O‘zbekiston | 13:49 / 26.04.2021
26791
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent zilzilasiga 55 yil: 300 ming kishini boshpanasiz qoldirgan ofat

1966 yilning 26 aprel kuni tonggi soat 5 dan 23 daqiqa o‘tganda Toshkent shahrining qoq markazida kuchli zilzila sodir bo‘lgan edi. Bugun ushbu mash'um voqeaga 55 yil to‘ldi.

Zilzila magnitudasi ko‘p ham yuqori emasdi (Rixter shkalasi bo‘yicha M=5,2). Lekin zilzila o‘chog‘i u qadar chuqurlikda bo‘lmagani sababli (3–8 km) yer sirtida 8-9 balli qimirlashlarni keltirib chiqargan va shahar markaziga jiddiy talafot yetkazgan. Bor-yo‘g‘i 10-12 soniya davom etgan zilziladan maksimal talafot maydoni 10 kvadrat kilometrni tashkil etgan.

Toshkent zilzilasining nisbatan kam qurbonlar soni (8 kishi o‘lgan va bir necha yuz kishi jarohatlangan) vertikal silkinishlar yuz bergani bilan tushuntirilgan. Ya'ni agar gorizontal silkinishlar ro‘y berganida paxsa va guvalakdan qurilgan uylarning barchasi to‘kilib bitardi. Odamlar orasida sovet totalitarizmi davrida qurbonlarning haqiqiy soni yashirilgani haqidagi gumonlar ham yuradi.

Zilzila natijasida Toshkentning markaziy qismi butunlay vayron bo‘ladi. 2 mln kvadrat metrdan ortiq yashash maydoni, 236ta ma'muriy bino, 700dan ortiq savdo va umumiy ovqatlanish obektlari, 26ta kommunal korxona, 181ta o‘quv muassasasi, 185ta tibbiyot va 245ta sanoat binolari vayron bo‘ladi.

78 mingta oila yoki 300 ming kishi boshpanasiz qoladi. O‘sha vaqtda Toshkent shahrining aholisi 1 million atrofida bo‘lgani inobatga olinsa, har uchinchi toshkentlikka zilzila bevosita ta'sir ko‘rsatgani ayon bo‘ladi.

Sovet hukumati qaroriga ko‘ra, vayron bo‘lgan eski loy va guvaladan yasalgan uylar o‘rnida yangi, zamonaviy turar joy binolari qad ko‘taradi. Shahar 3,5 yil ichida to‘liq tiklanadi.

Qardosh respublikalardan Rossiya — 330 ming, Ukraina — 160 ming, Ozarboyjon — 35 ming, Qozog‘iston — 28 ming, Gruziya — 25,5 ming, Belarus — 25 ming, Litva — 20 ming, Armaniston — 15 ming, Qirg‘iziston — 11,5 ming, Turkmaniston — 9 ming, Tojikiston — 8 ming, Latviya — 7,5 ming, Moldaviya — 6 ming, Estoniya — 5,4 ming kvadrat metr turar joylar barpo etgan.

Zilzilani xotirlash uchun Toshkentda u ro‘y bergan joy episentrida «Jasorat» monumenti o‘rnatilgan.

Mavzuga oid