O‘zbekistonda qaysi sohalar xodimlari eng ko‘p korrupsiyaga qo‘l urayotgani ma'lum qilindi
Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonda korrupsiyaviy jinoyat sodir etgani uchun sudlangan shaxslarning deyarli yarmi – ishsizlar, ta'lim va tibbiyot sohasi xodimlaridir. O‘tgan yili mingdan ortiq kishi pora berish moddasi bo‘yicha sudlangan bo‘lsa-da, bor-yo‘g‘i 133 nafar shaxs pora olishda ayblangan.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda katta o‘zgarish bo‘lmayapti, dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Norboyeva kengashning 29 martdagi yig‘ilishida.
«Amalga oshirilayotgan ishlarga qaramay, korrupsiyaga qarshi kurashishda katta o‘zgarish kuzatilmayapti, bunday jinoyatlarni sezilarli darajada kamaytirishga erisha olmayapmiz», – ta'kidladi Senat raisi.
Senat matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, Norboyeva yig‘ilishda 2020 yilgi statistik ma'lumotlarni keltirib o‘tgan.
Ma'lum qilinishicha, 2020 yilda sudlar tomonidan korrupsiya bilan bog‘liq (Jinoyat kodeksining 205-214-moddalari) 2 270 nafar shaxsga nisbatan 1 502 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Eng ko‘p jinoyatlar quyidagilar bo‘lgan:
- pora berish (211-modda; 1 056 nafar shaxsga nisbatan 883 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan);
- mansab soxtakorligi (209-modda; 821 nafar shaxsga nisbatan 412 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan);
- hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish (205-modda; 184 nafar shaxsga nisbatan 83 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan);
- pora olish (210-modda; 133 nafar shaxsga nisbatan 99 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan).
Tahlillarga ko‘ra, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar asosan quyidagi toifa shaxslar tomonidan sodir etilgan:
- ishsizlar (23 foiz – korrupsiya bilan bog‘liq qilmishlar bo‘yicha ishtirokchi yoxud pora berishga qiziqtirgan shaxslar);
- ta'lim sohasi xodimlari (17 foiz);
- tibbiyot sohasi xodimlari (7 foiz);
- bank sohasi xodimlari (5 foiz);
- qurilish sohasi xodimlari (3 foiz);
- ichki ishlar sohasi xodimlari (3 foiz).
Bu jinoyatlarning 89,4 foizi quyi bo‘g‘in (tuman (shahar) yoki ularga tenglashtirilgan), 9,2 foizi o‘rta bo‘g‘in (viloyat) yoki ularga tenglashtirilgan), 1,4 foizi yuqori bo‘g‘in (respublika) yoki unga tenglashtirilgan) xodimlari yoki mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan.
Yig‘ilishda «Ijtimoiy fikr» markaziga Aksilkorrupsiya agentligi bilan birgalikda yil yakuniga qadar ushbu masala yuzasidan aholi fikrini o‘rganib, natijasi bo‘yicha ma'lumotni Milliy kengashga kiritish topshirig‘i berildi.
- Yanvar oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mansabdor shaxslar jinoyatchiligi bo‘yicha 2020 yilga oid statistikani e'lon qilgandi. Undan ko‘ringandiki, respublika va viloyat darajasidagi amaldorlarning jinoiy javobgarlikka tortilishi bir necha barobarga kamaygan.
Mavzuga oid
17:38 / 23.12.2024
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
15:21 / 19.12.2024
Xitoyda o‘g‘lining uy vazifalariga yordamlashayotgan ota infarktga chalindi
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
16:56 / 13.12.2024