Jamiyat | 19:17 / 24.03.2021
43902
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga yuborilgan migrantlar muammolarga duch kelmoqda. Bunga sabab nima?

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali Rossiyaga ishlagani borgan o‘zbekistonliklar Kun.uz'ga murojaat qildi. Ular yashash sharoitlari va maoshlar va'da qilingandek emasligi, xodimlar manfaatiga zid mehnat shartnomalari tuzilayotganini aytishmoqda. Kun.uz vatandoshlar murojaati yuzasidan surishtiruv olib bordi.

2020 yilning noyabr-dekabr hamda joriy yilning yanvar-fevral oylarida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Rossiyada qurilish sohasida ishlashni istaganlar uchun tanlov e'lon qilindi. Unda «PIK Industriya» AJ, «Texstroy» va «Ant Yapi», «StroyKraft» qurilish korxonalari ish berishi ma'lum qilingandi.

Shundan so‘ng, bosqichma-bosqich tanlovlar o‘tkazilib, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari navbat bilan Rossiyaga yo‘l ola boshladi. Xullas, agentlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o‘zbek mehnat migrantlarining Rossiyaga ishga ketayotganligi haqidagi xabarlar peshma-pesh yoritildi.

Biroq, biroz vaqt o‘tgach, Rossiyaga kirib borgan mehnat migrantlaridan Kun.uz’ga shikoyatlar kela boshladi. Bu borada xorij OAVlari ham migrantlar duch kelayotgan masalalarga doir xabarlar tarqatdi. Xususan, BBC o‘zbek xizmati bu haqda ikki bor xabar bergan bo‘lsa, Youtube tarmog‘idagi Aleksandr Kim kanalida migrantlar huquqi bo‘yicha yurist Valentina Chupikning o‘zbekistonliklar bilan uchrashuvi 2 qismda e'lon qilindi.

Valentina Chupik

 Dastlab, «PIK Industriya» AJ, «Texstroy» kabi qurilish korxonalarining mehnat migrantlariga takliflari qanday bo‘lganiga to‘xtalsak.

 Tahririyatga kelib tushgan hujjatlarda ta'kidlanishicha, «PIK Industriya» AJ o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga 8 soatdan haftasiga 5 kunlik ish kuni tartibiga 60-100 ming rubl miqdorida ish haqi va'da qilgan bo‘lsa, «Texstroy» mutaxassisliklarga qarab, 60-110 ming rublgacha ish haqi berilishini bildirgan.

Biz bilan bog‘langan mehnat migrantlarining barchasi bu gaplar faqat og‘zaki aytilganini, tanishish uchun berilgan ayrim qog‘ozlar imzo qo‘ydirib olingach, O‘zbekistonning o‘zidayoq qaytarib olinganini aytishdi.

Biz «PIK Industriya» vakili bilan Telegram sahifasi orqali bog‘lanishga harakat qilib ko‘rdik, biroq ushbu korxonada ishlashini ta'kidlagan xodim savollarimizni javobsiz qoldirdi.

Xo‘sh, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali Rossiyaga yuborilgan vatandoshlar nimadan norozi o‘zi?

 Tahririyatga yuborilgan lavhalar va audioxabarlarda karantin vaqtidagi yashash sharoitlarining yomon ekanligi, xodimlar manfaatlariga zid bo‘lgan mehnat shartnomalari tuzilayotganini ta'kidlashdi. Ayrimlari 3 oy mobaynida ishga jalb qilinmaganliklarini aytishdi. Shuningdek, ba'zi puli yo‘q muhojirlar 28 ming rublgacha bankdan kredit olishga majburlanganligi aytiladi. Patent olgandan so‘ng, ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini buza olmasliklari, aks holda vatanga deport qilinishi haqida ogohlantirishlar berilgani xususida so‘z borgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan tanlov chog‘ida o‘z ishining ustalari, rus tilini yaxshi tushunadigan mutaxassislar tanlab olinganiga qaramay, yordamchi ishchi sifatida shartnoma qilingan hamda ularga 24 ming rubl atrofida ish haqi tayinlangan.

Rossiyada mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi Valentina Chupik o‘zbekistonliklar bilan uchrashuvida mutaxassis bilan kelishuvlarning ayrim bandlarida majburiy mehnat alomatlari borligini aytgan edi.

Fuqarolar O‘zbekistonning o‘zida agentlik xizmatlari uchun 245 ming so‘m, PsR test uchun 240 ming, qon tahliliga 267 ming so‘m to‘lagan bo‘lsa, bir tomonga aviachipta bir kishi uchun 4 mln 500 ming so‘mga tushgan.

 Biz aviachiptalarni sotgan va charter reyslarni tashkil etgan «Panorama bolalar uyi» MChJga bog‘lanib, ulardan quyidagi savollarga javob berishlarini so‘radik. Biroq, nima uchundir, rus ish beruvchi kompaniyalarining O‘zbekistondagi vakili hisoblangan firmaga borgan Kun.uz muxbiri Anvar Mustafoqulov tahdidga uchradi.

Shundan so‘ng, «Panorama bolalar uyi» MChJ rahbari o‘rinbosari telefon orqali aloqaga chiqib, har qanday savolga tahririyatning Toshkentdagi ofisiga kelib javob berishga tayyor ekanliklarini ma'lum qildi. Ammo, uchrashuv belgilangan vaqtga (20 mart) firma vakillari tashrif buyurishmadi. Shunga ko‘ra ushbu firmaga avval ham yo‘llangan savollarimiz hamon aktual bo‘lib qolmoqda.

 Xo‘sh, mehnat migrantlari duch kelgan muammolar bo‘yicha huquqshunoslar qanday fikrda? Huquqshunos Nasim Abdullayev bu boradagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Nasim Abdullayev

Albatta, har bir masalada tanganing ikkinchi tomoni ham bo‘ladi. Ikkinchi tomonni eshitish esa mavzuni yanada kengroq tasavvur qilish imkonini beradi. Shu maqsadda, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Matbuot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov hamda agentlik yuridik boshqarmasi boshlig‘i Kamola Shukurovaga murojaat qildik.

TMMA matbuot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov
TMMA yuridik boshqarmasi boshlig‘i Kamola Shukurova

Tomonlar fikri hamda migrantlar duch kelayotgan muammolar bilan tanishdingiz. Biz esa, e'tiboringizga ishchilarning asosiy talabini havola qilmoqchimiz. Ular o‘zlariga beriladigan ish haqi mukofot puli-yu, ortiqcha topshiriqni bajarganlik uchun to‘lanadigan haq qancha bo‘lsa, barchasining mehnat shartnomasida qayd etilishini xohlamoqda. Shartnomada 24 ming yozilib, mukofot sifatida qo‘shimcha to‘lov qilinishini jiddiy qabul qilishmayapti. Chunki, bajarilgan ish uchun qo‘shimcha to‘lov qilish, rejani bajarganlik uchun mukofot puli berish-bermaslik ish beruvchining istagiga bog‘liq bo‘ladi.

Demak, o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining talabi juda oddiy. Endi buni birgalikda, tomonlar muzokaralari orqali hal qilish qolgan, xolos.

Shu o‘rinda, yana bir jiddiy masala kun tartibiga chiqadiki, mehnat migrantlarining huquqiy bilimini yanada oshirish darkor. Ularni xorijga tashkiliy ravishda jo‘natish tartibini ham tanqidiy ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. O‘ylaymizki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi delegatsiyasining shu haftada Rossiyaga uyushtiradigan xizmat safarida barchasi joy-joyiga tushadi.

Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid