da turib, pechka yoqaman-da, ishga chiqib ketaman. Ko‘pincha nonushta ham qilmay, Qo‘yliqqa – ishchilar birjasiga boraman. Ertaroq borsam, odam kamroq bo‘lib, ish chiqishi ham osonroq bo‘ladi. Ba'zi hollarda ish bo‘lmagach, soat 15:00 – 16:00 gacha ham kutib o‘tiraveraman. Kun bo‘yi o‘tirsam ham, ish bo‘lmagan paytlari uyga qaytib kelaman. Ayolim ishdan kelmagan bo‘lsa, bolalarga ovqat tayyorlayman. Bolalarim mana shu bitta xonada qamalib o‘tirishadi. Ertalab er-xotin birga ketganimizda ularning ustidan qulflab ketamiz, chunki tashqarida uy egasining qo‘ylari bor. Bundan tashqari, aeroport, temir yo‘l, kanal yaqin, qo‘rqamiz.

Ba'zan 10 kun ketma-ket ish bo‘lishi mumkin, 10–15 kunlab ishsiz qolib ketgan kunlarimiz ham bo‘lgan. Karantin vaqtida deyarli ish bo‘lmadi. Mardikorlik ham oson emas, urush-janjal qilib, tortishib ish olasiz. Qo‘yliqda tushdan keyin salkam 2000 nafar ishchi yig‘ilgan bo‘ladi. Doimiy ishim bo‘lsa, haftada 300–500 ming so‘m ishlab topaman. Vaqti kelganda, nonga ham pul topolmay qolamiz. Qo‘yliqda tanish sotuvchi bor, undan doim non sotib olganim uchun qarzga ham berib turadi. Kecha ham bitta nonni qarzga olib keldim. Topgan pulni ilgaridagidek orttirolmaysiz, zo‘rg‘a uchma-uch yetadi. Boshqa [mardikor] yigitlar bilan gaplashganda ham shu gapni aytishadi: bir kunlik topgan pulini ijarasiga to‘laydi, oziq-ovqatiga sarflaydi va shu bilan tugaydi. Ertasi kuni yana ishga chiqib ketaveradi.

Mening maqsadim – bolalarim o‘z uyimizda yashashi. Chunki ertaga kimdir ularni uyi yo‘qligi uchun ajratib qo‘yishini xohlamayman. Bundan buyog‘iga pasportimni propiskaga qo‘yish, bolalar kelajagi uchun 1-2 sotix yer olib, uy-joy qurib berish uchun ishlayman. Ular ham o‘qisin, men ko‘rgan qiyinchilikni ko‘rmasin, deyman. Katta qizim shifokor, o‘g‘lim militsioner bo‘lishni xohlaydi».

Oila bekasi, Asal Umirova ham mardikorlik mashaqqati haqida so‘zladi:

«Ko‘chada ishlaymiz, mardikorlik qilamiz, Xudo bergan rizqni terib kelamiz. Ertalab turib, xo‘jayinimni ishga jo‘nataman, ba'zida birga ketamiz. Ko‘pincha xo‘jayinimga siz ertaroq ishga boravering, zora, omadingiz kelib, yaxshi ish chiqib qolsa, deyman. Ertalab Qo‘yliqqa chiqqanimda, ish chiqsa, ketaman. Bo‘lmasa, kechki soat 15:00 – 16:00 gacha qolib ketishim ham mumkin. Biz asosan uy ishlarini qilamiz. Ba'zida ish og‘ir bo‘lsa, 100–120 ming so‘m, yengilroq bo‘lsa, 70–80 ming so‘mga ishlaymiz. Odatda 3-4 kunda bir ish chiqadi.

Mardikor ayollarning deyarli hech qaysisida uy yo‘q, ish yo‘q. Qo‘yliqda yuzlab ayol ish kutib o‘tiradi. Biz ham maosh beruvchi doimiy ishimiz bo‘lishini xohlardik. Ko‘chada daydilik qilib yurishni istamaymiz. Ochig‘i, ko‘chaning daydi ayoliga o‘xshab qolganmiz. Ishlashga borgan joylarimizda bizni behurmat qilishadi.

Oilaning 3 farzandi 1 yildan beri maktabga bormaydi. Toshkentda propiskasi bo‘lmagani uchun bu yerdagi hech qaysi maktab qabul qilmayapti. Shu sababli ular kun bo‘yi bitta xonada qamalib o‘tirishadi.

«Ishga ketayotganda bolalarning ustidan qulflab ketaman. Katta qizim ukalariga qarab o‘tiradi. Ertalab ovqatlarini tayyorlab, pechkaga o‘tin yoqib ketaman, kelgunimizcha uyni isitib turadi. Katta qizim va o‘g‘lim 2-sinfgacha maktabga borgan. Katta qizim 11 yoshda, o‘g‘lim 10 yoshda, kenja qizim 7 yosh. To‘ng‘ich qizim bir yil keyin, o‘g‘lim bilan birga bitta sinfda o‘qidi. Ijarada yashaganimiz uchun doimiy yoki vaqtinchalik propiskaga turmaganmiz. Shuning uchun bolalarim maktabga borolmadi. Propiska masalasida muammo bo‘lgani uchun mahalla idorasidagilar ijara uyimizdan quvib chiqarishdi. Ko‘chada tunab qolishga ham majbur bo‘lganmiz. Bozorning orqa tarafida bir hafta yashaganmiz. Keyin shu yerga kelib joylashdik, bir yildan beri yashayapmiz.

Bolalarimni maktabga joylashtirishga harakat qildim, lekin direktor propiskamiz bo‘lmagani uchun qabul qilmadi. Kitoblarini o‘qishga tashlab ketaman. Kelgunimcha o‘qib o‘tirishadi, televizor ko‘rishadi. Ishdan qaytganimda, bolalarimni tashqariga chiqaraman. Keyin ertasi kuni shu holat yana takrorlanadi.

2009 yilda turmush qurganmiz. O‘shandan beri uy-joyimiz yo‘q, ijarama-ijara yashaymiz. 2017 yilda portal tashkil etilgandan so‘ng shu zahoti uy-joy muammosi bo‘yicha murojaat qilganmiz. Turmush o‘rtog‘im tug‘ilgan Yangiyo‘lda bir muddat yashadik, lekin mahalla raisi propiskamiz bo‘lmagani uchun u yerdan chiqarib yubordi. Keyin katta dala bo‘yidagi chaylada yashadik. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi, Adliya vazirligi vakillari yashayotgan joyimizga kelib, sharoitimizni ko‘rishdi.Ular bizga yordam berishga va'da berib, aldashdi va murojaatimiz ijobiy hal qilingani bo‘yicha xatga qo‘l qo‘ydirib olishdi. Muammomiz qog‘ozdagina hal etildi. Ular bizni Yangiyo‘lning boshqa joyida vaqtinchalik bir xaroba uyga olib borishdi. So‘ng vazirlik vakili qog‘oz berib, «10 kun shu yerda yashab, keyin chiqib ketaman, deb yozib qo‘l qo‘yib berasiz», – dedi. Xo‘jayinim bunga rozi bo‘lmadi, chunki ko‘chib kelib, sarson bo‘lgandan ko‘ra, o‘sha chaylada yashab yuravergan yaxshi edi.

Ular bizni qanday qilib bo‘lmasin chayladan chiqarib yuborishni xohlashdi. Jarima solib ketishdi, biz esa hech nima demadik. Keyin oxiri nima qilishni bilmay, fermerlarga jarima solamiz, deb qo‘rqitishdi. Fermerlar kelib, bizga ham muammo bo‘lmasin, deyishgach, yog‘in-sochinga qolib ketmaslik uchun chayladan chiqib ketdik».

Oila boshlig‘ining aytishicha, shundan keyin baklajkaga muz soluvchi korxonaga joylashib, 2 oydan ortiq yashab ishlashadi. Ish tugagach, ular Sirg‘ali tumanida ijara uy topib yashashdi. U yerda ham ko‘p turishmaydi, yana propiska muammosi ularni tinch qo‘ymadi. Mahalla posbonlari kelib, chiqib ketishni talab qilishadi. So‘ng oila Parkentga ko‘chib ketadi. U yerda ham shu holat takrorlandi. Mahalladagilar ularni ijara uydan zo‘rlab haydab chiqarishgan. Ularning boradigan joyi yo‘qligidan bu joydan chiqib ketisholmasdi.

Parkentda turolmagan oila Qo‘yliq bozorda aravalar turadigan ochiq hududda qo‘nim topishga majbur bo‘ladi. Oila boshi Mahmud aka ijaraga arava olib, bozorda aravakashlik qilgan. Uning aytishicha, o‘sha paytlarda kun oxiriga kelib hamma qatori aravasini topshirmasdi, chunki u oilani yog‘in-sochindan asrab turuvchi najotkor edi. Xullas, mashhur she'rda aytilganidek, oila «har hafta ko‘chib, davr-u davron surgan».

Bu oilaning sarsongarchilikdagi kunlari shu tariqa o‘tmoqda. Mahmud akaning oilasi hozir Mirobod va Qo‘yliq tumani o‘rtasidagi chekka hududdagi tashlandiq hovlida yashamoqda. Bu uy egasi ulardan uydan chiqib ketishni talab qilmoqda. Oila esa juda ko‘pchilik uchun oddiy hol bo‘lgan o‘z uyida yashash, bolalarini maktabga berish kabi narsalarni orzu qilib yashamoqda. Mehnat qilgan odam hamma narsaga erishishi mumkinligi haqiqat, lekin qahramonlarimizning holatida tinimsiz mehnat faqat ijara pulini to‘lash va qorin to‘qlashga arang yetmoqda. Yo‘q, bu gaplarimiz bilan sizning rahmingizni keltirmoqchi emasmiz, shunchaki har kuni o‘z uyingizda uyg‘onganda bu narsani orzu qiladiganlar ko‘p ekanini unutmang, qo‘lingizdan kelsa, bunday odamlarga yordam bering...

Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid