Sport | 15:00 / 21.04.2021
26471
8 daqiqa o‘qiladi

Superliga taslim bo‘ldi. Klublar birin-ketin turnirni tark etgach, loyiha to‘xtatildi

Superliga loyiha muhokamasini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. 21 aprel kuni kechga borib Angliyaning olti klubi bu loyihada ishtirok etishdan bosh tortdi.

Foto: Charlotte Wilson/Getty Images

Superliga loyihasini ishga tushirish qarori 19 aprelga o‘tar kechasi e'lon qilingandi. «Arsenal», «Chelsi», «Liverpul», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted», «Tottenhem», «Real», «Barselona», «Atletiko», «Milan», «Inter» va «Yuventus» klublari o‘z rasmiy saytlarida ushbu loyihada ishtirok etishini ma'lum qilgandi. Liga prezidenti Florentino Peres bo‘lgandi.

Ammo klublarning bu qarorlari noroziliklar to‘lqinini keltirib chiqardi. Dushanba kuni Angliyadagi klublarning stadionlari atrofida muxlislar to‘planib, loyihani ishga tushirishni to‘xtatishni talab qilishdi. Ular elita jamoalaridan iborat yopiq turnir - futbol g‘oyalarini o‘ldirishidan xavotirlarini bildirishdi.

UYeFA esa bu klublarga va klublar futbolchilariga sanksiyalar joriy etilishi, klublar yevrokuboklardan ham, milliy chempionatlardan ham chiqarib yuborilishi, futbolchilar terma jamoalariga chaqirilmasligi bilan tahdid qildi.

Dushanba kuni kechqurun Peres turnir dasturi bilan tanishtirib, bayonot berdi, unda asosan yangi turnir klublarga koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘rilgan zararlarni qoplashga va o‘zini moliyaviy tomondan tiklab olishga yordam berishiga urg‘u berilgandi. Ammo Peres bu chiqishi bilan fanatlarni ishontira olmadi.

Natijada Angliyaning 6 klubi loyihada ishtirok etishdan bosh tortdi. 20 aprel kuni kechqurun Superliga asoschilari shoshilinch yig‘ilish o‘tkazishgan. 21 aprelga o‘tar kechasi loyiha to‘xtatilishi haqida e'lon qilindi.

Yevropa Superligasi matbuot xizmati turnir to‘xtatilganini rasman e'lon qilib, loyiha qaytadan ko‘rib chiqilishini ma'lum qildi.

«Yevropa Superligasining ishonchi komilki, Yevropa futbolining hozirgi maqomi o‘zgarishlarga muhtoj. Mavjud tizim ishlamagani tufayli biz yangicha Yevropa musobaqasini taklif etdik. Bizning taklifimiz sportni rivojlantirish, shu bilan birga futbol piramidasining barqarorligini ta'minlash va pandemiya tufayli yuzaga kelgan og‘ir damlarda futbol jamoatchiligiga yordam berishga qaratilgan. Bu, shuningdek, futboldagi barcha manfaatdor tomonlarini katta mablag‘ bilan ta'minlaydi.

Angliya klublari bosim ostida qaror chiqarib, ketish haqida e'lon qilganliklariga qaramay, ishonchimiz komilki, bizning taklif Yevropa qonunchiligi va normalarga to‘la javob beradi. Yuzaga kelgan murakkab sharoitni hisobga olib, biz loyihani o‘zgartirish uchun kerakli qadamlarni ko‘rib chiqamiz», — deya Superliganing bayonotini keltirgan jurnalist Rob Harris.

«Chelsi» — birinchi
Seshanba kuniga kelib ko‘plab klublar bunday sharoitda turnirni o‘tkazish to‘g‘ri emasligi haqida o‘ylay boshladi. Seshanba kuni kunduzi britan nashrlarida «Chelsi» va «Manchester Siti» Superligadan chiqishni reja qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Seshanba kuni «Chelsi» APL doirasida «Brayton»ni qabul qildi. O‘yindan oldin «Stemford Brij» stadioni atrofida ko‘klar jamoasi muxlislari yig‘ilib, jamoa avtobusining yo‘lini to‘sib qo‘yishdi. Fanatlar bilan «Chelsi» klubi maslahatchisi Petr Chex muzokara o‘tkazdi — u olomon oldiga kirib, tarqalishni so‘radi va dedi: «Bizga biroz vaqt beringlar!» Xalq sobiq darvozabonga quloq soldi va avtobusni o‘yinga qo‘yib yubordi.

Xuddi shu vaqtda Britaniyadagi nufuzli nashrlar «Chelsi» Superligadan chiqish uchun hujjatlarni tayyorlayotgani haqida xabar tarqatdi. Roman Abramovichning klubi amalda turnirni tark etishi haqida birinchi bo‘lib ma'lum qildi. Sky nashri shunday yozadi: «Chelsi» ushbu loyihaga oxirgilardan bo‘lib qo‘shilgandi va uning loyihadan chiqish haqidagi qarori jamoatchilikda rezonans keltirib chiqardi. «Ko‘klar» rahbari loyihadan chiqishga qaror qilgandi».

Ingliz klublari qanday izohlar berishdi
Yevropa futbol assotsiatsiyasi (UYeFA) ingliz klublarini Superligadan qaytishga ko‘ndirgan. Mundo Deportivo ma'lumotiga ko‘ra, tashkilot APL jamoalariga loyihada ishtirok etishdan voz kechish uchun kattagina mablag‘ taklif qilgan.

«Manchester Siti» Superliga safidan chiqqani haqida o‘z rasmiy saytida e'lon qilgan birinchi klub bo‘ldi: «Manchester Siti» futbol klubi Yevropa Superligasini yaratish rejalarini ishlab chiqadigan guruhdan chiqish tartib-taomillarini rasman boshlaganini tasdiqlaydi».

«Arsenal» uzr so‘radi va saytida muxlislarga murojaat qildi: «Biz xatoga yo‘l qo‘ydik va buning uchun uzr so‘raymiz. Bilamiz, sizning ishonchingizni qaytarish uchun vaqt talab etiladi, ammo izohlashga ruxsat bering, Superliganing bir qismi bo‘lish qarori siz sevadigan klubni moliyaviy barqarorlik bilan himoya qilish istagi bilan qabul qilingan».

«Biz tasdiqlashimiz mumkinki, Yevropa Superligasini tayyorlagan guruhdan chiqish jarayonini boshladik», — dedi «Tottenhem» va saytda klub rahbari Daniel Levining uzrnomasi keltirildi.

Shunga o‘xshash bayonot «Liverpul» tomonidan ham berildi: «Klub tasdiqlashi mumkinki, bizning Yevropa Superligasi tuzish bo‘yicha loyihadagi ishtirokimiz yakunlandi».

«Biz Yevropa Superligasida qatnashmaymiz», — deya tasdiqladi «MYu».

Angliya klublari orasida eng so‘nggi bayonot «Chelsi» tomonidan berildi. Klub kunduzi tarqalgan ma'lumotni rasman tasdiqladi.

«Avvad xabar qilinganidek, «Chelsi» tasdiqlaydiki, Yevropa Superligasi ustida ish olib borgan guruhdan chiqish uchun formal protsedura boshlangan. O‘tgan hafta oxirida bu guruhga qo‘shilganimizdan keyin bu masalani yana o‘ylab ko‘rishga vaqt bo‘ldi va qaror qildikki, bu rejalarda ishtirok etish klub, muxlislar va futbol jamoatchiligi manfaatlariga mos emas», — deyilgan xabarda.

Klublar uchun oqibatlar
Hozircha turnirdan chiqishga qaror qilgan ishtirokchi klublarga qanday sanksiyalar qo‘llanishi ma'lum emas. Peres shartnoma 23 yilga tuzilgani,  Superligani tark etganlarga katta jarimalar yozilishini aytib o‘tgandi. Ammo, masalan, «Barsa» kelishuvni bir shart bilan, muxlislarning roziligi bo‘lishi sharti bilan imzolagan. 

O‘z navbatida, UYeFA tomonidan turnir tashabbuskori bo‘lgan «Real»ga sanksiya qo‘llanishi mumkin. OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, agar Florentino Peres klub prezidentligida qoladigan bo‘lsa, madridliklar klubi yevrokuboklardan chetlatiladi.

Mavzuga oid