Jamiyat | 11:34 / 15.04.2021
44352
8 daqiqa o‘qiladi

Ommalashib borayotgan «giyohvandlik». Totalizatorning qanday zararli tomonlari bor?

Bukmekerlik va totalizatorlarda sport o‘yinlari natijasiga pul tikib, yutuq olish imkoniyati va'da qilinadi. Bu ayni qimor o‘yinidan boshqa narsa emas. Odamlarda mehnat qilmay, qiynalmay, oson va tez pul topishga bo‘lgan istak ularni mana shunday jirkanch ish – qimor o‘ynashga, qimorga yo‘naltirilgan kanallarga a'zo bo‘lishga undamoqda.

Oxirgi paytlarda yoshlar orasida sport o‘yinlariga pul tikish tendensiyasi tobora ommaviylashib bormoqda. Bunga ba'zi insonlardagi mehnatga kuch sarflamay, oson pul topishga bo‘lgan kuchli xohish ham qaysidir ma'noda sabab bo‘lmoqda. Natijada kasb-hunar egallash, bilim olishga sarf qilinishi kerak bo‘lgan pul, energiya va vaqt keraksiz hamda zararli «qimor» o‘yini uchun sarflanmoqda.

Bukmeker qimorbozlar o‘rtasida o‘zini go‘yoki o‘rtakashlik qilayotgan vositachidek ko‘rsatadi, aslida u o‘yinchini «azart» sirtmog‘iga tushirib, bechorani uzoq vaqt «sog‘ib» boradi.

Bukmekerlik o‘yinlari nima sababdan O‘zbekistonda tez ommaviylashib ketdi?

E'tibor berib qaraladigan bo‘lsa, totalizator O‘zbekistonda asosan yoshlar o‘rtasida ommaviylashib ketayotganini kuzatish mumkin. Endigina katta hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar umri davomida bosqichma-bosqich erishiladigan muvaffaqiyat va yutuqlarga bir lahzada ega bo‘lishni xohlashadi.

Bundan tashqari, e'tibor berib qaralsa, bukmekerlik o‘yinlari, lotereyalar tez ommaviylashib ketadigan mamlakatlar aholi turmush darajasi va daromadlari kam bo‘lgan mamlakatlar bo‘ladi. Bunga odamlardagi qandaydir «mo‘jizaviy yutuq» orqali hayotining tubdan yaxshilanishiga bo‘lgan kuchli ishtiyoq sabab bo‘ladi.

Shuningdek, ma'lumotlarga ko‘ra, totalizator bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar butun dunyoda marketing va reklamaga Coca-Cola va Pepsi’dan keyin eng ko‘p mablag‘ sarf qiladigan tashkilotlar hisoblanadi. Natijada hozirda har qaysi ijtimoiy tarmoqlarda bukmekerlik tashkilotlarining tashviqotlarini kuzatish mumkin.

Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning qanday salbiy jihatlari bor?

Qimorga qaramlik - bu ko‘plab salbiy psixologik, jismoniy va ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan progressiv «giyohvandlik» hisoblanadi.

Vaqt bekorga sarflanishi. Dastlab qo‘shimcha daromad topish, keyinchalik «azart» sirtmog‘iga tushib yutqazilgan pulning o‘rnini qoplash maqsadida kunlab, haftalab, oylab va hatto yillab ketkazilgan vaqt natijasida inson o‘z shaxsiy taraqqiyoti uchun investitsiya qilishi kerak bo‘lgan bebaho ne'matini yo‘qotadi.

Sog‘likka ta'siri. Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar insonda umidsizlik va nochorlik hissiyotlarini keltirib chiqaradi. Ushbu «giyohvandlik» bilan yashaydigan odamlar depressiya, migren, ichak kasalliklari va stress bilan bog‘liq boshqa muammolarga duch kelishlari isbotlangan. Yirik summadagi mablag‘ni yutqazish inson huzur-halovatini yo‘qotishiga olib keladi. O‘yinga berilib ketganlar yotganida ham, turganida ham, har doim pul tikib yutish haqida o‘ylashadi. Zararli oqibatlari tufayli, ko‘plab mamlakatlarda qimor o‘yinlariga qaramlik sog‘likni saqlash sohasining muhim muammolaridan biri hisoblanadi.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida global miqyosda totalizator o‘ynash darajasi oshgan. AQShda so‘nggi yillarda 6 milliondan ortiq odam qimor o‘yinlari sabab kasal bo‘lib, davolanishga muhtojligini ma'lum qilgan.

Moliyaviy muammolar. Inson o‘ziga, yaqinlariga va xayrli ishlarga ajratishi kerak bo‘lgan mablag‘larni asossiz tarzda yo‘qotadi. Moliyaviy qiyinchiliklar sabab odamlar orasida huquqbuzarlik va jinoyatlar ko‘payadi.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalaridan birining talabasi 1xbet.bet totalizatorida 1000 AQSh dollari miqdorida mablag‘ yutqazgani va shundan 600 AQSh dollari o‘rtoqlari va tanishlaridan olgan qarzlari ekanligini ma'lum qilgan. Shu sababli ijaraga mashina olib, darsdan keyin, tundan tonggacha kira qilayotganini aytib o‘tgan. Qo‘shimcha qilishicha, uning hayotida yolg‘onchilik, firibgarlik kabi salbiy jihatlar odatiy holga aylanib qolgan.

Bundan tashqari, totalizator mamlakat ichidagi mablag‘larning asossiz ravishda chetga chiqib ketishiga ham sabab bo‘ladi. Eng qizig‘i, shu mablag‘lar evaziga respublikaga hech qanday mahsulot, texnologiya yoki xomashyo kirib kelmaydi.

Totalizator o‘ynash va unda yutilgan pullar halolmi?

Islom dinida bandalarning bir-birlarining molida ham jonida ham haqqi yo‘q ekanligi ko‘p ta'kidlangan. Bir narsaga e'tibor qaratish kerak: siz pul tikib yutgan mablag‘ingizni o‘sha faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya beradimi? Yo‘q albatta. Bu mablag‘lar kimlarningdir mag‘lubiyati hisobidan qoplanadi.

Boshqacha qilib aytganda, g‘olib mag‘lubdan biror narsa oladigan har bir o‘yinga qimor deyiladi.

Islom dinida qimor qattiq qoralangan va gunohi kabira deyilgan. Alloh taolo Qur'oni Karimning Moida surasi 90-oyatida shunday deydi:

«Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz».

Islom dinida insonlar halol mehnat qilib pul topishga buyurilgan. Birovni aldab, xiyonat qilib, muttahamlik yo‘li bilan uning mulkiga ega bo‘lib olish haromdir. Qimor esa aynan shunday yo‘l bilan pul topishdir.

Nimaga e'tibor berish kerak?

Totalizator bozoridagi so‘nggi tendensiyalar va harakatlantiruvchi omillar va umumiy bozor muhiti bo‘yicha o‘rganilgan tahlillarga ko‘ra, 2020-2024 yillarda sportga pul tikish bozori 134 milliard dollarga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bu hozirgi holatga nisbatan 10 foizlik o‘sish degani. Sport musobaqalariga onlayn pul tikish orqali boyib ketish sarobdan boshqa hech narsa emas. Sport musobaqalariga pul tikish orqali moliyaviy barqarorlikka erishishning imkoni bo‘lganida, katta miqdorda daromad keltiruvchi bukmekerlik kompaniyalari va ularga tegishli internet saytlarning soni bugungi kunda butun dunyo bo‘yicha o‘sishda davom etmagan bo‘lardi. Pul topishning bunday yo‘lidan foydalanuvchi insonlar katta ehtimol bilan o‘z mablag‘larini yo‘qotishi haqiqatga ancha yaqin.

Totalizatorga aralashib qolgan odam sport o‘yinlarini kuzatishga, diqqatini qaratishga ko‘p vaqtini sarflab yuboradi. Ba'zi paytlarda o‘yin natijalarini topgan «qimorboz»ning yutgan puli avvalgi yutqazishlarni qoplamaydi va yana o‘yinlarga tikilib yo‘q bo‘lib ketaveradi.

Darvoqe, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutuvchi farmoni bilan sport sohasini, ayniqsa, futbolni yanada rivojlantirish, uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berilgan.

Ammo, bu bilan farmondan ko‘zlangan maqsadga qay darajada erishildi, hozircha bu haqda biror ma'lumot yo‘q.

E'tiborlisi, shu paytgacha totalizator o‘ynab boyib ketganlarni hech kim bilmaydi, ammo afsuski, xonavayron bo‘lganlarni oramizda ko‘plab uchratishimiz mumkin.

Energiya, qimmatli vaqtni va sog‘likni arzimagan «qimor» o‘yinlariga sarflab yuborishdan tiyilaylik, do‘stlar!

Doston Ahrorov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid