Jamiyat | 19:55 / 03.04.2021
2485
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda qulay shartda avtokredit olib berish bahonasida odamlarni chuv tushirgan MChJ rahbarlari fosh etildi

Sirdaryo viloyatida fuqarolarga qulay shartlar asosida avtokreditlar berishni va'da qilgan MChJning kirdikorlari fosh etilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.S., N.J. va boshqalar oldindan til biriktirib, firibgarlik yo‘li bilan o‘zgalar mulkini qo‘lga kiritishgani aniqlangan.

Jumladan, ular noqonuniy daromad orttirish maqsadida, «Y.N.» MChJni tashkil etib, Guliston shahrida ijaraga olingan binoda mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi ofis ochgan. So‘ng fuqarolarni foizlari yuqori bo‘lmagan va qulay shartlar asosida qisqa muddatda avtokredit ajratib berishga qiziqtirgan.

Oqibatda, 34 nafar shaxsning jami 425,8 million so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.  

Mavzuga oid