Jamiyat | 14:59 / 17.04.2021
25600
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Mirza Azizov vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston hukumati vakillari O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov

Milliy teatr va kino san'atimizning taniqli namoyandasi, O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov og‘ir kasallikdan so‘ng shu yil 15 aprel kuni 58 yoshida vafot etdi.

Mirza Azizov 1963 yili Namangan viloyatining Chust shahrida tug‘ilgan. 1987 yili Toshkent teatr va rassomlik san'ati instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti)ni musiqali drama aktyori ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1989 yilda Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqiy teatrida vokal artisti sifatida boshlab, 1992-1997 yillar davomida O‘zbek davlat drama teatrida ham samarali ijod qildi.

Mirza Azizov ko‘p yillik serqirra ijodiy faoliyati mobaynida noyob iste'dodi va yuksak mahorati bilan teatr sahnasi va kino san'atida tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan o‘nlab yorqin obrazlar yaratdi.

Iste'dodli aktyor “Yusuf va Zulayho”, “Farhod va Shirin”, “Nodirabegim”, “Alpomishning qaytishi”, “Toptalgan tuyg‘u” kabi mashhur spektakllarda, “Ko‘ngil ko‘chalari”, “Ostona”, “Imom Buxoriy”, “Muhabbat sinovlari”, “Tubanlik”, “Muruvvat”, “Gumrohlar”, “Novda” kabi ko‘plab kinofilmlarda betakror xarakter va dunyoqarashga ega bo‘lgan turli shaxslar siymosini mohirona talqin etib, minglab san'at muxlislari va keng jamoatchilikning hurmat-e'tiborini qozondi.

O‘z faoliyatining ma'no-mazmunini xalqimizga, jonajon Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishda, deb bilgan san'at fidoyisi mamlakatimizda o‘tkazib kelinayotgan barcha ommaviy-madaniy tadbirlarning faol ishtirokchisi edi.

U 2016 yildan boshlab Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqiy teatri direktori lavozimida samarali mehnat qilib, 80 yillik shonli tarixga ega ushbu san'at dargohining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, repertuar tarkibini zamonaviy va tarixiy asarlar bilan boyitishga, iqtidorli aktyorlarni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shdi.

Katta ijod va hayot tajribasiga ega bo‘lgan M.Azizov xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning madaniy saviyasini yuksaltirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ezgulik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma'naviy hayotimizni turli tahdid va xurujlardan himoya qilish yo‘lida chinakam fidoyilik namunasini ko‘rsatdi.

Mirza Azizovning o‘zbek teatr va kino san'atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist”, “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari bilan mukofotlangan edi.

Taniqli san'atkor, samimiy va kamtarin inson Mirza Azizovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, O.Nazarbekov, Yo.Sa'diyev

Mavzuga oid