O‘zbekiston | 09:03 / 16.04.2021
21427
6 daqiqa o‘qiladi

«Gapirish oson, ammo tashkillashtirish juda qiyin» - Behzod Musayev tibbiyot sohasidagi muammolar va yechimlar haqida

 Pandemiya davri dunyodagi ko‘plab davlatlar singari O‘zbekiston tibbiyotini ham sinovdan o‘tkazdi. Sohada ko‘zga tashlangan kamchiliklar ustida ishlash davlat rahbari tomonidan qattiq nazorat qilinmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev Kun.uz’ga bergan intervyusida bu masalada olib borilayotgan ishlar, muammo va takliflar haqida batafsil gapirib o‘tdi.

  So‘nggi paytlarda tibbiyot sohasiga berilayotgan e'tiborning sababi nimada? Nima o‘zgardiki, bu muammo birinchi darajaga chiqib ketdi?

— Prezidentimiz tomonidan aholi salomatligiga alohida e'tibor qaratilayotgani sir emas. Davlat rahbarini o‘ylantirayotgan muammolardan biri – uzoq hududlardagi aholi vakillari sifatli tibbiy xizmatdan foydalana olmasligi hisoblanadi. Tabiiyki, ular yo viloyat markazlariga, yo poytaxtga kelib davolanishga majbur bo‘lishadi. Bu qancha ovoragarchiliklarga sabab bo‘lishi ma'lum. Mavjud tibbiyot muassasalarining bugungi kunda aholi ehtiyojlarini qondira olmayotganining sabablarini o‘rganish biz kabi mas'ullarga topshiriq qilib berildi.

 — Selektor yig‘ilishlarida ko‘p marta shaxsan sizga joylardagi holat haqida gapirilmoqda. Bunda nima nazarda tutilgan aslida?

— Bugungi kunda asosiy tibbiyot sohasida ishlovchi xodimlarning soni birlamchi qatlam – oilaviy shifoxonalarga to‘g‘ri keladi. U yerda qariyb 120 ming xodim ishlaydi. Mana shu qatlam qay darajada to‘g‘ri va sifatli tashxis qo‘ya olsa, aholi salomatligiga zarar ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan ishlarni yaxshi yo‘lga qo‘ya olsa, tabiiyki aholining sohaning ikkinchi qatlami bo‘lmish ko‘p tarmoqli va maxsus klinikalarga murojaati kamayadi.

Tizimdagi muammolarni o‘rganish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri shu shifoxonalarga borish va o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish topshirig‘i menga yuklatildi. Buni o‘rganish uchun ikki hafta davomida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida bo‘ldik.

Darhaqiqat, muammolarimiz ko‘p. Muammolarni tizimli ravishda o‘rganish kerak bo‘lyapti. Tuman, shahar va viloyatlar hokimlari har kuni 2 soat vaqtini o‘z hududida yashovchi aholi salomatligini yaxshilashga qaratishi haqida topshiriq berildi.

Bu borada qilingan ishlarning eng birinchisi sifatida aholi o‘rtasida kasallikka olib boruvchi omillar o‘rganildi. Ularni 4 guruhga bo‘lish orqali avvalo o‘ta og‘ir xavfdagi, ya'ni salomatligida jiddiy muammosi bor insonlarni hozirning o‘zida davolashga zaruriyat mavjud.

Bemorlarni aniqlash bilan muammo tugamaydi: ularni davolash choralarini ko‘rish lozim. Ayniqsa, tumanlardagi muassasalarda ularni davolaydigan jihozlar, yetuk mutaxassislar masalasi ancha qiyin. Buni gapirish oson, ammo tashkillashtirish juda qiyin. Shuni tashkillashtirish uchun markazda o‘tirgan barcha mas'ullardan pastga tushish, odamlarning dardini o‘z tanasida his qilib ko‘rish talab qilinmoqda.

 — Bu sohada kadrlar masalasi juda og‘riqli nuqta hisoblanadi. Yurtimizda ko‘plab tibbiyot oliygohlari bor. Ular minglab kadrlar yetishtirib beryapti, lekin joylarda hamon kadrlar yetishmasligi muammosi bor. Bugungi kunda kadrlar tanqisligi qay darajada va ular qayerdan hamda qaysi manbalar hisobidan jalb qilinadi?

 — Prezidentimiz tomonidan 2021 yilning 1 yanvaridan olis hududlarga borib ishlaydigan tibbiyot xodimlari uchun qo‘shimcha bir marta beriladigan 30 million ustama va maoshiga ham qo‘shimcha ustamalar berish mexanizmi yaratildi. Olis hududlarda tibbiyot sohasida kuchli mutaxassislar yetishmasligi muammosi mavjud.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, davlatimiz rahbari tibbiyot sohasiga pulni umuman ayamaydi. 2020-2021 yillar hisobida ko‘radigan bo‘lsak, juda katta mablag‘lar hisobiga respublikaning ko‘p hududlaridagi tibbiyot muassasalari yuqori texnologiyali tibbiyot jihozlari bilan ta'minlanmoqda. Tibbiyotda ikki narsa: yuqori texnologiyali jihoz va uni ishlata biladigan mutaxassislar juda muhim o‘rin tutadi. Bu jihozlarni yetkazib bergan bilan undan foydalana oladigan mutaxassislar bo‘lmasa muammo yechim topmaydi.

 — Bugungi suhbatimizda bir masalaga oydinlik kiritsak. Juda ko‘p tor doiradagi yetuk mutaxassislar afsuski bugun chet elda faoliyat yuritadi. Oxirgi vaqtlarda shunday vatandoshlarimizni qaytarish bo‘yicha dasturlar e'lon qilindi. Bizda ularga ehtiyoj bor. Aytaylik, ularni olib kelishda qanday imkoniyatlar yaratiladi?

— Xorijda tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan hamyurtlarimiz agar vatanga qaytib o‘z hududlarida ishlash niyatini bildirishsa, ular uchun yaxshi lavozim, uy-joy masalasini ham hal qilib beramiz. Eng asosiysi, o‘sha yerda qancha oylik olib ishlab kelayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonga kelib xizmat qilishni istagan mutaxassislar uchun uyoqdagidan kam bo‘lmagan oylikni beramiz.

Menga shunday topshiriq bo‘lgan va ularni qaysi tuman, qaysi klinikaga joylashtirish bilan Vazirlar Mahkamasida shaxsan o‘zim shug‘ullanib boraman. Xorijda ishlayotgan va vatanga qaytish istagida bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarning murojaatlari bilan ishlash uchun Vazirlar Mahkamasida alohida xodim ishga olingan. Shu xodimning elektron manzili va telefonini Kun.uz saytida e'lon qilsangiz. Ular o‘z CV'sini (obektivka) va o‘zi haqida erkin tarzda yozilgan qisqacha ma'lumotni yuborsa, murojaat qilgan har bir odam bilan bog‘lanamiz. Men o‘zim imkoniyat topib, bu murojaatchilarni yig‘ib, ular bilan onlayn bog‘lanib, hamma qiziqtirayotgan savollariga javob berishga, ular bilan tanishishga tayyorman. Vatanga qaytish istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik shifokorlar muzaffarov.d@gov.uz pochtasi yoki +99871-239-31-20 telefon raqamiga murojaat qilishlari mumkin.

Mavzuga oid