Jamiyat | 17:18 / 10.04.2021
52077
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda shifoxonaga murojaat qilgan 36 yoshli ayolda sinama ukoldan keyin klinik o‘lim qayd etildi

Klinik o‘lim bemorga «Tseftriakson» berilgach ro‘y bergan. Reanimatsion muolajalar natijasida ayolning yuragi ura boshlagan, so‘ng sun'iy nafas berish apparati ulangan. Ammo 9 kun o‘tib, bemor hayotdan ko‘z yumgan. Holat bilan prokuratura shug‘ullanmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir oila a'zolarining videomurojaati tarqaldi. Unda qo‘llarida «Shifokorlar sabab biz onasiz qoldik» yozuvini ko‘targan bolalar va ularning otasi onaning o‘limida shifokorlarni ayblashgan.

Voqea Navoiy viloyatida yuz bergan. 25 mart kuni viloyat perinatal markazi reanimatsiya bo‘limida 36 yoshli ayol vafot etgan.

Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatiga ko‘ra, ayol 16 mart kuni Navoiy viloyat perinatal markazi ginekologiya bo‘limiga 12 haftalik homilasining nobud bo‘lgani sabab murojaat qilgan.

Navbahor tumani O‘zbekiston MFYda yashagan O.F.ga «Homiladorlik 4. 14-hafta 4-kun. Tug‘ruq 3. Rivojlanmay qolgan homila» tashxisi qo‘yilgan.

«Bemor bo‘limda davolash-tashxislash standartlari asosida to‘liq tekshiruvlardan o‘tkazilib, homilaning uch haftadan ortiq rivojlanmay qolgani, umumiy qon tahlilida leykotsitlar miqdori normadan oshgani inobatga olinib, septik asoratlarning oldini olish va antibiotiko-profilaktika maqsadida «Tseftriakson» dori vositasining 1,0 grammi mushak orasiga sinamasidan so‘ng inʼeksiya o‘tkazish tavsiya berilgan.

2021 yil 16 mart kuni soat 17:50 lar atrofida muolaja hamshirasi tomonidan ushbu dori vositasi bilan o‘ng bilak sohasiga sinama qo‘ygandan keyin to‘satdan anafilaktik reaksiya, anafilaktik shok va klinik o‘lim holati kuzatilgan. O‘tkazilgan tezkor reanimatsion chora-tadbirlardan so‘ng yurak faoliyati tiklanib, reanimatsiya bo‘limida uzaytirilgan sun'iy nafas berish apparatida intensiv davo muolajalari davom ettirilgan.

Davolash jarayonida 17, 23 va 25 mart kunlari mamlakatimizning malakali anesteziolog va reanimatologlari tomonidan ko‘rilib, kerakli tavsiyalar berilgan va buyurilgan tavsiyalar asosida davo muolajalari olib borilgan.

O‘tkazilgan intensiv davo muolajalariga qaramasdan 2021 yil 25 mart kuni bemor O.F.da biologik o‘lim qayd qilingan», – deyiladi viloyat SSB axborotida.

Navoiy shahar prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda. Sudga oid komission tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.

Mavzuga oid