O‘zbekiston | 18:50 / 26.03.2021
51538
7 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston bahsli hududlar bo‘yicha kelishuv haqida ma'lum qildi. O‘zbekiston tomoni bu hali «ishchi guruh kelishuvlari» ekanini aytmoqda

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Toshiyev ikki mamlakat delegatsiyalarining Toshkentdagi uchrashuvlarida o‘zaro chegaradagi barcha bahsli hududlar masalasi hal qilingani va qanday shartlar asosida kelishuvga erishilgani haqida ma'lumot berdi. O‘zbekiston TIV vakili yakuniy kelishuvlar endi e'lon qilinishini aytmoqda.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Toshiyev Qirg‘iziston - O‘zbekiston chegarasidagi barcha bahsli hududlardagi muammolar hal qilingani haqida ma'lum qildi.

Qirg‘iziston hukumat delegatsiyasining rahbari Qamchibek Toshiyev 24-25 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumat delegatsiyalarining uchrashuvlari natijalarini ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar qirg‘iz-o‘zbek chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha ijobiy natijaga erishgan.

«Qirg‘iziston - O‘zbekiston chegarasidagi barcha bahsli hududlar 100 foiz hal qilindi. Endi bu borada muammolar bo‘lmaydi», - dedi Qamchibek Toshiyev.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston 2021 yil 1 apreldan boshlab So‘x tumaniga qatnash uchun odamlar tashishga mo‘ljallangan 20 o‘ringa qadar bo‘lgan, transport vositalari va mikroavtobuslar harakatlanishi uchun «Qaytmas» va «Otukchu» nazorat-o‘tkazish punktlarini ochishga kelishib olgan.

Tomonlar, shuningdek, «Qora-Suv», «Begabad», «Intimoq», «Kensoy», «Seydikum» nazorat-o‘tkazish punktlarini tartibga solish va tiklash bo‘yicha kelishuvga erishgan. Qamchibek Toshiyevning so‘zlariga ko‘ra, ta'mirlash ishlari O‘zbekiston tomonidan amalga oshiriladi.

Toshiyevga ko‘ra, tomonlar Kampirobod (qirg‘iz-o‘zbek chegarasida joylashgan) suv omboridan umumiy foydalanish yuzasidan ham kelishuvga erishgan. Xususan:

  • Kampirobod suv omborining suv zaxiralarini 900 gorizontaldan yuqori bo‘lmagan darajada to‘ldirishni nazarda tutadigan, birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim tuzish;
  • O‘zbekiston tomonidan Qirg‘iziston fuqarolarining suvdan bepul va to‘siqsiz foydalanishini ta'minlash;
  • O‘zbekiston suv ombori havzasi atrofida muhandislik inshootlarini o‘rnatmaslik majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.

Shuningdek, demarkatsiya paytida O‘zbekiston Qirg‘izistonga tovon sifatida O‘sh viloyatining O‘zgan tumani va Jalolobod viloyatining Suzoq tumani bilan chegaradosh bo‘lgan Andijon viloyati chegarasidagi 304 va 312-sonli chegara punktlari orasidagi 1000 gektar yer maydonini beradi.

Tomonlarning suv xo‘jaligi vazirliklariga Kampirobod suv omborining resurslaridan birgalikda foydalanish va boshqarish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqish topshirilgan.

Shahrixonsoy kanalining (chap tomoni) va Andijon suv ombori to‘g‘onining chegara punktlari hududida joylashgan № 312 va 312/3 qismlarini, kanaldan to‘g‘onning o‘rtasigacha bo‘lgan qismini belgilashga kelishib olingan. Bunda O‘zbekistonga 50 gektarga yaqin yer qolishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston tomoni demarkatsiya uchun tovon sifatida, qirg‘izlarga O‘sh viloyatining O‘zgan tumaniga tutash Andijon viloyati chegarasidagi 304 va 312-sonli chegara punktlari oralig‘idagi 50 gektarga yaqin yer maydonlarini topshiradi.

O‘rtato‘qay (Kosonsoy) suv ombori qurilishiga ajratilgan yer uchun tovon sifatida Qirg‘iziston hududida 105 gektar yerni 23 va 24-chegara punktlari oralig‘ida qoldirib, Ko‘k-Serek (Qoraqo‘rg‘on) uchastkasini tavsiflashga kelishib olingan.

Bundan tashqari, ikki mamlakat quyidagi hududlarni ham xatlovdan o‘tkazishga kelishib olgan:

  • Boyiston uchastkasi, 81 va 82-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 212 ga yer Qirg‘iziston hududida qoladi;
  • Savay uchastkasi, 312/4 va 312/6-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 100 gektar yer Qirg‘iziston hududida qoladi;
  • Unkar-Too uchastkasi, 113 va 114-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 35 gektar yer Qirg‘iziston hududida qoladi;
  • demarkatsiya vaqtida Beles uchastkasi qayta xatlovdan o‘tkaziladi, 25 va 27-raqamli chegara nuqtalari orasidagi 25 gektar yer Qirg‘iziston hududida qoladi;
  • qo‘shma dala tadqiqotlaridan so‘ng Gavasoy uchastkasi xatlovdan o‘tkaziladi, bunda Kampirobod kanalining qurilmagan chap sohili evaziga Qirg‘izistonga 8000 gektar yer qoldiriladi.

Bundan tashqari, Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risida hukumatlararo bitim loyihasi tayyorlanadi.

«O‘rtato‘qay suv ombori biz tomonda qoldi. Bilamizki, uning 95 foizidan o‘zbeklar foydalanadi. Suv omborining hududi 800 gektarga yaqinni tashkil etadi. Taxminan 200 gektar maydon bizga kompensatsiya sifatida oldinroq berilgan edi», dedi Toshiyev.

O‘rtato‘qay (Kosonsoy) suv ombori Jalolobod viloyatining Ola-Buqa tumanida, O‘zbekiston bilan chegaradan 5 km uzoqlikda joylashgan.

Qolgan gektar hisobiga, Toshiyevning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston quyidagi hududlarni olgan:

  • Ko‘k-Serek uchastkasi - 105 gektar;
  • Boyiston uchastkasi (Ala-Buqa tumani) - 212 gektar;
  • Oqtosh uchastkasi (Qorasuv tumani) - 100 gektar;
  • Ungar-Too - 35 gektar;
  • Qora-Beles uchastkasi - 25 gektar.

Toshiyevga ko‘ra, ikki kunlik muzokaralardan so‘ng, Jalolobod va Namangan viloyatlari chegarasida joylashgan Gavasay uchastkasining 8 ming gektari Qirg‘izistonga o‘tgan.

«Bu yerda 5-6 qirg‘iz qishloqlari va ularning yaylovlari mavjud. Ushbu yerda bir necha bor to‘qnashuvlar bo‘lgan, o‘q otilgan», - deya qo‘shimcha qilgan u.

Shuningdek, Qirg‘iziston Shahrixonsoy kanalining boshidan taxminan 50 gektar maydonni bergan va O‘zgan viloyatidan 50 gektar yerni olgan.

Kun.uz muxbiri Qirg‘iziston rasmiylari e'lon qilgan ushbu ma'lumotlar yuzasidan izoh olish uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik vakilining ma'lum qilishicha, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari tomonidan e'lon qilingan ma'lumotlar ishchi guruh faoliyati davomida tuzilgan loyihalar bo‘lib, yakuniy kelishuvlar ikki davlat bosh vazirlari tomonidan tasdiqlangach e'lon qilinadi.

«Hozircha rasmiy axborot yo‘q. O‘zbekistonga Qirg‘izistonning bosh vaziri kelgan.

Bu ishchi guruh kelishuvlari. Bu masala bosh vazirlar darajasiga olib chiqiladi. Oxirgi kelishuvlar bosh vazirlar tomonidan amalga oshirilganidan keyin rasmiy ma'lumot beriladi», degan u.

U bosh vazirlar kelishuvidan keyin, 27 mart kuni rasmiy ma'lumot berilishini ta'kidladi.

Mavzuga oid