Angren MIB boshlig‘i xodimlarini so‘kib, yarim tunda boshqarmaga borishni buyurdi
Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati Angren shahar bo‘limi boshlig‘i Mohizoda Yusupovaga tegishli ekani aytilayotgan audio Kun.uz ixtiyoriga kelib tushdi. Xodimlarning Telegram'dagi guruhiga yo‘llangan ovozli xabarlarda, MIB mansabdori kunlik rejani bajarmagan xodimlarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgani eshitiladi.
«10 tadan kam kunlik qilgan ….bashara, bugun soat 12 da boshqarmaga boradi, 100 foiz. Senlar mening dushmanimsan, o‘sha 10 tadan kam qilgan …lar. Senlar xalq dushmanisan, MIBning dushmanisan, meni dushmanimsan.
Jonibek, menga yozib yubor, kim qancha kunlik qilganini. Kunlikni kam qilgan …basharalarni it...man. Men hozir 1 soatda yetib boraman. Ana shu …lar 1 soatdan keyin ishda bo‘lsin 10 tadan kam qilganlar. Kechasi 12da boshqarmaga borishasan», – deydi audioda gapirgan ayol.
Audioda rahbar xodimlarini o‘ziga, xalqqa va MIBga dushmanlikda ayblaydi. Bundan tashqari, mehnat qonunchiligiga zid ravishda, rejani bajara olmagan xodimlar yarim tunda Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasiga borishi kerakligini aytib, ularga tahdid qiladi.
Kun.uz Toshkent viloyati Majburiy ijro boshqarmasi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Boshqarma vakili Dilfuza Olimovaning so‘zlariga ko‘ra, Mohizoda Yusupova – MIBning tuman va shahar bo‘limlari boshliqlari orasida yagona ayol boshliq.
«M.Yusupova respublika bo‘yicha bo‘limlarda yagona ayol rahbar hisoblanadi. Rostdan ham qattiqqo‘lligi bor, lekin juda samarali ish ko‘rsatadi, doim qo‘yilgan rejalarni o‘z vaqtida bajaradi. Balki, ish jarayonlarida shunaqa qattiqqo‘llik qilgan bo‘lishi mumkin. MIB bo‘ynidagi katta mas'uliyatni bajarishga, xodimlarni boshqarishda shunday holat bo‘lgan bo‘lishi mumkin», – deydi byuroning Toshkent viloyati boshqarmasi xodimi.
Dilfuza Olimova boshqarmada kech soat 00:00gacha majlislar qilinmasligini, ish vaqti soat 19larda tugashini aytdi. Uning taxminicha, soat 00:00da majlisga borasan deb, ishlamayotgan va dangasa xodimlar qo‘rqitilgan bo‘lishi mumkin.
Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, xodimlarning xavfsizligini ta'minlash va nojo‘ya xatti-harakatlarining oldini olish bo‘yicha maxsus tarmoq holatni o‘rganib chiqadi hamda tekshiruv natijasiga ko‘ra aybdorlarga chora ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun oldin MIB Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlari boshqarmada tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik, korrupsiya va tazyiq o‘tkazish holatlari ko‘payganidan norozilik bildirib, Jo‘qorg‘i Kenges raisi Murat Kamalov va bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga ariza yozgandi.
Xodimlar ayrim tuman bo‘lim boshliqlarining prokuraturadagi tanishlariga ishonib ishga xohlasa kelib, xohlasa kelmasligi, ish vaqtida alkogol ichimliklar iste'mol qilishi, intizomiy jazo olgan holda tanishning kuchi bilan martaba darajalari olganini bildirishgan va bosh prokurorning shaxsan nazorati ostida tekshiruv o‘tkazib, tizimni «tozalash»ni iltimos qilgan.
Shundan so‘ng MIB matbuot xizmati byuroning markaziy apparati mas'ul xodimlari tomonidan murojaatda keltirilgan har bir vaj bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlanganini ma'lum qilgandi.
Mavzuga oid
08:00 / 05.12.2024
321 mln so‘mni talon-toroj qilgan MIB xodimi ushlandi
13:29 / 30.11.2024
MIB Sud ijrochilari xalqaro ittifoqi bilan hamkorlik qiladi
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
07:37 / 08.11.2024