Iqtisodiyot | 16:25 / 25.03.2021
16401
3 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy shaxslar 2021 yil uchun uy-joy solig‘ini qachongacha to‘lashi mumkin? 

Davlat soliq qo‘mitasi jismoniy shaxslar 2021 yil uchun uy-joyga hisoblangan soliqlar to‘g‘risida xabarnoma olganda qachongacha uy-joy solig‘ini to‘lashi mumkinligini ma'lum qildi. 

Soliq kodeksining 423-moddasiga binoan, jismoniy shaxslar egaligidagi mol-mulk va yer uchastkalariga joriy yil uchun hisoblangan soliqlarni teng ulushlarda 15 aprel va 15 oktyabrga qadar to‘lash lozimligi belgilangan.

DSQ jismoniy shaxslar mol-mulk va yer uchastkalari uchun soliqlarni onlayn to‘lash usulini tushuntirdi. 

«Soliq to‘lovlarini «Soliq» mobil ilovasi orqali xohlagan manzil va istalgan paytda to‘lash mumkin. Buning uchun ilovaning jismoniy shaxslar va undan keyin kirish bo‘limi tanlanadi. Ushbu bo‘limga elektron raqamli imzo (ERI) yoki jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqami (PINFL) kiritiladi. So‘ngra oynada jismoniy shaxsga hisoblangan u to‘lagan yoki to‘lashi zarur bo‘lgan soliqlar avtomatik tarzda shakllanadi. Foydalanuvchi yer yoki molk-mulk solig‘ini to‘lash uchun ushbu oynada shakllangan «mening obektlarim» bo‘limiga obekt manzilini kiritishi kerak. Shunda obekt egasining ismi familiyasi, STIRi, obekt kodi, soliq turi va soliq miqdori paydo bo‘ladi. To‘lov summasi aniqlangach, uni belgilangan satrga kiritish talab etiladi. To‘lov reysteri orqali esa to‘lovlarni tekshirish mumkin. 

Shuningdek, jismoniy shaxslar mol-mulk va yer soliqlarini uydan chiqmagan holda «Soliq» ilovasidan tashqari «Payme», «Click» va boshqa mobil ilovalar orqali to‘lash imkoni mavjud», deyiladi rasmiy xabarda. 

Avvalroq soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritilayotgani va unda Farg‘ona viloyatining ayrim hududlari eksklav hududlar sifatida e'tirof etilib, ushbu joylarda kodeksda nazarda tutilgan soliq stavkalaridan qat'i nazar, ayrim soliq stavkalari belgilanishi mumkinligi xabar qilingan edi.

Shuningdek, soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasida 2020 yil 31 dekabrgacha davrda soliq qarzi bo‘lgan ayrim soliq to‘lovchilardan 2 yilgacha soliq qarzi undirilmasligi va elektromobillarga soliq imtiyozlari berilishi taklif etilayotgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid