O‘zbekiston | 09:57 / 13.04.2021
2472
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda soxta muhr va hujjatlar bilan firibgarlik qilib kelgan shaxs ushlandi

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tadbirkorlardan biriga tegishli bo‘lgan muhr va hujjatlarni soxtalashtirib firibgarlik qilib yurgan shaxs ushlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 27 mart kuni Sariosiyo tumani IIB tergov bo‘linmasiga tumanning Feruz mahallasida yashovchi, MChJ rahbari N.E. ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z arizasida shu tumanning Bo‘ston mahallasida yashovchi, K.U. MChJga tegishli bo‘lgan dumaloq muhrning (dublikat) nusxasini yasatib olib, firibgarlik qilib korxonaga katta miqdorda zarar yetkazganini ma'lum qilgan.

Surishtiruvlarda aniqlanishicha, K.U. 2018 yil 6 mart kuni soxta muhr yordamida o‘zini N.E. ga tegishli MChJning yangi rahbari sifatida buyruq chiqargan. 2019 yil 4 fevral kunidagi tegishli bayonnomasi asosida MChJni Davlat xizmatlari agentligidan qayta ro‘yxatdan o‘tkazgan. So‘ng, N.E.ning imzolarini qalbakilashtirib, qalbaki shartnomalar tuzib, yuk xati, schyot-fakturalar imzolarini qalbakilashtirib, noqonuniy shartnomalar tuzgan.

MChJga tegishli bo‘lgan tovuqxona binosi hamda 118 gektar yer maydonini boshqa bir mas'uliyati cheklangan jamiyatga 5 milliard so‘mga sotib yuborgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holatlar yuzasidan 4 aprel kuni K.U.ga nisbatan jinoyat kodeksining 228-moddasi 1-3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid