O‘zbekiston | 08:13 / 28.04.2021
17061
3 daqiqa o‘qiladi

Sariosiyo - Toshkent yo‘nalishidagi poyezdda tibbiy xizmat yetishmagani sabab fuqaro vafot etgani yuzasidan izoh berildi 

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda Sariosiyo - Toshkent yo‘nalishida harakatlanuvchi 681-sonli yo‘lovchi poyezdida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun dori vositalari, aptechka, tibbiy bilimga ega biror shaxs yo‘qligi bois keksa ayolning tobi qochib vafot etgani haqida xabar tarqaldi.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” rasmiy izohida aytilishicha, joriy yil 25 aprel kuni Sariosiyo bekatidan 1961 yilda tug‘ilgan yo‘lovchi B.G. qizi va o‘g‘li hamrohligida Sariosiyo - Toshkent yo‘nalishida harakatlanuvchi poyezdda Toshkent shahriga yo‘lga chiqqan. 

“Yo‘lovchi B.G. vagonga chiqayotgan vaqtida ahvoli og‘ir ekanini inobatga olib, vagon kuzatuvchilari tomonidan yo‘lovchiga amaliy yordam berilgan va har bir temir yo‘l bekatlariga tibbiyot xodimlari vagonga chaqirtirilgan. Yo‘l safari davomida B.G.ning ahvoli keskin ravishda og‘irlashib, Denov, Qumqo‘rg‘on, Boysun, Darband vokzallaridan tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 

Qumqo‘rg‘on tibbiyot punkti navbatchi feldsheri kech soat 18:20larda bemor B.G.ga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatayotgan vaqtida uning qizi onasining jigar tserrozi kasalligi bilan og‘riganini aytadi. Buni u o‘z tushuntirish xatida ham bayon qilgan. Darband vokzali hamshirasi bemor ayolga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida, bemorning farzandlariga bemorni yo‘lovchi poyezdidan tushirib olib qolishni aytgan, bemorning o‘g‘li poyezddan tushib qolishga rozi bo‘lmagan. Bemorning o‘g‘li buni o‘z tushuntirish xatida ham bayon qilgan. 

Temir yo‘l bekatlarida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan,  poyezd Oqrabot temir yo‘l bekatiga yaqinlashayotganida tobi qochgan bemor yo‘lovchi olamdan o‘tgan”, deyiladi ma'lumotda. 

Bildirilishicha, bugungi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga qarashli barcha poyezdlar tibbiyot qutilari (aptechkalar), birinchi yordam ko‘rsatish uchun dori-darmonlar bilan ta'minlangan. 

“Bundan tashqari, har bir stansiyada tibbiyot xonalari mavjud, ularda kecha-yu kunduz tibbiyot xodimlari faoliyat olib boradi. Shuningdek, ayni kunda yo‘lovchi poyezdlarni texnik va texnologik yo‘lga tayyorlash korxonasida 100ga yaqin tibbiyot qutilari zaxira qilingan. Ular dori vositalari bilan to‘ldirilib, foydalanish muddati doimiy ravishda nazorat qilib boriladi. Shu bois, fuqarolarimizdan ijtimoiy tarmoqlarda asossiz ma'lumotlarni tarqatmaslikni so‘rab qolamiz”, deya yakunlangan rasmiy izoh.

Mavzuga oid