O‘zbekiston | 02:21 / 24.04.2021
55359
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Kampirobod suv ombori yaqinidagi hududlar bo‘yicha kelishuvni o‘zgartirmoqchi

Qirg‘izistonda fuqarolarning norozilik mitinglaridan keyin, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Toshiyev Toshkentga borib, Kampirobod suv ombori yaqinidagi 50 gektar maydon bo‘yicha dastlabki kelishuvni qayta ko‘rib chiqishga va'da berdi.

Foto: Kaktus.media

Qirg‘izistonning Qorasuv tumanida Savay qishloq okrugi aholisi Kampirobod suv ombori yaqinidagi 50 gektar maydonni o‘zbek tomoniga berilishiga qarshi miting o‘tkazdi.

Miting ishtirokchilari rasmiylarning harakatlaridan, yer uchastkalari almashinuvi to‘g‘risida tushunarli ma'lumotlar yo‘qligidan va mahalliy aholi fikri inobatga olinmaganidan noroziligini aytmoqda. Ularning fikricha, yer almashish bo‘yicha kelishuv Qirg‘iziston manfaatlariga putur yetkazadi.

19 aprel kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Toshiyev namoyishchilar bilan uchrashuv o‘tkazgan. U dastlab kelishuvni mamlakat uchun foydali ekanini aytgan, ammo norozi xalq bunga ko‘nmagan. Muzokaralar yakunida Toshiyev o‘zbek tomoni bilan kelishuv shartlarini o‘zgartirish to‘g‘risida gaplashishini bildirgan.

«50 gektardan 20 gektarini O‘zbekiston o‘rab olib bo‘ldi. Men ularga butun 50 gektarlik hududni to‘liq o‘rab olmaslikni, 50 gektarni emas, balki 20 gektarni almashtirishni taklif qilib ko‘raman.

O‘zbekistonga borib, shu taklifni o‘rtaga tashlayman. Agar bu yerdan 20 gektar yer bersak, demak, boshqa joy – O‘zgen tumanidan 20 gektar yer olamiz. Faqat hududlar almashinuvi bo‘ladi. [...] Toshkentdagi hamkasblarimizni ko‘ndirishga harakat qilamiz», degan Toshiyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston suv ombori xavfsizligini ta'minlash uchun aynan shu hududdagi yerga da'vo qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Toshkentga kelgan, muzokaralardan so‘ng ikki davlat rahbarlari chegara masalalari bo‘yicha 3 oyda bir to‘xtamga kelinishini aytgandi.

Shundan so‘ng 26 martda Qirg‘iziston bahsli hududlar bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma'lum qildi. O‘zbekiston tomoni esa bu hali «ishchi guruh kelishuvlari» ekanini bildirdi.

O‘shanda Qamchibek Toshiyev tomonlar Kampirobod suv omboridan umumiy foydalanish yuzasidan ham kelishuvga erishganini aytgandi.

Dastlabki kelishuvga asosan, Kampirobod suv omborining suv zaxiralarini 900 gorizontaldan yuqori bo‘lmagan darajada to‘ldirishni nazarda tutadigan, birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim tuzilishi mumkin.

Qirg‘iziston o‘z fuqarolarining ushbu suv ombori suvidan bepul va to‘siqsiz foydalanishi, O‘zbekiston suv ombori havzasi atrofida muhandislik inshootlarini o‘rnatmaslik majburiyatini olishini istayapti.

Mavzuga oid