O‘zbekiston | 17:04 / 23.04.2021
13099
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston prezidenti yangi tayinlangan elchilarni qabul qildi

23 aprel kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bangladesh Xalq Respublikasi elchisi Muhammad Jahongir A'lam, Chexiya Respublikasi elchisi Vatslav Yilek, Misr Arab Respublikasi elchisi Amira Fahmiy, Iordaniya Hoshimiylar podshohligi elchisi Demiya Zuhayr Haddod, Turkiya Respublikasi elchisi Olgan Bekar, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari Sharlott Adrian va Rossiya Federatsiyasi elchisi Oleg Malginovdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Tadbir avvalida davlat rahbari yangi tayinlangan elchilarni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi boshlangani bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar va xalqaro tuzilmalar bilan konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlik va amaliy sheriklikni kengaytirishga muhim ahamiyat qaratayotgani ta'kidlandi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar, yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan strategik dastur va loyihalarning ustuvor yo‘nalishlari alohida qayd etildi.

Bu borada pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash, aholining barcha qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlash va ularning turmush darajasini oshirish, uzoq muddatli o‘sishning yangi nuqtalarini shakllantirish va mamlakatimizning global raqobatbardoshligini ta'minlash masalalari diqqat markazida turibdi.

Tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlari haqida so‘z yuritar ekan, O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari va jahonning yetakchi davlatlari bilan strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini ta'kidladi.

Bugun birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan savdo, investitsiya va innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot”, transport, tranzit va logistika, moliya, tibbiyot va ko‘plab boshqa sohalardagi hamkorlik kengayib bormoqda.

Shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy kengash va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirib, ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirmoqda, global moliyaviy institutlar bilan sheriklikni kengaytirmoqda.

Davlat rahbari yangi elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan keng ko‘lamli va uzoq muddatli hamkorlikning istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Bangladesh Janubiy Osiyodagi muhim hamkorimiz hisoblanadi, do‘st xalqlarimizni ma'naviy va madaniy qadriyatlar, muqaddas dinimiz azaldan bog‘lab keladi.

Ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam o‘tkazish, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi kooperatsiyani kuchaytirish muhim ekani ta'kidlandi. Ikkala mamlakat o‘zaro savdo va sayyohlar oqimini tubdan ko‘paytirish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Shu maqsadda aloqalarni jadallashtirish hamda qo‘shma Hukumatlararo komissiya salohiyatini to‘liq ishga solish zarur.

Chexiya Respublikasi bizning Yevropadagi ishonchli va istiqbolli sherigimizdir.

O‘zbekiston prezidenti keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar jadal sur'atda rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Pandemiyaga qaramay, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash o‘tgan yili uch barobar ko‘payib, 500 million dollardan oshdi.

Yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, avtomobil sanoati, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, energetika, tibbiyot, ta'lim va turizm kabi sohalarda qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirish asosiy vazifa etib belgilandi. Bu bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning sermazmun kun tartibini shakllantirishga xizmat qiladi.

Misr elchisiga murojaat qilar ekan, O‘zbekiston prezidenti ikki tomonlama munosabatlarimiz sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta'kidladi.

Bunga Misr prezidenti Abdulfattoh As-Sisi 2018 yil sentyabr oyida mamlakatimizga amalga oshirgan tarixiy tashrifining samarali natijalari xizmat qildi.

Hamkorlik bo‘yicha ishga solinmagan ulkan salohiyatdan samarali foydalanish, jumladan, hamkorlikning institutsional mexanizmlarini faollashtirish taklif qilindi.

Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, farmatsevtika, savdo, turizm, ta'lim va boshqa sohalarda aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.

Ma'rifatli islom g‘oyalari va qadriyatlarini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.

Davlat rahbari O‘zbekistonning yaqin va ishonchli hamkori – Iordaniya bilan ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish muhim ekanini ta'kidladi.

Sheriklikni faollashtirish uchun zarur huquqiy asoslarni shakllantirish, savdo, kooperatsiya va ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturini tayyorlash muhimdir.

Bundan tashqari, BMT, IHT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasidagi yaqin muloqot va o‘zaro ko‘mak davom ettiriladi.

O‘zbekiston prezidenti oliy darajada o‘tkazilayotgan muntazam va samarali muloqotlar tufayli Turkiya bilan strategik sheriklik munosabatlarida erishilgan bugungi darajani yuqori baholadi.

Bugun ishonchga asoslangan siyosiy muloqot qaror topdi. Pandemiyaga qaramasdan, delegatsiyalar bilan almashinuv faol davom etmoqda. Xususan, keyingi oylarda Turkiya tashqi ishlar va savdo vazirlari boshchiligidagi delegatsiyalar tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Turkiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida yirik savdo, investitsiya va infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Hududlararo muloqotlar yo‘lga qo‘yildi, ta'lim, madaniyat va kino sohalarida qo‘shma dastur va tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

Bo‘lajak sammitlarga – Turkiy kengashning Istanbuldagi navbatdagi yig‘ilishi va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga rasmiy tashrifiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Yevropa Ittifoqi an'anaviy ravishda mamlakatimizning muhim strategik sherigi bo‘lib harakat qilmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik yangi sur'at kasb etdi.

Yevropalik hamkorlar tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar, iqtisodiy islohotlar va transformatsiya jarayonlariga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak alohida qayd etildi. Mamlakatimizga YeI Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiari maqomi berilgani birgalikda erishilgan muvaffaqiyat va ikki tomonlama munosabatlarning muhim yutug‘i sifatida e'tirof etildi.

Bugungi kunda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi yuzasidan faol muzokaralar davom etmoqda. “O‘zbekiston - Yevroittifoq” va “Markaziy Osiyo - Yevroittifoq” formatlarida samarali muloqot ham rivojlanmoqda.

Oliy darajada o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Yevropa munosabatlarini prinsipial jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Prezident O‘zbekiston bilan Rossiyaning strategik sherikligi va ittifoqchiligi misli ko‘rilmagan yuqori darajaga yetganini ta'kidladi.

Birgalikdagi sa'y-harakatlar va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tufayli hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida jadal rivojlanish kuzatilmoqda.

Savdo, investitsiyalar, energetika, sanoat, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, transport, infratuzilma, bank-moliya, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, turizm va ko‘plab boshqa sohalarda yirik loyiha va dasturlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent shahrida yaqinda o‘tkazilgan “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasi Rossiyadan tashqarida ilk bor tashkil etilgan bo‘lib, keng ko‘lamli hamkorlikda ulkan salohiyat va imkoniyatlar mavjud ekanini yana bir bor namoyish etdi.

Bundan tashqari, MDH, ShHT, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro manfaatli muloqot kengayib bormoqda.

Bugungi kunda tomonlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning Moskvadagi bo‘lajak sammitiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotgani ta'kidlandi. Ushbu uchrashuv ikki tomonlama strategik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishda yangi tarixiy bosqichni boshlab berishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga ularning O‘zbekiston bilan do‘stlik rishtalari va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi mas'uliyatli va sharafli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar va zafarlar tiladi.

O‘zbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilar bilan qisqa suhbatlar o‘tkazdi.

Diplomatlar samimiy qabul hamda samarali faoliyat uchun yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama aloqalarni har tomonlama rivojlantirish uchun bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini qayd etdilar.

Mavzuga oid