Afg‘onistondagi urush: Bayden askarlarni olib ketish muddatini ma'lum qildi, «Tolibon» muzokaralardan bosh tortmoqda
Amerikadagi ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, prezident Jo Bayden yaqin vaqtlar ichida AQSh Afg‘onistondagi harbiylarini shu yilning 11 sentyabriga qadar olib chiqib ketishi haqida rasman e'lon qiladi. O‘tgan yili Oq uyning sobiq rahbari Donald Tramp harbiylarni olib chiqish jarayonini maygacha tugallashni va'da qilgandi, ammo Bayden bu muddatni noreal deb atagan.
Bayden aytayotgan sana 2001 yil 11 sentyabrida Nyu-Yorkdagi savdo markazi va Pentagonga qilingan hujumning 20 yilligiga to‘g‘ri kelmoqda. Aynan shu teraktlardan keyin AQSh va NATOning boshqa davlatlari Afg‘onistonga bostirib kirgan hamda «Tolibon»ni hokimiyatdan chetlatishga erishgandi.
Afg‘onistonda 20 yildan keyin ham urush davom etmoqda, «Tolibon» harakati esa pozitsiyalari 20 yil oldingi kabi bo‘lmasa-da, mamlakatda katta ta'sirini saqlab qolmoqda. NATO va AQSh vakillari toliblar zo‘ravonlikni to‘xtatish to‘g‘risidagi va'dalariga amal qilmay kelayotganini aytishadi.
Hozirda Afg‘onistonda 2,5 mingga yaqin amerikalik harbiy qolgan, NATO davlatlari harbiy kontingentining jami soni esa 9,6 mingni tashkil etadi.
Baydenning bayonoti haqida jurnalistlarga gapirib bergan amerikalik amaldor agar «Tolibon» olib chiqish jarayonida AQSh askarlariga hujum qilgudek bo‘lsa, Vashington «qat'iy javob» qaytarishga tayyorligini qayd etgan.
Administratsiya vakili AQSh prezidentining qo‘shinlarni Afg‘onistondan olib ketishni kechiktirish qarorini bunday amaliyotni tayyorgarliksiz o‘tkazish amerikalik harbiylar hayotiga xavf solishi mumkinligi bilan izohlagan.
Amerikalik harbiylar Afg‘oniston olib chiqilishi Vashington xavfsizlik sohasidagi strategiyasini o‘zgartirgani va yanada dolzarb tahdidlarga e'tibor qaratish uchun Afg‘onistondagi ziddiyatga 20 yillik besamar aralashuvini tugatishga qaror qilgani bilan bog‘liq.
Tahlil: endi toliblar yanada kuchayadimi?
Sekunder Kirmoniy, BBC’ning Afg‘onistondagi korrespondenti
Afg‘onistondagilarning ko‘pchiligi bu qaror «Tolibon»ning pozitsiyasi kuchayishiga olib keladi, deb hisoblamoqda. Garchi, bu Vashington harbiylarni 1 mayga qadar olib ketish bo‘yicha majburiyatni buzishni anglatsa-da. Shu bilan birga, toliblar muhlat bilan bog‘liq majburiyatni bajarishni talab qilmoqda.
Toliblar amerikalik harbiylarga hujum qilishi ehtimoli kam, chunki ularning Afg‘onistonda qolishi atigi bir necha oyga cho‘zilmoqda. Ammo «Tolibon»ning ilk reaksiyasi dushmanona edi.
Afg‘oniston hukumatining ayrim vakillari Bayden ma'muriyati toliblar bilan muzokaralar chog‘ida yangi shartlar qo‘yishiga umid qilmoqda. Ammo Vashingtondagilar bunday yo‘l tutmoqchi emas.
Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» o‘rtasidagi muzokaralar sust kechmoqda, shu tufayli tomonlar AQSh harbiylari ketguniga qadar hokimiyatni taqsimlab olish bo‘yicha kelishuvga erishishi qiyin. Ehtimol toliblarning xalqaro miqyosda tan olinish bo‘yicha istagi ularni murosa qilishga majbur qilar.
Ammo ko‘pchilik toliblar shunchaki amerikalik harbiylar ketishini kutayotgani, undan keyin to‘la harbiy g‘alabaga erishish yoki ustun mavqeda bo‘lish uchun yurish boshlashi mumkinligidan tashvishlanmoqda. Shu vaqtgacha Afg‘oniston hukumati qo‘shinlari jangarilarning hujumlarini qaytarib turibdi, ammo bunda amerikaliklarning havo orqali ko‘mak berib turishi muhim rol o‘ynamoqda.
Afg‘on razvedkasi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat hukumati bir necha yil mobaynida «Tolibon»ga qarshi tura olishi mumkin. Ammo bu urushda Kobul uchun xalqaro ko‘mak muhim omilligicha qoladi, shu tufayli endi ziddiyat yanada qonli tus olishi mumkinligi bo‘yicha tahdid yuzaga kelmoqda.
Seshanba kuni «Tolibon» shu oyda Turkiyada o‘tkazilishi mo‘ljallangan Afg‘oniston kelajagi bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishdan bosh tortdi. Toliblarning Qatardagi ofisi vakili «barcha xorijiy harbiylar mamlakatni tark etmas ekan» harakat bunday konferensiyalarda ishtirok etmasligini ma'lum qidi.
Yaqin vaqtlar ichida AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken va mudofaa vaziri Lloyd Ostin Bryusselda Baydenning qarori haqida NATO bo‘yicha ittifoqdoshlarga rasman e'lon qilishi kutilmoqda.
Afg‘onistonda 2001 yildan buyon davom etayotgan urush AQShga bir necha trillion dollarga tushdi, amerikalik askarlardan 2 mingdan ortig‘i halok bo‘ldi. Bu Amerika qurolli kuchlari tarixida kuzatilgan eng uzoq vaqt davom etgan urushdir.
O‘tgan yilning fevralida kelishuv imzolangan, unga ko‘ra AQSh va NATOning boshqa davlatlari «Tolibon» o‘z va'dalarini bajargan holda 14 oy ichida Afg‘onistondagi barcha harbiylarini olib chiqishi belgilangan edi. Jumladan, «Tolibon» tinchlik muzokaralarida ishtirok etish va o‘z nazoratidagi hududlarda «Al-Qoida» ta'siridagi tuzilmalar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini olgan.
O‘z navbatida, «Tolibon» tinchlik muzokaralarida ishtirok etishi uchun Afg‘oniston qamoqxonalariga tashlangan bir necha ming tarafdori ozod etilishini shart qilib qo‘ygandi.
Afg‘oniston hukumati va toliblar o‘rtasidagi bevosita muzokaralar 2020 yil sentyabrida Dohada boshlangan, ammo haligacha yakuniy kelishuvga erishilmagan.
Garchi «Tolibon» Afg‘onistondagi xorijiy harbiylarga hujum qilishni bas qilgan bo‘lsa-da, hukumat harbiylari bilan to‘qnashuvlar davom etmoqda.
Mart oyida toliblar 1 maydan keyin ham Afg‘oniston hududida AQSh va NATOning boshqa davlatlari harbiylari qoladigan bo‘lsa, ularga qarshi harbiy harakatlarni tiklash bilan tahdid qilgandi.
AQShning Afg‘onistondagi harbiy aralashuvi: xronologiya
2001 yil oktabr: AQShdagi 11 sentabr voqealaridan keyin Amerika samolyotlari Afg‘onistonni bombardimon qila boshlaydi.
2009 yil fevral: NATO mamlakatlari Afg‘onistondagi harbiylar sonini kengaytirishni va'da qiladi. AQSh bu mamlakatga qo‘shimcha 17 ming askar yuboradi.
2009 yil dekabr: AQSh prezidenti Barak Obama amerikaliklar kontingentini yana 30 mingga oshirib, jami 100 mingga yetkazadi. Shu bilan birga, u bu yerdan harbiylarni 2011 yildan olib chiqish boshlanishiga va'da beradi.
2014 yil oktabr: AQSh va Buyuk Britaniya Afg‘onistondagi faol harbiy harakatlar yakunlangani haqida bayonot beradi.
2015 yil mart: Obama AQSh mamlakat prezidenti Ashraf G‘anining iltimosiga ko‘ra Afg‘onistondagi harbiylar olib chiqilishini kechiktirishini ma'lum qiladi.
2015 yil oktabr: Obama 2016 yil oxirigacha Afg‘onistondagi amerikalik harbiylar soni 9,8 minggacha tushishini ma'lum qiladi. Shu tariqa, u mamlakatda qoladigan amerikalik harbiylar soni 1 mingdan oshiq bo‘lmasligi haqidagi avvalgi va'dasini bajarishdan bosh tortadi.
2016 yil iyul: Obama Afg‘onistonda 2017 yilgacha 8,4 ming harbiy qoldirishga qaror qiladi - bu «xavfsizlik sohasidagi o‘ta xavfli vaziyat» bilan izohlanadi. NATO ham harbiylari sonini kamaytirmaslik va mahalliy xavfsizlik kuchlarini moliyalashtirishni 2020 yilga qadar davom ettirishga rozi bo‘ladi.
2017 yil avgust: AQShning yangi prezidenti Donald Tramp kuch to‘play boshlagan «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatish uchun Afg‘onistonga qo‘shimcha harbiylar jo‘natishi haqida ma'lum qiladi.
2019 yil sentabr: Toliblar va AQSh o‘rtasida uzoq vaqt davom etgan tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.
2020 yil fevral: bir necha oylik muzokaralardan keyin AQSh Dohada Afg‘onistondan harbiylarni olib ketish bo‘yicha kelishuvni imzolaydi.
Mavzuga oid
08:56
AQSh Ukrainaga 1,25 mlrd dollarlik yordam paketini tayyorlamoqda
07:50
AQSh AZAL layneri Rossiya HHM zarbasi tufayli halokatga uchragani belgilarini ko‘rmoqda
22:49 / 27.12.2024
AQSh «Gurjiston orzusi» yetakchisi Bidzina Ivanishviliga qarshi sanksiyalar joriy etdi
21:44 / 27.12.2024