Bosti-bosti qilingan jinoyat. Saida Mirziyoyeva Termiz IIB xodimlari jazolanishiga umid bildirdi
Jinoyatchining mansabi va aloqalari sud qarorlarining adolatli bo‘lishiga ta'sir ko‘rsatmasligi lozim, dedi Surxondaryoda maktab o‘quvchisining zo‘rlanishi yashirib kelinganiga munosabat bildirgan Saida Mirziyoyeva.
Respublika gender komissiyasi a'zosi Saida Mirziyoyeva Termiz shahar IIB maktab o‘quvchisi zo‘rlanganini 14 oydan buyon yashirib kelganini qoralab, aybdorlar qonun oldida javob berishiga umid bildirdi.
«Termizlik voyaga yetmagan qiz fojiasi, uni zo‘rlagan kimsaning jazosiz qolayotgani haqidagi xabar jamiyatimizning kuchli g‘azabiga sabab bo‘ldi va men ularning qarashlarini butunlay quvvatlayman.
Bu mavzu ko‘tarilganidan xursandman, u shu kabi jinoyatlardan aziyat chekkan qizlarga o‘rnak bo‘ladi. Bunday jinoyatlar e'tiborsiz, jazosiz qolmasligi kerak.
Bir yildan ortiq vaqt davomida ota-ona adolat izlab, norasida qizining hayotini sindirgan zo‘ravonni jazolashni talab qildi.
Jinoyatchini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaganidek, Termiz huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarini ham umuman oqlab bo‘lmaydi. IIV bu holat yuzasidan surishtiruv-tergov ishlarini o‘tkazishiga va Termiz IIB xodimlari jinoyatni yashirganligi uchun qonun oldida javob berishiga umid qilaman. Mening fikrimcha, bunday odamlar sohada yuzaga kelayotgan adolatsizliklarning asosi va qo‘zg‘atuvchisidir.
Jinoyatchining mansabi, vakolati va aloqalari hech qanday holatda sud organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning adolatli bo‘lishiga ta'sir ko‘rsatmasligi lozim.
Qizchaning ota-onasiga sabr, o‘ziga esa kuch tilayman. Bardam bo‘ling, vijdonini yo‘qotmagan barcha siz tomonda!» – deya yozdi Saida Mirziyoyeva Telegram-kanalida.
Senator Farhod Boqiyev bergan ma'lumotga ko‘ra, bundan 14 oy oldin Termiz shahrida 16 yoshli qizning nomusiga tegilgan, ammo o‘tgan vaqt davomida ota-onaning qayta-qayta murojaatlariga qaramay shahar IIO FMB aybdorga chora ko‘rishni paysalga solib kelmoqda.
Qizni zo‘rlagan yigitning do‘stlari shahar IIBda ishlashi aytilmoqda. Holat haqida xabar tarqalgach, Ichki ishlar vazirligi xizmat tekshiruvi boshladi.
Ta'kidlash kerakki, nomusga tegish jinoyati IIB tomonidan yopib yuborilishi holatlari birinchi marta ro‘y bermayapti.
Xususan, xonanda Jasur Umirovning bir guruh shaxslar bilan voyaga yetmagan qizni zo‘rlab, nomusiga tekkani holati ekspertiza xulosalari tasdiqlab turgan bo‘lishiga qaramay, Kattaqo‘rg‘on tuman IIB xodimlari tomonidan yashirib kelingandi.
Hodisa OAV va jamoatchilik e'tiboriga tushgandan so‘ng xonanda va uning sheriklariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan ularga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Kattaqo‘rg‘ondagi jinoyat bilan deyarli bir vaqtda Toshkent viloyatida sodir etilgan 14 yoshli qizning nomusiga tegish jinoyati hamon ochilmay qolmoqda. Qizning ota-onasi 2020 yil sentyabr oyida O‘rta Chirchiq tuman IIBga murojaat qilganiga qaramay, oradan yarim yil o‘tganiga qaramay jinoyatchilarga nisbatan haligacha hech qanday chora ko‘rilmagan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Quva tumanida kollejning uchinchi kursida o‘qiyotgan 19 yoshli qiz o‘g‘irlab ketilgani va bir oy davomida uch kishi tomonidan muntazam zo‘rlab kelingani aytilmoqda. IIB bu murojaatni o‘rganib chiqib, bunda jinoyat alomati yo‘q deya jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan.
Mavzuga oid
02:08 / 24.12.2024
Saida Mirziyoyeva: «Kelgusi yil uchun belgilangan vazifalar ko‘lami juda keng»
20:49 / 19.12.2024
Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashdi
19:14 / 12.12.2024
Saida Mirziyoyeva ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan samarqandlik bolalar bilan uchrashdi
18:52 / 27.11.2024