Jamiyat | 19:46 / 16.04.2021
2831
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya ajratish masalasini ko‘rib chiqishda 1 083 ta qonunbuzilishi holati kuzatilgan

Ushbu masalada 62 ta holatda arizalar asossiz rad etilgan bo‘lsa, 877 ta holatda belgilangan muddatlar buzilgan hamda 138 ta holatda boshqa turdagi qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgan. 

Bu haqda Navoiy viloyati Adliya boshqarmasida oxirgi 3 yilda amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilayotgan zarur chora-tadbirlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida boshqarma boshlig‘i A'zamjon Sarabekov ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, subsidiya masalasida kelib tushgan arizalar mas'ul tashkilotlar tomonidan 10 ish kunida ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lsada, tijorat banklari tomonidan 140 ta, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari tomonidan 109 ta, moliya bo‘limlari tomonidan 77 ta, tibbiyot birlashmalari tomonidan 66 ta, aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan 54 ta, yer tuzish va davlat kadastri korxonalari tomonidan 51 ta holatda ushbu muddat buzilgan.

«Ushbu qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan komissiya a'zosi bo‘lgan mutasaddi davlat idoralariga 144 ta ogohnoma, 38 ta taqdimnoma hamda aybdor shaxslarni ma'muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 23 ta taklif kiritildi», — deydi Sarabekov.

Shuningdek, o‘tgan 3 yilda boshqarma tomonidan 111 ta normativ tusdagi qaror loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, tegishli xulosalar berilgan hamda jismoniy va yuridik shaxslarning 7 165 ta murojaati qonuniy hal etilgan. Murojaatlar va davlat organlari faoliyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida esa bir qator qonunbuzilishi holatlari, xato va kamchiliklar aniqlangan.

Boshqarma boshlig‘iga ko‘ra, ushbu qonunbuzilishlarning aksariyati xususiyati bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish, mehnat, sog‘liqni saqlash, ta'lim va boshqa sohalarni tashkil etadi. Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan 2 055 ta taqdimnoma, 9 331 ta ogohnoma, aybdor shaxslarni ma'muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 825 ta takliflar kiritilgan.

Ko‘rilgan ta'sir choralari natijasida 1 805 nafar aybdor shaxs intizomiy va ma'muriy javobgarlikka tortilib, 22 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi tugatilgan. Fuqarolar va tadbirkorlarga 17,9 mlrd so‘m pul mablag‘lari to‘lab berilib, davlat organlarining 435 ta noqonuniy hujjatlari bekor qilingan. Sudlar tomonidan 14,1 mlrd. so‘mlik 2 035 ta da'vo arizalari qanoatlantirilgan.

Matbuot anjumanidan so‘ng, jurnalistlarni Adliya boshqarmasining yangi binosida yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida press-tur ham tashkil etildi.

Avvalroq Navoiy viloyati Adliya boshqarmasining yangi binosi foydalanishga topshirilgan va unda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ishtirok etgandi.

Mavzuga oid