Jamiyat | 11:31 / 05.04.2021
6552
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 20 yoshli qiz va uni qutqarmoqchi bo‘lgan erkak Zarafshon daryosiga cho‘kib ketdi

Navoiy viloyati Navbahor tumanida yashovchi 20 yoshli qiz Karmana tumani hududidagi ko‘prikdan Zarafshon daryosiga o‘zini tashlab, joniga qasd qildi. Uni qutqarmoqchi bo‘lgan 46 yoshli erkak ham cho‘kib, vafot etdi.

Kun.uz'ning aniqlashicha, 2 aprel kuni Navbahor tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan D.A. Karmana tumani hududidagi ko‘prikdan o‘zini Zarafshon daryosiga tashlagan. Karmana tumanida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan, «Qizilqum» Geologiya  qidiruv korxonasi ishchisi bo‘lgan Sh.P. uni qutqarib qolmoqchi bo‘lib, ortidan suvga tushgan. Oqibatda ikkisi ham cho‘kib, vafot etishgan.

Voqea joyiga Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining qutqaruv otryadi yetib borgan. Soat 15:25 da cho‘kib ketganlar topilib, suvdan olib chiqilgan. Ma'lum qilinishicha, hozirda holat yuzasidan prokuratura tomonidan tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq Navbahor tumanida yashovchi 31 yoshli ayol eri uni o‘g‘il tug‘maslikda ayblab kelgani uchun o‘zi va 3 nafar qizini poyezd ostiga tashlagandi.

Mavzuga oid