Jahon | 22:33 / 14.04.2021
15241
2 daqiqa o‘qiladi

MRB rahbari Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi mumkin deb hisoblamoqda

"Rossiyaning Qrimda, Donbass chegarasi bo‘ylab harbiy joylashuvi jiddiy xavotir uyg‘otadi. Bu Ukraina rahbariyatini qo‘rqitish, AQShga signal berish usullaridan biri deb o‘ylayman", dedi Uilyam Berns.

Foto: AP

AQSh markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns Ukraina chegarasida Rossiya kuchlarining to‘planishi cheklangan bosqinga aylanishi mumkin deb hisoblamoqda. U bu haqda AQSh kongressining razvedka bo‘yicha maxsus qo‘mitasi yig‘ilishida aytdi.

"Rossiyaning Qrimda, Donbass chegarasi bo‘ylab harbiy joylashuvi jiddiy xavotir uyg‘otadi. Bu Ukraina rahbariyatini qo‘rqitish, AQShga signal berish usullaridan biri deb o‘ylayman. Vaziyat shu nuqtaga yetdiki, bu cheklangan harbiy bosqin uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Nafaqat AQSh, balki ittifoqchilarimiz ham bunga jiddiy yondashishi zarur", dedi Berns.

"AQSh prezidenti Jo Bayden prezident Putin bilan telefon orqali muloqotida bundan jiddiy xavotirda ekanligimizni bildirdi", - dedi u.

Seshanba kuni Jo Bayden Vladimir Putinga telefon qilgani to‘g‘risida xabar qilingandi.

Ma'lum bo‘lishicha, qo‘ng‘iroq Baydenning tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Oq uyga ko‘ra, Bayden saylovlarga aralashish va kiberhujumlar uchun kerakli javob berilishini Putinga yana bir bor tushuntirgan. Tomonlar harbiylar ustidan nazorat va boshqa xavfsizlik masalalarini ham muhokama qilgan.

Shuningdek, AQSh prezidenti Rossiyaning Qrim hamda Ukraina chegarasidagi favqulodda faollashuvidan xavotirda ekanini bildirgan va Ukrainaning suverenitetini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Mavzuga oid