Jahon | 22:03 / 24.04.2021
27946
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden armanlar genotsidi to‘g‘risida bayonot berdi. Turkiya bu bayonotni inkor etdi

Turkiya uning bu bayonotini butkul inkor qilishini bildirdi.

Foto: EPA-EFE/ANNA MONEYMAKER/POOL

AQSh prezidenti Jo Bayden XX asr boshlarida Usmoniylar imperiyasida sodir bo‘lgan voqealarni «armanlar genotsidi» deb atadi. Baydendan avvalgi AQSh rahbarlari bu terminni ishlatishdan qochishgandi.

«Har yili shu kunda biz Usmoniylar imperiyasi davrida armanlar genotsidi oqibatida halok bo‘lgan barchani xotirlaymiz va bunday yovuz ishlar takrorlanishining oldini olish majburiyatini olamiz», – deyiladi AQSh prezidentining ushbu voqea qurbonlarini xotirlash kuni munosabati bilan tarqatilgan bayonotida.

O‘z navbatida, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li Anqara Baydenning bu bayonotini to‘laligicha inkor etishini ma'lum qildi.

«So‘zlar tarixni o‘zgartira yoki qayta yoza olmaydi. Bizning o‘tmishimiz to‘g‘risida kimlardandir o‘rganadigan narsamiz yo‘q. Siyosiy opportunizm – tinchlik va adolatga eng katta xiyonat. Biz mutlaq populizmga asoslangan bu bayonotni butunlay inkor qilamiz», – deb yozdi u Twitter sahifasida.

Armanlar har yili 24 aprelni genotsid qurbonlarini xotirlash kuni sifatida nishonlaydi. Armanistonda bu kun dam olish kuni hisoblanadi.

Mavzuga oid