Jahon | 23:47 / 29.04.2021
85219
15 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi porox bochkasi. To‘qnashuvlar tarixi

Qirg‘iz-tojik chegarasida navbatdagi qurolli to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi, ikki tomon ham ziddiyat hududiga va butun chegara bo‘ylab harbiylari va harbiy texnikalarini siljita boshladi. Kun oxiriga kelib tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi.

Ikki mamlakat aholisi o‘rtasidagi navbatdagi nizo Tojikiston tomoni Isfara daryosi yuqori oqimidagi «Bosh» suv taqsimlash punktidagi suv taqsimotini nazorat qilmoqchi bo‘lgani tufayli boshlandi. Qirg‘izistonning chegara otryadi va Botken viloyatidagi politsiya xodimlari videokameralarni o‘rnatishni to‘xtatishni talab qildi. Tojikiston bu hududni o‘ziniki deb hisoblaydi, Qirg‘iziston esa bahsli hudud sifatida biladi.

Tojikiston fuqarolari Qirg‘izistonning ikki tumanini o‘zaro bog‘lab turadigan avtoyo‘lni yopib qo‘ydi, qirg‘izlar esa Tojikistonning Vorux anklav hududiga olib boradigan yo‘lni to‘sdi. Kunning ikkinchi yarmiga kelib vaziyatga harbiylar aralashdi.

Qirg‘iziston davlat chegara xizmati matbuot markazi ma'lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 13:00dan keyin tojik tomoni chegaradagi «Qapchig‘ay», «Mingbuloq», «Do‘stlik» zastavalariga, shuningdek, «Xo‘jagar» va «Buloqboshi» chegara postlariga qarata o‘t ocha boshladi. Minomyotdan berilgan zarbalar oqibatida Botken chegara otryadining «Do‘stlik» chegara zastavasida yong‘in chiqdi.

Matbuot xizmati vakilining so‘zlariga ko‘ra, «tojikistonlik harbiylarning harakatiga javoban Qirg‘iziston Respublikasi milliy xavfsizlik xizmati qo‘mitasi chegara xizmatining «Boru» maxsus otryadi Tojikiston Respublikasining «Xo‘ja a'lo» chegara zastavasini egallab olgan».

«Qirg‘iz-tojik davlat chegarasining butun perimetri bo‘ylab ikki tomon ham qo‘shimcha kuch va vositalarini harakatga keltirgan», deyilgan vazirlik xabarida.

Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyati bo‘yicha maxsus vakili O‘murbek Suvonaliyevning «Interfaks»ga ma'lum qilishicha, Botken viloyatining Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan yana bir tumani Laylakda ham qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan.

«Kulundu va Maksat qishloqlari yaqinida Tojikiston qurolli kuchlari bilan qurolli to‘qnashuvlar boshlandi. Hozircha jabrlanuvchilar haqida ma'lumotlar kelib tushmagan. Tojikiston tomonidan berilgan artilleriya zarbalaridan keyin chegara zastavasida yong‘in chiqqan», degan Suvonaliyev.

Payshanba kuni kechga yaqin Qirg‘iziston TIV tomonlar mahalliy vaqt bilan soat 20:00da o‘t ochishni to‘xtatish borasida kelishuvga erishgani haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, harbiy kuchlar oldingi joylariga qaytariladi. Tojikiston TIV ham bu ma'lumotni tasdiqladi. «Yaqin vaqtlar ichida Isfara shahrida ikki davlat huquq-tartibot organlari rahbarlari ishtirokida muzokaralar boshlanadi», deya Tojikiston TIV bayonotini keltirgan «RIA Novosti».

E'tiborli jihati, Tojikiston va Qirg‘iziston Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT/ODKB) bo‘yicha ittifoqchi sanaladi.

Toshlar va minalar
Qirg‘iziston va Tojikiston aholisi o‘rtasidagi navbatdagi ziddiyat chorshanba kuni chegaraning Botken viloyati hududidagi qismida yuzaga keldi. Bu yerda Qirg‘iziston hududida bir necha o‘n ming tojiklar yashaydigan Vorux anklavi, shuningdek, SSSR vaqtida qurilgan va atrofdagi hududlarni suv bilan ta'minlab kelayotgan ulkan suv ombori joylashgan.

Tojikistondagilar qirg‘iz hukumati suvni adolatli taqsimlayotganiga shubha qiladi. Qishloq xo‘jaligi ishlari boshlangan bahor va yozda suv iste'moli o‘n karra oshadi, natijada qo‘shnilar o‘rtasidagi ziddiyat kuchayadi.

Ammo bu safargi nizo tojikistonliklar «Bosh» suv taqsimlash punkti yaqinida suv taqsimotini nazorat qilish maqsadida kuzatuv kameralari o‘rnatishi tufayli ro‘y berdi. Qirg‘iziston tomoni vakillari bundan g‘azabga minishdi va ustunlarni kesishga kirishdi. Shundan so‘ng dahanaki jang boshlandi, tomonlar bir-biriga toshlar ota boshladi, ko‘p o‘tmay o‘q ovozlari ham eshitildi.

Odatdagidek, ziddiyatga ikki tomon harbiylari ham qo‘shildi - qirg‘iz tomoni bayonotiga ko‘ra, tojikistonlik chegarachilar minomyotlar ham qo‘llagan. Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, 50dan oshiq kishi shifoxonaga yotqizilgan, 3 kishi vafot etgan. Vafot etganlardan biri Laylak tumanida yashagan 13 yoshli qiz edi. Tojikiston 31 kishi jarohatlangani va uch kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan.

Muhim jihatlar
Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi umumiy chegara uzunligi 972 kilometrni tashkil etadi, shuning 451 kilometri demarkatsiya qilinmagan holda qolmoqda. Bu 70dan ortiq bahsli hududlar deganidir.

Bahsli hududlar ikki mamlakat chegarasining taxminan 30 foizini tashkil etadi va bu hududlar eng qaynoq nuqtalar hisoblanadi.

Chegara chizig‘i qat'iy belgilanmagan va ko‘p hollarda yo‘llar bo‘ylab yoki aholi punktlari atrofi bo‘ylab o‘tadi. Odatda davlatlar o‘rtasidagi chegara qayerda joylashganini aniqlashning iloji yo‘q, bu esa mahalliy aholi suv, yaylovlar va yo‘llardan foydalanishida muammolarni keltirib chiqaradi.

Ziddiyatlar ssenariysi deyarli doim bir xil: maishiy janjal harbiy kuchlar jalb etiladigan chegara nizosiga aylanib ketadi, aholi evakuatsiya qilinadi va norozilik notalari almashinadi. Yakunda tomonlar keyingi to‘qnashuvga qadar bir-birini ayblash bilan to‘xtashadi. Odatda ziddiyat manbayi suv, chegara bo‘ylab o‘tgan yo‘llar, qurilishlar yoki bahsli hududdagi har qanday harakat bo‘ladi. Bunday janjallardan siyosiy maqsadlarda ham foydalanib turishadi.

Hozirda chegaralarni dilimitatsiya qilish Bishkek va Dushanbe muzokaralarining asosiy mavzusi bo‘lib turibdi.

Porox bochkasi: chegarada istalgan vaqtda urush kelib chiqishi mumkin

Kaktus.media so‘nggi yillarda davlat chegaralarining bu uchastkalarida qanday voqealar bo‘lib o‘tganini eslagan.

Chegarada ziddiyatlar va mayda to‘qnashuvlar deyarli har oyda bo‘lib turadi, quyida ular orasidan nisbatan jiddiyroq to‘qnashuvlar saralangan.

2014 yil, yanvar
So‘nggi yetti yillikdagi eng yirik ziddiyat 2014 yilning 11 yanvarida qayd etilgan. O‘shanda Botken tumanidagi suv taqsimlash punktida Qirg‘iziston va Tojikiston chegarachilari o‘rtasida otishma ro‘y bergan. Hodisa bugun bo‘lgani kabi Ko‘k-Tosh qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Bunga qirg‘izlar tojiklarning Vorux anklavini aylanib o‘tish uchun qurmoqchi bo‘lgan Ko‘k-Tosh – Oq-Soy yo‘li sabab bo‘lgandi. Tojikiston tomoni yo‘l ularning hududidan o‘tganini ta'kidlagan, Qirg‘iziston hukumati esa ishlar kelishilgan chegara chizig‘idan bir necha kilometr narida amalga oshirilayotganini bildirgan. Ziddiyat davomida olti nafar qirg‘izistonlik va ikki nafar tojikistonlik harbiy xizmatchi yaralangan. O‘shanda barcha chegara-o‘tkazuv punktlari yopib qo‘yilgan. Faqat 28 yanvarga kelib vaziyat to‘liq barqarorlashgan.

2015 yil, aprel
30 aprel kuni Botken tumanining Qora-Bog‘ qishlog‘iga Tojikistonning 7 nafar fuqarosi keladi, ular Qirg‘iziston fuqarosidan noqonuniy ravishda 180 kilogramm miqdordagi simob sotib olmoqchi bo‘lib, Qirg‘iziston hududiga noqonuniy ravishda kirgan. Qirg‘izistonlik chegarachilar payqab qolganida ikki nafar tojikistonlik o‘zi bilan ikki qirg‘izistonlikni garovga olib, simob yashiklari yuklangan mashinada qochgan va Tojikiston hududiga yashirinadi. Qirg‘izistonlik chegarachilar qolgan tojikistonliklarni qo‘lga oladi, ulardan uch nafari Tojikiston Respublikasi giyohvand moddalar nazorati agentligining zobitlari bo‘lib chiqadi. Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralardan keyin fuqarolar almashinadi.

2015 yil, iyul
6 iyul kuni Botken viloyatining Qocho-Qorin qishlog‘i hududidan o‘tgan chegarada qurol qo‘llanishi oqibatida Tojikistonning 18 yoshli fuqarosi halok bo‘ladi. Qirg‘iziston davlat chegara xizmati ma'lumotiga ko‘ra, hodisa qo‘shni respublika fuqarosining bezorilik harakatlari oqibatida yuz bergan. «Tojikistonlik bizning chegarachimizga qo‘l ko‘tarib, uni bo‘g‘a boshlagan va qurolini tortib olishga harakat qilgan, natijada o‘q uzilgan», deyilgandi viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi ma'lumotida. Bu ziddiyat ikki tomon harbiylari o‘rtasidagi nizo darajasiga yetmagan, tezda vaziyat barqarorlashgan.

2016 yil, noyabr
Navbatdagi ziddiyat 2016 yilning 28 noyabrida ro‘y bergan. O‘shanda Botken tumanining Samarqandek qishlog‘i hududida o‘q ovozlari eshitiladi. Qirg‘iziston chegara xizmati ma'lumotiga ko‘ra, Tojikiston chegarachilari naryadi hech qanday asossiz havoga uch marta ogohlantiruvchi o‘q uzgan. Bunga javoban qirg‘izistonliklar ham havoga o‘q uzishgan. Tojikiston tomoni versiyasi esa mutlaqo boshqacha edi. Unga ko‘ra, qirg‘izistonlik chegarachilar naryadi o‘z hududida avtomashinani to‘xtatishgan. Tushunarsiz sababga ko‘ra, o‘rtada bahs yuz bergan va avtomashina Qirg‘iziston ichkarisiga yashirinmoqchi bo‘lgan. Qirg‘izistonlik chegarachilar 16 marta o‘q uzishgan. Ularning o‘q ovozlarini eshitganidan keyin tojikistonliklar uch marta ogohlantiruvchi o‘q uzishgan. Bu ziddiyat insonlar o‘limisiz yakunlangan.

2018 yil, aprel
2018 yilda ham chegara hududida bir necha to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. 3 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken oblasti Botken tumanining Uch-Dobo qishlog‘i va Tojikistonning Isfara tumani Xo‘ja-A'lo qishlog‘i aholisi o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan. Qishloqda yashovchi ayol bahsli hududda devor tiklashga uringan, holbuki bu hududda har qanday xo‘jalik ishi bilan shug‘ullanish taqiqlangandi. Bu ayol esa taqiqlarga ko‘z yumgan holda ishni davom ettirgan, bu esa Tojikiston fuqarolarining jahlini chiqargan. Avvaliga dahanaki tortishuv bilan boshlangan bahsga ikki tomondan o‘nlab kishilar qo‘shilgan va tomonlar bir-birini toshbo‘ron qilgan. Ziddiyatga o‘sha kunning o‘zida barham berilgan.

2018 yil, iyun
Qirg‘iziston davlat chegara xizmati ma'lumotiga ko‘ra, 4 iyun kuni tojikistonlik harbiylar «Futbolnoye pole» uchastkasida savdo qilayotgan qirg‘izistonlikni haydab yuborishadi. Qirg‘iziston chegarachilarining tasdiqlashicha, tojikistonlik harbiylar qirg‘izistonlik chegarachilarning talablarini bajarishdan bosh tortib, o‘zlarini juda agressiv tutishgan, mushtlashuv keltirib chiqarishgan va natijada havoga ogohlantiruvchi o‘qlar uzilgan, keyin esa qirg‘izistonlik chegarachilar ularni qo‘lga olishgan. «Ozodlik» radiosi ma'lumotiga ko‘ra, o‘shanda uch nafar tojik chegarachisi qo‘lga olingandi. Ammo ko‘p o‘tmay ziddiyat bartaraf etilgan va qo‘lga olinganlar Tojikiston tomonga qaytarilgan.

2018 yil, iyul
20 iyul kuni Tojikistonning Vorux anklavi hududidan o‘tuvchi Kishemish - Oq-Soy tranzit yo‘lida Tojikiston chegarachilari Qirg‘izistonning ikki harbiysi va yana ikki fuqarosini qo‘lga olishgan. Qo‘lga olish chog‘ida tojikistonlik chegarachilar o‘zlarini agressiv tutishgan va qirg‘izistonlik chegarachilardan biriga tan jarohati yetkazgan. Muzokaralardan so‘ng qo‘lga olinganlar qo‘yib yuborilgan, Tojikiston tomoni uzr so‘ragan.

2019 yil, mart
Ziddiyat Oq-Soy - Tomdik yo‘l qurilishi tufayli kelib chiqqan. Tomonlar bir-biriga toshlar otishgan, qirg‘izistonliklarning avtomobillari va uylariga o‘t qo‘yilgan. To‘qnashuvlar chog‘ida uch nafar qirg‘izistonlik jarohat olgan, Tojikiston tomoni ham to‘rt fuqarosi jarohatlangani haqida xabar bergan. Chegaradagi vaziyat prezidentlar darajasida muhokama qilingan. Kichik to‘qnashuvlar yana bir necha hafta davom etgan.

2019 yil, iyul
Chegaradagi qirg‘iz qishlog‘i Oq-Soy va tojiklarning Vorux anklavi o‘rtasidagi chegarada tojikistonliklar bahsli hududga flagshtok o‘rnatmoqchi bo‘lganida qirg‘izistonliklar ularga xalal berishadi va qurollar ishga tushadi. Jami besh nafar qirg‘izistonlik jarohatlangan. Tojikiston tomoni esa bir fuqarosi halok bo‘lgani va besh tojikistonlik jarohat olgani haqida ma'lum qilgan. Ish aholini evakuatsiya qilishgacha borib yetgan.

2019 yil, sentabr
Qirg‘iz-tojik davlat chegarasi uchastkasida qurol qo‘llangan navbatdagi hodisa ro‘y berdi. Qirg‘iziston tomoni ma'lumotiga ko‘ra, Tojikiston tomoni birinchi bo‘lib qurol ishlatgan va qirg‘izlarning «Maksat» chegara postini o‘qqa tutgan, keyin Botken viloyatidagi Laylak tumanida vaqtinchalik tiklangan «Soy» chegara posti tomonga o‘q uzilgan. Otishmalar chog‘ida qirg‘izistonlik chegarachilardan bir nafari halok bo‘lib, 13 kishi jarohatlangan. Tojikiston nashrlari tojik chegarachilari uch qurbon bergani va besh kishi jarohatlangani haqida xabar bergan.

2020 yil, yanvar
Qirg‘iziston Respublikasi chegara xizmati ma'lumotiga ko‘ra, 10 yanvarga o‘tar kechasi Botken tumani Jaka-Oruk qishlog‘ida noma'lum shaxslar Qirg‘iziston fuqarosining avtomobilini toshbo‘ron qilgan va Tojikiston hududiga yashiringan. Tojik nashrlari esa, aksincha, ularning fuqarosiga hujum qilingani haqida xabar tarqatgan. Natijada tomonlar bir-biriga o‘t ochgan, Qirg‘iziston o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilgan. Vaziyat davlat rahbarlari darajasida muhokama qilingan.

2020 yil, may
8 may kuni qirg‘iz-tojik chegarasida, Botken viloyatining Chek qishlog‘ida Chek uchastkasidagi 50 sotix yerdan foydalanish masalasida nizo kelib chiqadi. Tojik chegarachilari qirg‘izistonliklarni minomyotlardan o‘qqa tutgan. Otishmada to‘rt nafar qirg‘izistonlik yaralangan.

2021 yil, aprel
24 aprel kuni Laylak tumanidagi qishloqlardan biri aholisi ikki yigit o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar berdi. Ular Tojikiston tomonga olib ketilgani ma'lum bo‘ldi. Mahalliy rahbarlar ishtirokidagi muzokaralardan keyin ularni oilasiga qaytarishdi. Qirg‘iziston TIV Tojikistonga bunday harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida nota yuborgan.

Mavzuga oid