«Institut uchun ajratilgan 1,1 mln dollarlik mablag‘dan haligacha biror texnika olganimiz yo‘q» – Mikrobiologiya instituti direktori
31 mart kuni Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti faoliyati bilan kengroq tanishtirish maqsadida OAV uchun press-tur tashkil qilindi.
Mikrobiologiya instituti 1977 yilda Fanlar akademiyasi tizimida tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 9ta ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Institutning asosiy ilmiy yo‘nalishi qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, oziq-ovqat hamda ekologik muammolar yechimiga qaratilgan.
Institut direktori biologiya fanlari doktori professor Qahramon Davronov institutning asosiy ilmiy yo‘nalishlaridan bo‘lgan qishloq xo‘jaligi, tuproq sho‘rlanishi kabi muammolar haqida ma'lumot berib o‘tdi.
«Institut ilmiy faoliyatining 30 foizdan ko‘proq qismi qishloq xo‘jaligida ekologik toza mahsulot yetishtirish, turli sabablar oqibatida ishdan chiqib borayotgan tuproqni qayta tiklash, sog‘lomlashtirishga qaratilgan.
Tuprog‘imiz nafaqat sho‘rlandi, chuvalchanglar kamaydi, balki sinchiklab o‘rganiladigan bo‘lsa, undagi mikroorganizmlarni ham ko‘rmay qo‘ydik. Mikroorganizmlarning tuproq sifati uchun ahamiyati juda katta. Agar tuproq tarkibidagi mikroorganizmlar qayta tiklansa, keyingi jarayonlar ham o‘z-o‘zidan joyiga tushadi.
Turli mintaqalar uchun alohida xususiyatlarga ega bo‘lgan mikroorganizmlardan foydalangan holda preparatlar yaratib kelinmoqda», deya ta'kidladi institut direktori.
Institutda 2020 yilda yangi tajriba-eksperimental laboratoriyasi tashkil qilingan. Laboratoriyaga xorijiy bank va jamg‘armalar mablag‘lari jalb etilgan.
Laboratoriyada farmatsevtika, veterinariya, parrandachilik va baliqchilik uchun yangi xususiyatlarga ega mikrob preparatlar yaratish, ularni kichik hajmda ishlab chiqarish va amaliyotga tatbiq etish ishlari amalga oshiriladi.
Laboratoriya xodimlari ma'lumotiga ko‘ra, ishlab chiqarish uchun tayyor bo‘lgan biopreparatlardan biri oshqozon va ichak yallig‘lanishining oldini oluvchi va davolovchi «Laktopropolis» dori vositasi bo‘lib, dunyoda preparatning analogi yo‘q, ilmiy loyihalar doirasida o‘tkazilgan klinikoldi sinovlari uning yuqori samaradorligini ko‘rsatgan. Shuningdek, ushbu preparatni may oyida ishlab chiqarish va tijoratlashtirishni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanayotgani qo‘shimcha qilindi.
Bundan tashqari, ushbu laboratoriyada an'anaviy lactobacterin, bifidumbacterin preparatlari bilan bir qatorda qondagi shakar miqdorini pasaytiruvchi, vitamin hosil qiluvchi probiotik preparatlar, sut mahsulotlari ishlab chiqarishda ishlatishga mo‘ljallangan bir marta qo‘shiladigan achitqilar, veterinariya, parrandachilik, baliqchilikda ishlatiladigan ozuqaga probiotik qo‘shimchalar ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Laboratoriya yangi avlod biopreparatlar ishlab chiqish, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash hamda farmatsevtika va biologiya yo‘nalishida ta'lim olayotgan bakalavr va magistrlar uchun amaliyot o‘tashga xizmat qiladi.
Institut direktori Qahramon Davronov ilm-fan sohasida tijoratlashtirish, bu yo‘nalishda mikrobiologiya uchun alohida yondashuv zarurligi, mikrobiologik tadqiqot natijalari uchun alohida korxona tuzish va buning uchun institutdagi salohiyat haqida hikoya qilib berdi.
«Mamlakatimizda ilm-fanni tijoratlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar qilinyapti. Ammo bu ishlar Mikrobiologiya institutiga tegishli bo‘lmasligi kerak, deb o‘ylayman. Kimyo yoki boshqa soha olimlari mamlakatdagi turli zavodlarning bir qismini modernizatsiya yoki yangi texnologiya yaratish orqali tijoratlashtirish ishlarini amalga oshirishi mumkin.
Afsuski, nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida ham mikrobiologiya sanoati rivojlanmagan. Biz 2020 yilda birinchi mikrobiologik tajriba-eksperimental laboratoriyasini tashkil etdik. Hali oldimizda ishlar ko‘p, mikrobiologiya sohasini tijoratlashtirishni istar ekanmiz, ishlab chiqarish korxonasi qurishimiz, mahsulot ishlab chiqaradigan texnologiya olib kirishimiz kerak, korxona esa bevosita institut huzurida va nazoratida bo‘lishi zarur. Buning uchun institutda ilmiy salohiyat yetarli. Bunga nima xalaqit qiladi — mablag‘ va ishonch. Bugungi kunda shunday holatdamizki, institut zimmasiga mas'uliyat olishga qodir. Bu yangi laboratoriyamiz katta ishlar oldidagi bir debocha», dedi institut direktori.
Olim, shuningdek, bir necha yil avval Fanlar akademiyasi institutlari uchun asbob-uskunalar olishga prezident tomonidan ajratilgan mablag‘lar hamon samarali ishlatilmayotgani yuzasidan fikrini bildirdi. Unga ko‘ra, institut sotib oladigan priborlar uchun ajratilgan 1,1 mln dollarlik mablag‘dan haligacha biror texnika olinmagan.
«Ilmga e'tibor qaratish borasida prezidentimiz olib borayotgan siyosatni to‘la oqlayman. Bir necha yil avval 36 mln dollar ajratgan edilar, nega ilm-fan asbob-uskunalari uchun ajratilgan bu mablag‘ ishlamayapti? Nega kerakli uskunalar olib kelib berilmayapti?
Balki, fan arboblarining ham xatosi bordir, lekin shu ishlar ijrosida turgan insonlar nega bunga bee'tibor bo‘lyapti? O‘zimiz boshdan o‘tkazdik, ikki yilda o‘n marta priborlar jadvali qaytadan ko‘rib chiqildi, institut uchun ajratilgan 1,1 mln dollarlik mablag‘dan hali bir dona asbob olganimiz yo‘q. Prezidentimizning g‘amxo‘rligi asosida fanni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yadigan bo‘lsak, ilm o‘z javobini bera oladigan holatda», dedi Mikrobiologiya instituti direktori Qahramon Davronov.
Institutdagi boshqa laboratoriyalar faoliyati haqida ham ma'lumotlar berildi. Shulardan yana biri molekulyar biologiya laboratoriyasi bo‘lib, 2020 yilda tashkil etilgan. Laboratoriya ilmiy faoliyatining asosiy yo‘nalishi:
– biologik faol moddalar ishlab chiqaruvchi mikroorganizmlarning molekulyar genetik xususiyatlarini tadqiq etish va mikroorganizmlarning rekombinant shtammlarini olish;
– zararkunanda hasharotlar, kasallik tug‘diruvchi zamburug‘ va bakteriyalarga qarshi biologik kurash choralarini izlash va tatbiq etish.
Laboratoriya ilmiy xodimlari ma'lumotiga ko‘ra, bu joyda zararli hasharotlarga qarshi Bacillus thuringiensis bakteriyasining 100dan ortiq shtamm namunalari yig‘ilgan. Bu bakteriyalarning morfo-fiziologik, kultural, fiziologik va biokimyoviy xususiyatlari o‘rganilgan. O‘sish davomida bakteriyalar zararli hasharotlarga qarshi kristall oqsillarini ishlab chiqarishi va uning ta'sir etish mexanizmlari ochib berilgan.
Hozirgi kungacha ushbu bakteriyalarni asal mum qurti, ko‘sak qurti, tengsiz ipak qurti va shiralarga ta'sir qilishi aniqlangan. Bacillus thuringiensis bakteriyasining faol shtammlari asosida «Ekobak» nomli bioinsektitsid preparatining reglamenti yaratilib, ishlab chiqarishda qo‘llash uchun tayyor ishlanma holatiga olib kelingan.
Tuproq mikrobiologiyasi va biotexnologiyasi laboratoriyasi
Laboratoriya xodimlari tuproqdagi o‘simliklar uchun muhim mikroorganizmlarni o‘rganib, ulardan bioo‘g‘itlar va biostimulyatorlar tayyorlash yo‘nalishida izlanish olib boradi.
Laboratoriya xodimlarining ma'lum qilishicha, sho‘rlanishga chidamli faol sianobakteriya shtammlarining tuproqqa introduksiyalanishi natijasida tuproqdagi gumus, umumiy azot, ammiakli azot, umumiy kaliy miqdori oshadi va fosfor qoldiqlarining miqdori kamayadi. Bu esa sho‘rlanish sharoitida tuproqning kimyoviy tarkibi yaxshilanishi va unumdorligi oshishiga olib keladi.
Yigitali Mahmudov tayyorladi.
Mavzuga oid
16:51 / 21.09.2024
Ilm-fanni moliyalashtirish: taklif qilinayotgan yangi tizim samara beradimi?
17:52 / 28.08.2024
Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev vafot etdi
17:12 / 20.06.2024
G‘ururi toptalganiga chidolmay, rivojlangan xalq - Yaponiyada ilmga munosabat haqida
08:22 / 08.06.2024