O‘zbekistondagi konservatizm, «surish kerak» trendi va aql markazlariga ehtiyoj - Firuz Allayev bilan suhbat
Jamiyat hayotidagi voqea-hodisalarga befarq bo‘lmay, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z munosabatini bildirib boradigan biznesmenlar toifasi sekin-asta bo‘lsa-da O‘zbekistonda ham shakllanyapti. Kun.uz ana shunday tadbirkorlardan biri, Asaxiy.uz loyihasi asoschisi va rahbari Firuz Allayevni suhbatga taklif etdi.
Tadbirkor bilan suhbatimizda uning tadbirkorlik faoliyatidan tashqari, bir nechta ijtimoiy masalalardagi fikrlari bilan ham qiziqdik.
«Bitta qaror bilan startaplarni ko‘paytirib bo‘lmaydi»
— O‘zbekiston uchun startaplar – yangi jarayon. 4-5 yil oldin hatto dollarni konvertatsiya qila olmaydigan davlatda yashardik. Ammo ayni paytda ham mamlakatimizda startaplar boshlash uchun muammolar bor.
Birinchi muammo butun dunyoda startaplarni ushlab turadigan va qo‘llab-quvvatlaydigan venchur fondlar, ya'ni investitsion fondlar O‘zbekistonda yo‘q. Jahonda yangi paydo bo‘lgan startap g‘oyalariga investorlar ishonch bildirib, qo‘llab-quvvatlaydi. Ular biladi, 10 ta startapdan 1-2 tasigina muvaffaqiyatli chiqadi, ba'zida 10 tasi ham muvaffaqiyatsiz bo‘lishi mumkin. Lekin orada bittasi muvaffaqiyatli bo‘lsa, bu qolgan hamma startaplarga ketgan investitsiyani oqlab ketadi.
O‘zbekistonda bu funksiyani banklar bajara olmaydi. Banklar investor sifatida startapga pul tikishi qiyin. Davlat turli imtiyozlar bilan bergan investitsiyalar aslida qaysi yo‘llar bilan, qayerga ketishini ko‘pchiligimiz ko‘rib turibmiz.
Ikkinchidan, infratuzilma muammosi. Biz startaplar haqida gapiryapmiz, lekin shu vaqtning o‘zida hatto viloyat markazlarida ham energotizim barqaror emas.
Internet sifati va tezligini qo‘yib turing, bir sutkada 2-3 soat chiroq yongan holatlarga duch keldik. Shunga o‘xshash holat Qarshi shahrida bo‘ldi, u yerda filialimiz bor.
Elektr toki, gaz, suv, yo‘l, sifatli internet, temir yo‘llar, havo yo‘llar kabi infratuzilmalardagi muammolarni yechmasak, bu muammolar bir necha yillar davomida bizni orqaga tortishda davom etadi. Hatto qilingan ko‘plab ishlarni havoga uchiradi.
Uchinchidan, kadrlar muammosi. Ta'lim tizimi zamondan orqada qolgani, bilimli kadrlar qadrlanmagani natijasida ko‘plab kadrlar ketdi. Ichkaridan chiqqan kadrlar esa afsuski jahon talablariga javob bermaydi.
To‘rtinchidan, mentalitet, ma'naviyat muammosi. Bizdagi konservativ, yangiliklarni qabul qilmaydigan odamlar yangi g‘oyalarni, o‘zgarishlarni qabul qilishni istamaydi.
Yana ma'naviyat termini ortidan turli-tuman g‘oyalar uchun yopildik. Bu kabi sun'iy to‘siqlar natijasida ijodkorlik va erkin fikrlash qobiliyati tobora pasayib boradi. Bu faqat startaplarni emas, san'atni ham inqirozga olib keladi. Masalan, yaxshi o‘zbek kinolari bir yilda bir marta chiqib qolishi mumkin. So‘nggi yillarda yuqori iste'dodli yangi xonanda chiqdimi? Yo‘q.
Ma'naviyat deya senzura qilinib, g‘oyalar turli xilligi qisilgani, ya'ni konservatorlik muammosi jamiyatda ijodiy inqirozga olib keldi. Bu ijodiy inqiroz nafaqat san'atda, balki kreativ startaplar paydo bo‘lishiga ham yo‘l bermaydi.
Muammolar – kompleks, shu bois startaplarni birgina qaror yoki qonun bilan ko‘paytirib bo‘lmaydi.
Bilimli kadrlar mamlakatni tark etayotgani va «surish kerak» tendensiyasi
— Bizdagi talabalar chet elda o‘qib, ma'lum tajriba bilan qaytib kelishini qo‘llab-quvvatlayman. O‘zim ham Fransiyada o‘qiganman, u yerda magistraturani tamomlab, doktoranturani oxirigacha o‘qimay qaytib kelganman.
Bizda oliy ta'lim shu darajada zamondan orqaga qolganki, sifatli kadr tayyorlashiga ishonch qiyin. «Vestminster» yoki «Singapur» kabi ba'zi OTMlar istisno bo‘lishi mumkin, lekin umumiy olganda oliy ta'lim sifatli kadr bera olmaydi.
Biz O‘zbekistondagi eng katta bizneslarni misol sifatida olib, o‘rganib ko‘rganimizda, ularning barchasida yo asoschilari, yoki boshqaruvchilari chetda o‘qigan bo‘lib chiqqan. Bu degani haqiqatan ham oliy ta'limda inqiroz bor.
Shuning uchun ham kimda imkoniyat bo‘lsa, borib chet elda o‘qishi, ishlashiga ijobiy qarayman. Agar odam o‘zini o‘sha yerda topsa, marhamat, qolsin. Xorijda qolgan taqdirda ham, hech bo‘lmasa oilasiga moliyaviy yordam beradi.
Chetga ketgan talabalardan 10-20 foizi kelajakda baribir qaytadi-ku, o‘sha qaytganlar bir kun kelib mamlakatda juda katta o‘zgarishlar qilib yuborishi mumkin.
Bu faqat bizdagi jarayon emas. Qozog‘istonda ham, Rossiyada ham shu holat. Pavel Durovni ko‘pchilik Rossiyada o‘qigan-ku deydi, aslida uning bolaligi Italiyada o‘tgan, otasi o‘sha yerda professor bo‘lgan.
Aytmoqchimanki, yoshlar Amerikada, Yevropada, Yaponiyada, Koreyada, Xitoyda o‘qishi, bu mamlakatlardan tajriba to‘plab, zamonaviy dunyo qanday ishlashini bilib kelishi, bu yaxshilikka.
Shuning uchun ham suraman degan yoshni surishiga qo‘yib berish emas, imkon bo‘lsa grantlar ishlab chiqib, qo‘llab-quvvatlash kerak. Masalan, 90-yillarda ochilgan «Umid» fondi. Xorijga o‘qishga yuborilgan talabalar keyinchalik o‘sha yerlarda qolib ketgani sabab fond yopilgan bo‘lsa-da, bugun ancha-muncha «umidchi» respublikada katta-katta mansablarda ishlab turibdi. Vazirlar orasida ham bor ular. Demak, qilingan investitsiya amalda o‘zini oqladi.
«So‘z erkinligi: chegarani faqat qonun belgilasin»
— So‘z erkinligi qonun ruxsat bergan joygacha mavzuni ko‘tarish imkonini berishi kerak. Bitta prinsip bo‘lishi kerak: qonunda mumkin yoki mumkin emas. Bo‘ldi, boshqacha chegara bo‘lmasligi kerak.
Qolaversa, qonunlar imkon boricha xalqaro standartlardan kelib chiqib yozilishi, ular doimiy ravishda mukammallashtirib borilishi va imkon boricha aniq-tiniq yozilishi kerak. Chunki qonunchiligimizda turli xil talqin qilish mumkin bo‘lgan normalar ko‘p.
«O‘zbekistonga xususiy aql markazlari kerak»
— Xususiy aql markazlari O‘zbekiston uchun juda kerak. Chunki aql markazlari atrofida mamlakat kelajagini yaratadigan g‘oya shakllanadi. Mustaqil ekspertlar butun mamlakat siyosatini o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Bizga umumiy milliy g‘oya kerak, milliy g‘oyani esa aql markazlari shakllantirishi kerak, milliy g‘oyaning o‘zi ham zamonga qarab o‘zgarib boraverishi kerak.
Afsuski, davlat va jamiyat uchun juda kerakli aql markazlari shakllanmayapti. Blogerlar atrofida bu jarayon yuz berishiga umid qilgandik, lekin aksariyat blogerlar obuna yig‘ish va reklama sotish bilan ovora bo‘lib qolishdi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda mustaqil ekspert, mustaqil analitiklar yetishmayapti. Shu darajadagi holatdamizki, ijtimoiy tadqiqotlar markazlari yo‘q bizda. Sotsiologlar yo‘q, sotsiologiya fan sifatida o‘lgan. Fuqarolarning kayfiyatini o‘rganib, tahlil qilib, yechim taklif etadigan xususiy markazlar yo‘q.
Agar 4-5ta ziyoli chiqib, aql markazi tashkil etishni xohlasa, davlat ularni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Davlatning qo‘llab-quvvatlashi ham qanaqa – ularning ishiga aralashmasligi kerak. Chunki davlatning aralashmaslikdan boshqacha tarzdagi qo‘llab-quvvatlashi oxiri senzuraga olib borishi mumkin.
Afsuski, xususiy aql markazlari paydo bo‘lishini davlatning o‘zi ham qo‘rqib qabul qilsa kerak. «Yuksalish» harakati paydo bo‘lgandi, lekin u ham ko‘proq davlatning pozitsiyasiga qarab moslashayotgan harakat, deb o‘ylayman.
- Firuz Allayev suhbat davomida elektron tijorat, Asaxiy.uz onlayn do‘koni ochilishi, O‘zbekistonda kitobga bo‘lgan talab, tadbirkor sifatida to‘plagan tajribasi kabi mavzularda ham so‘z yuritdi. To‘liq suhbatni video orqali tomosha qiling.
Doston Ahrorov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
18:35 / 03.10.2024