O‘zbekiston | 09:58 / 16.04.2021
18386
16 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda xorijlik talabalar qanday yashaydi? Shanhayda xitoy tilini o‘rganayotgan doktorant bilan suhbat

Koronavirus butun dunyodagi insonlarning rejalarini o‘zgartirib yubordi. Ayniqsa xorijda o‘qiyotgan talabalarning. Navbatdagi suhbatdoshimiz Ibodullayeva Ozodagul xitoy tili bo‘yicha doktoranturani Shanhay chet tillar universitetida o‘qiyotgandi. U 2020 yilning may oyida o‘qishni tugatishi kerak bo‘lgan, lekin pandemiya uning ham rejalarini o‘zgartirib yuborgan. Suhbatdoshimiz ayni damda Samarqand davlat chet tillar institutining xitoy tili fakultetida dars bermoqda. Xitoyda talaba, O‘zbekistonda o‘qituvchi bo‘lgan qahramonimiz bilan ikki mamlakat ta'limidagi farq va Xitoydagi hayot haqida gaplashdik.

– Avvalo Xitoy tilini o‘rganish istagi qanday paydo bo‘lgani haqida gapirib bersangiz. Axir bu oson til emas.

– Men Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi litseyda o‘qiganman. U yerda o‘quvchilarning asosiy maqsadi o‘qishni aynan shu institutda davom ettirish bo‘ladi. Men ham shu maqsad bilan o‘qib, 2009 yil Xitoy tili fakultetida o‘qishni davom ettirishga qaror qildim. To‘g‘risi, u vaqtda xitoy tilini umuman bilmasdim, axir kirish imtihonida ham xitoy tilidan imtihon topshirmaganmiz. Institutda xitoy tili fakulteti 2008 yilda ochilgan edi. Bizga birgina xitoylik o‘qituvchi dars berardi. Hozir Samarqandda xitoy tilini o‘qitish rivojlandi, ko‘pchilik bu tilni o‘rganib oldi.

Ochig‘i, boshida bu fakeltetga o‘qishga topshirib, afsuslanganman, chunki xitoy tilini o‘rganish juda qiyin. Iyerogliflarning o‘zi odamning boshini aylantiradi. Xitoy tilida 3,5 mingta iyeroglif bor va siz ulardan 1,5 mingtasini bilsangiz, gaplashish uchun yetarli bo‘ladi. Xitoyliklarning aksari ham bu iyerogliflarning hammasini bilmaydi. Bizda, masalan, bitta harf bitta tovushni ifodalaydi. Iyerogliflar esa bunday emas, ular tovushlarni ifodalaydi. Bizdagi ismlar, so‘zlarni xitoy yozuvida o‘ziday yozib bo‘lmaydi, chunki bizdagi tovushlar ularda ishlatilmaydi. Shu sabab Xitoyda o‘qiyotgan chet elliklarga o‘zlari ism qo‘yib olishadi.

– Xitoy tili ham xuddi boshqa tillar kabi grammatika, fonetika kabi bo‘lib o‘rgatiladimi?

– Ha, lekin xitoychada urg‘u va talaffuzga alohida e'tibor beriladi. Agar siz xitoychada to‘g‘ri gapirsangiz-da, urg‘u va talaffuz ko‘ngildagidek bo‘lmasa, xitoyliklar sizni tushunmaydi. Aynan urg‘ular Xitoydagi shevalarda ham farq yuzaga keltiradi. Masalan, Guanjou va Shanhay shevasida farq bor.

– Xitoyga qanday borib qoldingiz?

– Samarqand davlat chet tillar institutida o‘qishni bitirayotgan vaqtimda ham o‘z bilimimdan qoniqmadim. Faoliyatimni institutning o‘zida xitoy tili o‘qituvchisi bo‘lib davom ettirdim. O‘shanda xitoy tili bo‘yicha magistraturani Xitoydagi oliygohlarda davom ettirish bo‘yicha grant e'lon qilindi. Men unda qatnashdim va grantni qo‘lga kiritdim. Unga ko‘ra, barcha xarajatlarni Xitoy tomoni ko‘tarishi meni juda xursand qildi, chunki ota-onam 4 yil kontrakt to‘lab o‘qitishgandi. 2 yil magistraturada o‘qigach, yana Samarqandga qaytib, chet tillar institutida dars berishda davom etdim. Menda yana Xitoyda o‘qish istagi so‘nmagandi va endi doktoranturada o‘qish haqida o‘ylay boshladim. Internetda bunday grantlar borligini ko‘rib, unda qatnashib, yana grant yutib oldim. 2017 yil doktoranturaga kirdim va 2020 yil may oyida ilmiy ishimni himoya qilishim kerak edi.

– Bu vaqtda esa Xitoy allaqachon karantinga yopilgan edi...

– Afsuski, shunday. Xitoyda 2020 yil yanvar oyi oxiridan boshlab, xorijlik talabalarni chiqarib yuborishni boshladi. Bu vaqtda esa men uyga qaytgan edim. Xitoyda shunday tartib bor: xorijlik talabalarga bir yilda ikki marta uyga borish uchun ta'til beriladi. Yanvar boshida uyga qaytgan bo‘lsam, u vaqtda Xitoyning o‘zida ham pandemiya vahimasi yo‘q edi. Biz o‘qishni qachon davom ettirishimiz aniq emas, universitetimizning chet ellik talabalar bilan ishlash bo‘limi bilan aloqadamiz va ular faqat yangilik kutishimiz kerakligini aytishmoqda.

– Xitoyliklar pandemiya bo‘lmagan vaqtda ham niqobda yuradi, deyishadi, shu gap rostmi?

– Hammasi emas, lekin ko‘pchilik ko‘chalarda, jamoat joylarida niqobda bo‘ladi. Birinchidan, havo sabab. Bundan tashqari ularda mana shunday gigiyenik an'ana shakllangan.

– Xitoyda xorijlik talabalar ko‘pmi?

– Ha, ayniqsa Shanhayda. Afrikadan, Yevropadan, arab mamlakatlaridan ko‘pchilikni uchratishingiz mumkin. Ularning aksari xitoy tilini o‘rganish uchun grantlar asosida borishgan, lekin o‘z hisobidan Xitoyga borib o‘qiydiganlar ham ko‘p. Xitoyda butun dunyo bo‘ylab xitoy tilini targ‘ib qilish tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ya'ni, butun dunyo bo‘ylab xitoy tili mutaxassisligi bo‘yicha talabalar uchun grantlar e'lon qilinadi. Grantni yutganlar mahalliy oliygohlarda Xitoy tomonining hisobidan yashab, o‘qish imkoniga ega bo‘ladi. Xitoyda xorijliklar uchun o‘rtacha kontrakt to‘lovi bir yil uchun 3-4 ming dollar atrofida.

Xitoy o‘zida mavjud bo‘lgan Konfutsiy institutining boshqa davlatlarda ham filiallarini ochib kelmoqda. Masalan, Samarqand davlat chet tillar institutida ham bunday filial bor. SamDU universiteti oldidagi Konfutsiy bog‘i ham Xitoy tomoni bilan hamkorlikda barpo etilgan. Xitoy o‘z madaniyatini dunyoga yoyishga alohida e'tibor beradi.

– Umuman xitoy tilini bilmagan Xitoyga borgan odam yashab keta oladimi?

– Qiynaladi, hech bo‘lmasa ingliz tilini bilishi kerak. Xitoyda ko‘pchilik ingliz tilida gaplasha oladi, ayniqsa Shanhayda. Chunki u yerda chet elliklar ko‘p. Nafaqat talabalar, balki ishlagani borgan xorijliklarni ham tez-tez uchratish mumkin.

– Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Xitoy yozuvida 3,5 mingta iyeroglif bor dedingiz. Lekin telefonda klaviaturalar kam. Buncha ko‘p belgidan telefonda qanday foydalanish mumkin?

– Xitoyliklar buning ham g‘amini yeyishgan. Telefonda qaysi tovushni yozmoqchi bo‘lsangiz, inglizcha klaviaturada uning bosh harfini yozsangiz, maxsus ilovadagi klaviaturada sizga xitoycha iyerogliflar ko‘rsatiladi va ularni tanlab bemalol xitoycha yozishingiz mumkin.

– Endi bevosita Xitoydagi ta'lim haqida gaplashsak. Aytaylik, Xitoyda talaba bo‘lish nima degani? Masalan, bizda ertalab uyg‘onib, erinibgina darsga borib, tushgacha darsda o‘tirgan bo‘lib, keyin yoki uyga qaytish yoki qayerdadir ishlash yoki umuman darsga bormay, har zamonda oliygohda ko‘rinib kelish talabalik deyiladi. Har holda odamlarda talaba haqida mana shunday taassurot shakllangan. Xitoyda talaba bo‘lish nima degani?

– Xitoyda, men sizga aytsam, talaba bo‘lish oson emas. Talaba katta bosim bilan o‘qiydi. Masalan, Shanhay yoki boshqa katta shaharlardagi oliygohlarda hamma yotoqxonada yashaydi. Chet elliklar ham, xitoyliklar ham. Uydan qatnab o‘qish degan narsa yo‘q. Xitoyliklar juda tartibli millat. Talabalar uyg‘ongach, nonushtadan avval sport bilan shug‘ullanishadi, hamma bir vaqtda yotoqxona oshxonasida tashkil qilingan nonushtani yeydi, ko‘chadan ovqat yeb kelish degan narsa yo‘q. Ertalab 08:00 da o‘qish boshlanadi, soat 11:00 da tushlik bo‘ladi. Ovqat uchun o‘zingiz pul to‘laysiz, lekin hammasi universitet tomonidan tashkillashtirib qo‘yiladi. Tushlikdan keyin yana kechgacha dars bo‘ladi. Xitoylik talabalarning eng yaxshi jihati shuki, o‘qish tugashi bilan yotoqxonaga borib yotib olmaydi va kutubxonaga borishadi. Kutubxona ham shunga yarasha katta qilib qurilgan. Bunga ishonish qiyindir, lekin kechasi 22:00 da ham kutubxonalar ochiq bo‘ladi va u yerda talabalar o‘qib o‘tirishadi.

– Yotoqxonalarda sharoit qanaqa?

– OTMlar mahalliy talabalar uchun alohida, xorijliklar uchun alohida yotoqxona tashkil qilgan. To‘g‘risi, biz yashaydigan xorijliklar uchun yotoqxonada sharoit mahalliy talabalar turar joyidan ham yaxshiroq. Bir xonada ikki kishi yashaydi, ovqat qilish uchun ham sharoit yaratilgan. Busiz qiyin, chunki mahalliy ovqatlarni hamma ham yeya olmaydi.

– Ilmiy ishingiz qaysi mavzuda?

– O‘zbekiston va Xitoyning madaniy aloqalari mavzusida. Har bir doktorantga, bizda diplom rahbari deb o‘rganishgan, maxsus mutaxassis biriktirilgan. Ikki yil davomida faqat ilmiy ish mavzusi ustida ishlaymiz. Doktoranturaning birinchi yilida esa mutaxassislik bo‘yicha fanlar o‘qitilgan. U yerda ham talabalar bizga o‘xshab maqola chiqarishi, xalqaro konferensiyalarda qatnashishi kerak. Lekin bizda ilmiy ish qiladiganlarni ko‘p qiynashadi. Qaysi ma'nodaki, sifatga emas, songa e'tibor berishadi. Masalan, ilmiy ishni yoqlash uchun falonta maqola chiqishi kerak, deyishadi. Lekin bu maqolalarning sifati qanaqa bo‘lishiga qarashmaydi. Xitoyda esa bunday emas, maqola arzirli bo‘lsa, o‘zlari chiqarish mumkin bo‘lgan jurnalni tavsiya qilishadi.

– Xitoy qisqa vaqtda dunyoning eng boy ikkinchi davlatiga aylanishni ilmsiz eplay olmagan bo‘lardi. Xitoy ta'limida mavjud bo‘lgan qaysi jihat bizning ta'limda ham bo‘lishini xohlardingiz?

– Avvalo, Xitoydagi ta'lim nazoratini joriy qilgan bo‘lardim. Ularda yoshlikdan bolalarning o‘qishi jiddiy nazorat qilinadi va katta bo‘lgach, mana shu yaxshi ma'nodagi bosimda o‘qishga odatlanadi. Bizda ham yoshlar kim bo‘lishini maktab davridanoq belgilab olishi kerak, deb o‘ylayman. Ya'ni bolalarga kim bo‘lishini yoshlikda belgilab olishiga yordam berish kerak. Aytaylik, 18 yoshda xitoy tilini o‘rganishni boshlagan odam qiynaladi. Xuddi men kabi. Biz bolalarimizni shunchaki maktabda, shunchaki oliygohda o‘qiyapti, deyish bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Ularni nazorat qilishimiz, o‘qishini talab qilishimiz kerak.

Bizda bitta chet tilini bilgan odam juda zo‘r kadr sifatida ishga olinadi, lekin Xitoyda bunday emas. U yerda raqobat shunchalik kattaki, shunchaki bitta til bilish sizga ustunlik bermaydi. Axir u yerda milliarddan ortiq odam yashaydi. Xitoyda ishga kirish ham oson emas. Bakalavr diplomini olgan xitoylik ishga kirish uchun jiddiy savol-javob ko‘rinishidagi imtihonga tayyorlanishi kerak. O‘sha suhbatdan o‘tsagina ishga olishadi. Xitoyliklar ishga kirish uchun bo‘ladigan o‘sha suhbat nima ekanini yoshlikdan his qiladi va shu sabab to‘g‘ri kelgan yo‘nalishda o‘qib ketavermay, bolalikdan bir xil kasb bo‘yicha o‘qishga harakat qiladi.

– Xitoyda ishlash niyatingiz bormi?

– Buni orzu qilaman, desam ham bo‘ladi. Men o‘qiydigan Shanhay jahon tillari institutida o‘zbek tili yo‘nalishi ochilgan. Qaniydi o‘sha yerda ishlagani qolib, xitoylik yoki boshqa millat vakillariga o‘zbek tilidan dars bersam. Ko‘pchilik uchun g‘alati bo‘lishi mumkin, lekin xitoyliklar ham o‘zbek tilini o‘rganishadi, bundaylarni bilaman.

– Nima uchun?

– Masalan, O‘zbekistonga kelib biznes qilish uchun. O‘zbekiston dunyoga ochilayotgan bir vaqtda bu tabiiy hol, menimcha. Bundan tashqari, O‘zbekiston ham Xitoyga xuddi ular bizga yuborgani kabi grantlar yuborib turadi, bizda ham o‘zbek tilini targ‘ib qilish dasturlari bor.

– Xitoy haqida o‘qiganda g‘alati ma'lumotlarga duch kelish mumkin. Masalan, dunyoning eng boy ikkinchi mamlakati bo‘lgan Xitoyda yashash qiyin, deyishadi. Chindan shundaymi?

– Bu ayni haqiqat. Yuqorida aytilganidek, u yerda raqobat katta. Masalan, bizda erkak kishi pul topib, ayol kishi o‘sha pulni sarishta qilib sarflashi odatga aylangan. Lekin xitoylik oilada faqat erkak kishining ishlashi yetarli bo‘lmaydi. U yerda hamma ishlamasa, oila qiynalib qoladi. Mana shu ma'noda yashash qiyin.

– O‘zbekistondan borganlar Xitoyda ovqatlanishi oson bo‘lmasa kerak?

– Albatta, ovqatlanish masalasi jiddiy muammo. To‘g‘risi, mahalliy ovqatlar bizga to‘g‘ri kelmaydi. Yaxshisi odam o‘zi tayyorlagani yaxshi, chunki do‘konlarda har qanday mahsulot topiladi, oziq-ovqat narxi arzon. Yoki bo‘lmasa Xitoyda uyg‘urcha oshxonalar ko‘p, ularning oshxonasi biznikiga yaqin.

– Ochig‘ini aytish kerak, Xitoyni bizda boshqacha tasavvur qilishadi. Xorijlik uchun Xitoyda yashash aslida qanday?

– U yerda xorijliklarga yaxshi munosabatda bo‘lishadi. Chunki Xitoy haqida yomon munosabatda bo‘lishlarini istashmaydi. Ko‘chalarda ham chet elliklarni hurmat qilishadi, yordam berishadi. Balki shuning uchun ham xorijlik talabalarning yotoqxonasi mahalliy talabalarnikidan yaxshiroqdir.

– O‘qituvchi sifatida xitoy tilini o‘rganishni tavsiya qilgan bo‘larmidingiz? Yoshlikdan bu tilni o‘rganish uchun bizda sharoit bormi?

– Biz o‘rganishni boshlagan vaqtimizda sharoit yo‘q edi, hozir esa bor. Masalan, Samarqand davlat chet tillar institutida tashkil etilgan Konfutsiy markazida bolalar yoshlikdan xitoychani o‘rganishlari mumkin. Bu til faqat Xitoyning o‘zida ishlatilsa ham, uni o‘rgansa arziydi. Chunki Xitoy dunyoning biznes markazi, O‘zbekistonda ham bu mamlakat bilan ochilgan qo‘shma korxonalar bor.

– Xitoyda maoshlar qanday? Masalan, o‘qituvchilar.

– Maoshlar yaxshi, o‘qituvchilar 1,5 ming dollardan ko‘proq olishadi. Xususiy korxonalarda esa ancha yuqoriroq. Masalan, men talaba bo‘lgan holda 500 dollar stipendiya olaman. Biroq Xitoyda uy-joy juda qimmat. Ayniqsa men yashaydigan Shanhayda. Shu sabab ko‘pchilik ijarada yashaydi. Bu borada esa juda zo‘r tizim ishlab chiqilgan. Mobil ilova orqali shaharning istalgan hududidan ijaraga uy buyurtma qilish mumkin. Yaxshi sharoitli uyni bir oyga 500-600 dollarga ijaraga olish mumkin.

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi

Mavzuga oid