Jamiyat | 14:55 / 16.04.2021
19842
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda 100 gektar yer ajratib berish evaziga 128 ming dollar olgan mansabdor shaxslar qo‘lga olindi

DXX Andijon viloyatida noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq bir necha holatlarga chek qo‘ydi.

Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda yer sotish bilan bog‘liq bir nechta firibgarlik holatlariga chek qo‘ydi.

Xususan, viloyat hokimligi huzuridagi kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi xodimi 2 nafar sherigi bilan o‘zaro til biriktirib, mahalliy fuqaroga fermer xo‘jaligi tashkil qilishi uchun Xo‘jaobod tumani hokimiyatidagi mansabdor tanishlari orqali 100 gektar yer ajratib, tegishli hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga undan 128 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

 Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida mazkur shaxslar o‘zlarining bu yordamlari uchun avans sifatida 7 ming AQSh dollari olgani aniqlandi.

Shuningdek, olgan pullarining 70 ming AQSh dollarini Andijon viloyat Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasida ishlovchi tanishiga berishlari kerakligi ma'lum bo‘ldi va tezkor tadbir davom ettirilib, u ham pul olgan vaqtida ushlandi.

Muqaddam Andijon shahar hokimligida kotibiyat mudiri lavozimida ishlagan, bir necha bor sudlangan shaxs mahalliy fuqaroga mansabdor tanishlari orqali viloyat markazidagi Shimoliy kichik sanoat zonasidan 80 sotix yer maydoni olib berish va bu borada shahar hokimining tegishli qarorini chiqartirib berish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Yana bir holatda esa Ulug‘nor tumanida yashovchi shaxs o‘zi rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligining sabzavotchilikka ixtisoslashgan yer maydonidan 6 gektarini tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali mahalliy fuqaro nomiga o‘tkazib berish evaziga undan 18 ming AQSh dollari talab qilib, so‘ralgan pulni 189 mln so‘m ekvivalentida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Viloyat markazida faoliyat yurituvchi MChJ ishchisi mahalliy fuqaroga Andijon shahar Shimoliy kichik sanoat zonasidan 4 sotix yer maydonini 7500 AQSh dollariga olib berishini aytib, oldindan 3400 AQSh dollari oladi.

Keyinroq esa Andijon shahar Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastr bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali ushbu yer maydoni bo‘yicha shahar hokimining tegishli qarorini chiqartirib berishini aytib, qolgan 4100 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

 Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.  

DXX matbuot xizmati

Mavzuga oid