O‘zbekiston | 23:39 / 07.04.2021
24582
2 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors Malibu narxini 45 mln so‘mga oshirdi

UzAuto Motors kompaniyasi xorijdan import qilinadigan Malibu 2 LTZ avtomobili narxini 324,4 mln so‘mdan 369 mln so‘mga ko‘tardi.

Foto: UzAuto Motors

Kompaniya buni ushbu avtomobil narxi bir necha yildan buyon o‘zgarmay kelgani, bu vaqtda so‘m qadrsizlanib, pandemiya davrida logistika xarajatlari ortgani bilan izohladi.

«Ikkinchi avlod Chevrolet Malibu avtomobillari O‘zbekiston bozorida 2017 yil aprel oyidan paydo bo‘ldi. Har bir yangi Chevrolet Malibu rusumining narxi avtomobil modifikatsiyasidan kelib chiqib tasdiqlangan va shu vaqtga qadar biror marta narxi oshmagan.

Ikki litr xajmdagi turbomotorli Chevrolet Malibu LTZ Premier Facelift avtomobilining so‘nggi Premium versiyasi 2019 yil oktabr oyida sotuvga chiqarildi. Ushbu avtomobilning narxi 2021 yil mart oyigacha o‘zgarmadi.

Dollar kursining o‘sishi (30 foizdan ko‘proqqa), Koreya Respublikasi voni kursining dollarga nisbatan mustahkamlanishi (10-15 foiz), pandemiya va boshqa omillar natijasida logistika narxining dunyo miqyosida o‘sishi ushbu avtomobil rusumi narxining yangilanishiga asosiy sabablaridan bo‘ldi»,deyiladi UzAuto Motors axborotida.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida O‘zbekistonda yangi avlod Chevrolet Equinox va Tracker avtomobillari sotuvga chiqdi.

Yanvar oyida «O‘zavtosanoat» yangi avloddagi Tracker'ning LT modifikatsiyasi narxi 222 mln so‘m bo‘lishini ma'lum qilgandi, ammo yakunda bu model aytilganidan 10 million qimmat – 232 mln so‘mdan sotuvga chiqarildi.

O‘tgan oy «O‘zavtosanoat» AJ raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurov UzAuto Motors kompaniyasi Spark va Nexia avtomobillarini zarariga ishlab chiqarishi, bu zararni qimmat modellarni sotish orqali qoplashini aytgandi.

Mavzuga oid