O‘zbekiston | 22:19 / 24.03.2021
13524
3 daqiqa o‘qiladi

Tok, gaz va suvdan foydalanish qoidalarini buzgan fuqarolarni javobgarlikka tortish IIB xodimlari zimmasiga yuklatilishi mumkin

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muhokamadagi o‘zgartirishlar kiritilsa, elektr, issiqlik energiyasi, gaz hamda vodoprovoddan foydalanish qoidalari aholi tomonidan buzilganlik holatlari bo‘yicha ma'muriy huquqbuzarlik holatlarini aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish vazifasi — ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasida yuqoridagilarni nazarda tutuvchi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi muhokama qilingan.

Muhokamalar jarayonida qonun tashabbuskorlari tomonidan qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 24 noyabrdagi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonining 15-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgani ta'kidlangan.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 391, 381-2-moddalariga elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash, bartaraf etish va ularning oldini olish bo‘yicha tergov va surishtiruvga tegishlilik vazifasi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning hududiy bo‘linmalariga yuklatishni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.

Bundan tashqari, elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish holatlarining aksariyati joylardagi aholi tomonidan sodir etilishini inobatga olib, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 245-3 va 248-moddalariga surishtiruvga tegishlilik hamda ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika (katta) inspektorlariga taalluqliligi belgilanmoqda.

Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida Rossiya Federatsiyasi, Ozarboyjon va Qozog‘istonning ham jinoyat-protsessual qonunchiligi o‘rganilgan.

Jumladan, Rossiya Federatsiyasi, Ozarboyjon va Qozog‘iston Respublikalari jinoyat-protsessual qonunchiligida elektr, issiqlik energiyasi, gaz, suvdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar bo‘yicha tergov harakatlari prokuratura (Ozarboyjon) va ichki ishlar (Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasi) organlari tergovchilari tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid